Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Vena va limfa tomirlari kasalliklari

Anatomik-fiziologik xususiyatlari

Oyoqlarda yuzaki, chuqur hamda komunikant (perforant) venalar tafovut qilinadi. Yuzaki venalar katta va kichik teri osti venalaridan iborat. Katta teri osti venasi oyoq panjasining medial chekka venasidan boshlanib, boldir va sonning medial yuzasi bo’ylab ko’tarilib, oval teshik orqali son venasiga quyiladi. Katta teri osti venasining son venasiga quyilish joyida uning bir necha tarmoqlari (v. pubenda externa, v. epigastrica superficialis, v. circumflexa ileum superficialis, vv. saphena accessoria medialis et lateralis) mavjud

Kichik teri osti venasi oyoq panjasi lateral chekka venasining davomi hisoblanadi va taqim osti sohasida taqim osti venasiga quyiladi. Katta va kichik teri osti venalari o’rtasida ko’p sonli anastomozlar bo’ladi.

Oyoqlarning chuqur venalari shu nomdagi arteriyalar bilan birga o’tadigan juft venalardan tashkil topgan bo’lib, oldingi va orqa katta boldir venalari qo’shilgach, taqim osti venasini hosil qiladi. Taqim osti venasi son venasiga davom etib, pupart boylami sathida tashqi yonbosh venaga o’tadi, u esa ichki yonbosh venasi bilan qo’shilib umumiy yonbosh venasini hosil kiladi. Yuzaki va chuqur venalar orasidagi aloqani komunikant venalar amalga oshiradi.

Venoz klapanlar odatda qonning yuzaki va chuqur venalari bo’ylab retrograd (ortga, teskari) oqishiga, komunikant venalarda esa, chuqur venalardan yuzaki venalarga retrograd oqishiga to’sqinlik qiladi.

Venoz qon oqimi quyidagi omillarga ko’ra amalga oshiriladi:

  1. Qon kapillyarlar orqali o’tgandan keyingi “qoldiq bosim”.
  2. Boldir va sonning “mushak-venoz nasosi” ishi (“venoz yurak” deb ham ataladi).
  3. Yondosh yotgan arteriyalar pulsatsiyasi.
  4. Diastola vaqtida yurakning so’rib oladigan ta’siri.
  5. Nafas olish vaqtida ko’krak qafasidagi manfiy bosim.

Odatda oyoqlar va qo’llardan qonning 80-90% gacha qismi chuqur venalar bo’ylab oqib o’tadi.

Venalarning klapan etishmovchiligini aniqlash

Oyoq yuzaki venalari ostial klapani etishmovchiligini aniqlash uchun Troyanov-Trendelenburg va Gakkenbrux sinamalarini o’tkazish lozim bo’ladi.

Troyanov-Trendelenburg sinamasi. Bemor gorizontal vaziyatda yotib oyog’ini yuqoriga ko’taradi. Yuzaki venalar bo’shaganidan so’ng, katta teri osti venasining son venasiga quyiladigan joyi topilib, barmoq bilan bosiladi va barmoqni olmasdan turib bemorning o’rnidan turishi so’raladi. Bu sinamani bajarishda, barmoq bilan bosmasdan jgut qo’ysa ham bo’ladi. Odatda katta teri osti venasi bo’shaydi, 20-30 sekund o’tgach venalar pastdan yuqoriga qarab qon bilan to’la boshlaydi. Agar ostial klapani etishmovchiligi bo’lsa, barmoq olingandan (yoki jgut echilgandan) keyin, venalar tezda yuqoridan pastga qarab qon bilan to’ladi. Troyanov-Trendelenburg sinamasi musbat bo’lgani, katta teri osti venasining klapanlari etishmovchiligidan darak beradi. 

Gakkenbrux sinamasi (yo’tal turtkisi). Bu sinamada, bemor yo’talganda katta teri osti venasi son venasiga quyiladigan joyga qo’yilgan barmoqlar turtkini sezadi. Gakkenbrux sinamasining musbatligi – katta teri osti venasi ostial klapanidagi etishmovchilikni ko’rsatadi.

Chuqur venalarning o’tkazuvchanligi Delbe-Pertes “marsh” sinamasi va Pratt-1 sinamasi orqali tekshiriladi.

