Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Aorta ravog'i okklyuzion kasalliklari

Takayasu sindromi degan nom ostida braxiotsefal arteriyalarni toraytiradigan yoki tutilib qolishini keltirib chiqaradigan va bosh miya hamda qo’llar ishemiyasiga olib keladigan har xil etiologiyali kasalliklar guruxi birlashtiriladi.

Yapon oftalmologi Takayasu 1908 yilda yosh ayollarda ko’z to’rsimon pardasi arteriyasining zararlanishi va qo’lda puls yo’qligi bilan ta’riflanadigan tomirlar kasalligini tasvirladi. Adabiyotda bu sindrom kashfiyotchi sharafiga Takayasu deb ataldi. Bu patologiya adabiyotda boshqa nomlar bilan ham yuritiladi, ulardan eng keng tarqalgani «aorta ravog’i sindromi», «puls yo’qligi kasalligi», «Martorelle sindromi», «yosh ayollar arteriiti», «Gigant xo’jayrali arteriit», «Takayasu sindromi» va boshqalardir.

Bu kasallikning anchagina tarqalganligi va prognozining yomonligi, miya insultiga va davolash usullariga oid qarashlarning qayta ko’rib chiqilishi munosabati bilan uning klinik ahamiyati etarlicha muximdir. Ishemik insult paydo bo’ladigan bemorlarning taxminan yarmida bosh miyani ta’minlaydigan kalla suyagidan tashqaridagi arteriyalarda zararlanishlar bo’ladi. Aterosklerozda bosh miyaning ishemik zararlanishlari faqat arterial okklyuziyasi yoki stenozi sababli emas, balki tserebral arteriyalarning aterosklerotik pilakchadan mikroemboliyasi natijasida ham rivojlanadi.

Etiologiyasi va patogenezi

Braxiotsefal arteriyalar tutilib qolishni keltirib chiqaradigan etiologik omillar bir necha guruxlarga bo’linishi mumkin:

  1. Arteriyalarning obliteratsiya qiladigan kasalliklari:
    • ateroskleroz;
    • nospetsifik aorto-arteriit;
    • obliteratsiyalovchi trombangit;
    • chakka arteriiti.
  2. Aorta ravog’i anevrizmalari braxiotsefal arteriyalarning ikkilamchi torayishi bilan:
    • aterosklerotik;
    • zaxmli;
    • qatlamlanadigan anevrizmalar.
  3. Aorta ravog’i tarmoqlarining rivojlanish nuqsonlari:
    • arteriyalarning patologik egri-bugriligi, og’izning surilish nuqsonlari;
    • arteriyalarning patologik egri-bugriligi, qovuzloqlar hosil qilish va angulyatsiyasi;
    • aorta ravog’i tarmoqlari nuqsonlari.
  4. Arteriyalar kompressiyasining ekstravazal omillari. Ateroskleroz ishemik sindromning eng ko’p sababchisi hisoblanadi, bemorlarning taxminan 2/3 qismida aterosklerotik kelib chiqadigan braxiotsefal arteriyalarning zararlanishi bo’ladi. Erkaklar ayollarga nisbatan 4 baravar ko’proq zararlanadi. Aterosklerozning muhim xususiyati shundaki, bosh miyaning kalla suyagidan tashqaridagi arteriyalarining zararlanishi intrakranial arteriyalarga qaraganda 5 marta ko’proq uchraydi.

Uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi va ichki uyqu arteriyasining boshlang’ich segmenti aterosklerotik pilakcha rivojlanadigan joy hisoblanadi. Ikkala uyqu arteriyasi bir xilda ko’p zararlanadi. Aksariyat patologik jarayonga o’mrov osti arteriyalari ham qo’shiladi, bunda chap arteriyasi o’ng arteriyasiga nisbatan 3 baravar ko’proq zararlanadi. Ko’pincha bemorlarda aorta ravog’i tarmoqlarining ko’p sonli zararlanishlari aniqlanadi.

Nospetsifik aorto-arteriit braxiotsefal tomirlar zararlanishining sabablari orasida ikkinchi o’rinda turadi. Aorto-arteriit uchun stenozlangan qismning birmuncha uzunligi xos. Aorto-arteriitning taxminan 75% hillarida aorta ravog’i tarmoqlarining ko’p sonli zararlanishlari kuzatiladi. Bu kasallik bilan aksariyat 30-40 yoshdagi odamlar, ko’proq ayollar (4:1) kasallanadilar.

Braxiotsefal tomirlarning normal o’tkazuvchanligini buzadigan uchinchi sabab – ekstravazal kompressiya hisoblanadi. Umurtqa arteriyasi og’zi surilganda, buralganda yoki oldingi zinapoyasimon muskul bilan bosilganda (umurtqa arteriyasi anomal chiqqanda) umurtqa arteriyasi bo’ylab qon oqimi kamayishi mumkin. Umurtqa arteriyalarining suyak kanalida stenozlanishi bo’yin osteoxondrozi rivojlanganda, osteofitlar, o’smalar tomonidan bosilganda ro’y berishi mumkin.

Braxiotsefal arteriyalarning patologik egri-bugriligi arteriyaning uzayishi va keskin diviatsiyasi, shu joylarda buralish va o’tkazuvchanlik buzilishi sodir bo’lishi bilan ta’riflanadi. Qon oqimi izdan chiqishiga olib keladigan boshqa kasalliklar orasida kamdan-kam uchraydigan zaxm arteriitini qayd qilib o