Delbe-Pertesning “marsh” sinamasini o’tkazish uchun bemor tik holatda turganida songa, faqat yuzaki venalarni bosib turuvchi bog’lam qo’yiladi. Bemordan 5 daqiqa yurish yoki bir joyda turib odimlash (“marsh” qilish) talab etiladi. Bunda teri osti venalarining puchayishi kuzatiladi va bu chuqur venalarning o’tkazuvchanligidan dalolat beradi. Yurishdan keyin venalarning bo’rtishi va boldir sohasida og’riq paydo bo’lishi, chuqur venalarda to’siq borligidan yoki jgutdan pastdagi komunikant venalarning ishlamasligidan dalolat beradi.

Pratt-1 sinamasi. Boldir aylanasiga o’lchangandan keyin bemor chalqancha yotqiziladi va venalar bo’shalgandan so’ng, oyoqqa teri osti venalarini bosib turadigan elastik bint bog’lanib, 10 minut yurish taklif etiladi. Og’riqning paydo bo’lishi chuqur venalar zararlanganini ko’rsatadi. Takror tekshiruvda boldir aylanasi o’lchamining ortishi – chuqur venalarning o’tkazuvchan emasligini ko’rsatadi. 

Komunikant venalar klapanlarining holati haqida tushunchani Pratt-2 sinamasi, uch jgutli Sheynis sinamasi va Talman sinamasi beradi.

Pratt-2 sinamasi. Yotgan holatda teri osti venalari bo’shatilgandan so’ng oyoq panjasidan boshlab elastik bint bog’lanadi. Songa pupart boylami ustiga jgut bog’lanadi. O’rindan turish taklif qilinadi. Jgut ostiga ikkinchi elastik bint bog’lanadi. So’ngra pastdagi bint o’ram-o’ram qilib echiladi, yuqoridagi bintni esa oyoqqa bintlar orasida 5-6 sm ochiq joy qoladigan qilib pastga o’raladi. Bintlardan ozod bo’lgan uchastkada venalarning tez to’lishi bu erda ishlamaydigan klapanlari bo’lgan komunikant venalar borligini ko’rsatadi. Ularga ko’k dori surtib belgilab qo’yiladi.

Sheynisning uchta jgutli sinamasi. Teri osti venalari bo’shatilgandan keyin bemorga yotgan holatida: sonning yuqori uchdan bir qismiga, son o’rtasiga va tizzadan pastga uchta jgut qo’yiladi. O’rindan tik turish taklif qilinadi. Oyoqning jgutlar bilan chegaralangan biror qismida venalarning tez bo’rtib chiqishi shu sohada klapanlari ishlamaydigan komunikant venalar borligidan dalolat beradi. 

Talman sinamasi. Uchta jgut o’rniga yumshoq rezina naychadan yasalgan bitta uzun (2-3 m) jgut ishlatiladi. Uni oyoqqa pastdan yuqoriga spiral qilib bog’lanadi. Jgut o’ramlari orasida 5-6 sm masofa qolishi kerak. Oyoqning jgutlar bilan chegaralangan biror kesigida venalarning tez bo’rtib chiqishi shu uchastkada klapanlari ishlamaydigan komunikant venalar borligidan dalolat beradi.

Venalarni tekshirishning maxsus instrumental usullari

  1. Funktsional-dinamik flebomanometriya. Boldirga elastik bint solinadi, oyoq panjasi lateral tomonidagi venalardan birini punktsiya qilinib elektromanometr bilan ulanadi. Venoz bosimni oyoq mushaklari tarang qilingandan (Valsalva sinamasi) va mushak ishidan (10-12 marta turib o’tirilgandan) keyin bosimi o’lchanadi. Chuqur venalar o’tkazuvchanligida Valsalva sinamasida bosim 10-15 mm suv ustiniga ko’tariladi, sistolik (mushaklar qisqarganda) va diastolik (mushaklar bo’shashtirilganda) bosim 45- 50 mm suv ustiniga oshadi, sistola-diastola gradienti birmuncha kamayadi. Mushak ishidan keyin bosim asta-sekin dastlabki darajasiga qaytadi.
  2. Teri elektrotermometriyasi – qo’shimcha usul. Varikoz venalar va tugunlar ustidagi teri haroratining 0,3-0,5°ga yuqoriligi oyoqni osiltirib o’tirishda haroratning farqi katta bo’lishi qayd qilingan.
  3. Termografiya birmuncha kulrang fonda oqish uchastkalar ko’rinishidagi kengaygan venalarni aniqlab beradi.
  4. Ultratovush dopplerografiyasi. Bu tekshiruv orqali oyoq venalari qon o’tkazuvchanligi, qon oqimi tezligi, klapanlar etishmovchiligi va regionar qon bosimi aniqlanadi.
  5. Ultratovush angioskanerlash (ultratovush dupleks tekshiruvi). Bu tekshiruv orqali oyoq venalarini holati, o’lchami, o’tkazuvchanligi, klapanlar holati va etishmovchiligi, qon oqimi tezligi va hajmi, varikoz kengaygan venalar holati, ichida tromb bor yoki yo’qligi, trombning dinamikada o’sish darajasi kabi ma’lumotlarni aniqlash mumkin. Bu tekshiruv usuli noinvazivligi va tekshiruvni ko’p marta takrorlash mumkinligi tufayli hozirgi kunga kelib angiologiyada eng yaxshi ma’lumot beruvchi tekshiruv usuliga aylandi.
  6. Flebografiya funktsional sinamalar chuqur venalarning o’tkazuvchanligi va komunikant venalarning holati to’g’risida aniq tasavvur bermagan hollarda qo’llaniladi. Kontrast modda vena ichiga yuboriladi. Distal va proksimal flebografiya qo’llaniladi.

Distal flebografiyada kontrast modda (ultravist, omnipak, verografin, va b.) oyoq panjasi lateral tomonidagi venalarning biriga yoki medial chekka venaga yuboriladi. Tekshirish bemorning vertikal vaziyatida funktsional sinamalardan foydalanib (funktsional-dinamik flebografiya) o’tkaziladi. Seriyali angiografiya qo’llaniladi: birinchi suratni in’ektsiya qilingan zahoti (tinchlik fazasi), ikkinchisini bemor oyoq uchida ko’tarilgan vaqtda (mushak tarangligi fazasi), uchinchisi – oyoq uchini bosib 10-12 marta turib o’tirilgandan keyin (relaksatsiya fazasi) olinadi. Flebogrammalarda chuqur venalarning o’tkazuvchanligi aniqlanadi, kontrastniig tutilib qolishidan esa ishlamay qolgan komunikant venalarning u erda joylashganini aniq bilib olishga muvaffaq bo’linadi.

Proksimal flebografiyada kontrast modda son venasiga katta teri osti venasini Seldinger bo’yicha punktsiya qilish va kateterlash yo’li bilan yuboriladi. Son venasi klapan apparatining holati va yonbosh venalarning o’tkazuvchanligi aniqlanadi.

Venalarda qon bosimi oshishi va venoz dimlanish yuzaki venalar, keyinroq komunikant venalarning klapan etishmovchiligiga, bu esa o’z navbatida mushaklar qisqarganda qonning chuqur venalardan yuzaki venalarga oqib kelishiga olib keladi. Arteriola-venulyar anastomozlar ochiladi, kapillyarlardagi qon oqimi pasayadi, staz rivojlanadi. Perikapillyar bo’shliqda ko’p miqdorda suyuqlik, elektrolitlar, qonning shaklli elementlari, plazma oqsili to’planadi. Terida va teri osti kletchatkasida biriktiruvchi to’qima rivojlanadi, mayda tomirlar va kapillyarlar devorida gialinoz va skleroz rivojlanadi, to’qimalarda almashinuv jarayonlari buziladi. Klinik jihatdan bu shishlar va trofik buzilishlar (terida pigmentatsiya, dermatit, ekzema, yaralar) bilan namoyon bo’ladi. 

Klassifikatsiyasi

Anatomik shakllari bo’yicha: magistral, sochma, aralash.
Tarqalishi bo’yicha: chegaralangan, generalizatsiyalashgan, o’tib ketadigan.

Klinik klassifikatsiyasi:

  1. oddiy (asoratlanmagan) turi, 40 yoshgacha uchraydi va hamma hollarning 18% ni tashkil qiladi.
  2. asoratlangan turi, aksariyat 50 yoshdan keyin uchraydi va hamma hollarning 32% ni tashkil etadi.

Asoratlari: ekzemalar, piodermiyalar, trofik yaralar, tromboflebitlar, varikoz venalardan qon oqishi.

Kasallikning bosqichlari bo’yicha: Kompensatsiyalangan, subkompensatsiyalangan va dekompensatsiyalangan.

Qonning chuqur venalardan yuzaki venalarga o’tish darajasiga ko’ra varikoz kasallikning turlari (V.S. Savelev bo’yicha, 2000):

  1. Yuqori veno-venoz qon reflyuksi bilan o’tadigan varikoz kasalligi (teri osti venasi ostial klapani etishmovchiligida).
  2. Past veno-venoz qon reflyuksi bilan o’tadigan varikoz kasalligi (komunikant venalari etishmovchiligida).
  3. Veno-venoz aralash qon reflyuksi bilan o’tadigan varikoz kasalligi.

Rossiya flebologlarining 2000 yili o’tkazilgan yig’ilishida varikoz kasalligining surunkali venoz etishmovchiligi (SVE) darajasi, varikoz kasalligi turlari va asoratlariga asoslangan yangi klassifikatsiyasi taklif qilindi:

Varikoz kasalligining surunkali venoz etishmovchiligi (SVE) darajasi, varikoz kasalligi turlari va asoratlariga asoslangan klassifikatsiyasi

Klinik manzarasi va diagnostikasi

Chap oyoq o’ng oyoqdan ko’ra ko’proq zararlanadi, ikki tomonlama zararlanish 35-43% xollarda uchraydi. Bemorlarning 75-80%da katta teri osti venasi, 5-10% kichik teri osti venasi zararlanadi, bemorlarning 7-10% patologik jarayonga ikkala vena tortiladi. Kasallikning klinik manzarasi uning bosqichlariga, asoratlari bor-yo’qligiga ko’ra turli-tuman bo’ladi. Kasallikning kechishida latent faza, kompensatsiya, subkompensatsiya va dekompensatsiya bosqichlari farq qilinadi.

Venoz qon aylanish kompensatsiyasida bemorlar tik turilganda ro’y-rost ko’rinadigan va egri-bugri yo’llar, tugunlar, bo’rtib chiqqan chigallar ko’rinishidagi kengaygan venalar borligidan shikoyat qiladilar. Bemorlarni oyoqning o’rta darajada og’irlashishi, to’laligi, vertikal holatda charchab qolishi bezovta qiladi. Oyoqda shishlar yo’q yoki kechga tomon paydo bo’ladi va dam olingandan so’ng yo’qoladi. Bemorlar mexnatga layoqatli bo’ladilar.

Subkompensatsiya bosqichida oyoq tez charchaydi, shishganday sezgi paydo bo’ladi, og’ir tortadi, pastki mushaklar tortishadi, terisi qichishadi, paresteziya, boldir va oyoq panjasida shish paydo bo’ladi. Shishlar kechga tomon yoki uzoq vaqt oyoqda turilganda paydo bo’ladi. Tungi dam olishdan keyin ertalab ular yo’qoladi, biroq dam olishdan so’ng hamisha yo’qolavermaydi. Ichki to’piq ustida tsianoz va teri pigmentatsiyasi paydo bo’ladi.

Dekompensatsiya bosqichida doimiy shish, uvishib qolish, zararlangan tomonda qichishish paydo bo’ladi. Boldir yug’on tortadi, tsianozga uchraydi, shishadi. Shishlar tez ketmaydi, tungi uyqudan so’ng yo’qolmaydi. To’qimalarning trofik buzilishlari, dermatitlar, skleroz, teri osti kletchatkasi induratsiyasi qo’shiladi. Varikoz kasallik asoratlari: trofik yaralar, tromboflebitlar, varikoz kengaygan venalardan qon ketishi, ikkilamchi limfedema, ekzema qo’shiladi.

Trofik yaralar odatda yakka, ba’zan ko’p sonli bo’ladi, boldir uchdan bir pastki qismining ichki yuzasida joylashadi. Yaralar yassi, ularning tubi silliq chetlari notekis shaklda, ajralma kam chiqadi.

Varikoflebit – varikoz venalar kengayishi tromboflebitida venalar yo’li bo’ylab qattiqlashishi, og’riydigan zich tugunlar paydo bo’lishi, qizarishi va yurish qiyinlashuvi hamda umumiy va mahalliy harorat ko’tarilishi kabi belgilar paydo bo’lishi bilan rivojlanadi.

Venalarning varikoz kengayishidan qon ketishi – yupqalashib va teri bilan birikib ketgan vena arzimas darajada shikastlanganda yuz beradi. Shikastlangan vena distal qismiga bosuvchi bog’lam yoki jgut yordamida qon ketishini osongina to’xtatish mumkin.

Qiyosiy tashxis posttromboflebitik sindromi, yuzaki venalarning ikkilamchi kompensator varikoz kengayishi, venalarning tug’ma kasalliklari (Parks-Veber- Rubashev va Klippel-Trenone sindromi) bilan o’tkazish lozim. 

Davolash

Konservativ muolaja, sklerozlovchi davo va jarrohlik amaliyotlari usullari qo’llaniladi. Bemorni konservativ davolash kasallikdan holi qilmaydi, balki asoratlarining oldini oladi, zo’rayib ketishdan saqlaydi. Uni operatsiyaga monelik qiladigan hollar bo’lganda qo’llash mumkin. Konservativ davo kompleksiga elastik paypoq kiyish, oyoqni elastik bintlash, davolash fizkulturasi, bemorlarni engil ishga o’tkazish, og’ir yuk ko’tarmaslik va uzoq vaqt tik oyoqda turmaslik kiradi.

Sklerozlovchi davo kasallikning boshlang’ich bosqichida kengaygan venalarning ayrim tugunlari yoki qismlarini obliteratsiya qilish uchun qo’llaniladi. Bunda varikoz tugunlarga yoki kengaygan venalarga sklerozlaydigan eritmalar (etoksisklerol, fibro-veyn, trombovar va b.) yuboriladi. In’ektsiya qilinadigan joy doka sharcha bilan artiladi va dori yuboriladi, sungra oyoqqa elastik bint bog’lanadi. Bemorga 2-3 soatgacha yurish taklif qilinadi.

Xirurgik davo varikoz kasallikni davolashning birdan-bir radikal usuli hisoblanadi. Og’ir yurak, o’pka, jigar va buyrak xastaliklarida, xomiladorlik davrida, keksa odamlarda va yiringli kasalliklar bo’lganda uni o’tkazib bo’lmaydi. Operatsiya katta teri osti venasini va uning tarmoqlarini son venasiga quyiladigan joyidan bog’lash (Troyanov-Trendelenburg operatsiyasi yoki krossektomiya), katta teri osti venasini Bebkokk bo’yicha olib tashlashdan iborat, buning uchun Bebkokk yoki Grizendi zondi qo’llaniladi

Venalarning juda buralib ketgan uchastkalari Narat bo’yicha kichikroq kesmalar orqali olib tashlanadi.

Ishlamay qolgan komunikant venalar bo’lganda bu venalarni albatta bog’lab qo’yish kerak. Operatsiya boldirning ichki yuzasi bo’ylab 12-15 sm uzunlikda kesib komunikant venalarni bog’lashdan iborat.

Trofik o’zgarishlar bo’lmaganda komunikant venalar fastsiya ustidan (Kokket bo’yicha), teri va teri osti kletchatkasi trofik o’zgarishlarga uchraganda esa fastsiya ostidan Linton bo’yicha bog’lanadi.

Mayda teri osti venalarining olib tashlanmagan uchastkalari teri orqali ketgut bilan (Shede-Koxer, Sokolov bo’yicha) qo’shimcha tikiladi. 

Xozirgi vaqtda endoskopik xirurgiyani avj olib rivojlanishi SVEda, komunikant venalar etishmovchiligida, ayniqsa trofik yaralar kuchli rivojlanganda endoskopik usulda perforant venalarni bog’lash katta ahamiyatli davolash usuli hisoblanadi.

Amaliyotdan keyingi davrda bemorlarga elastik bintlash yoki elastik paypoqlar kiyish, dezagregantlar, fleboprotektorlar va davolash mashqlari tavsiya etiladi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari

Koronar arteriyalarning anatomiyasi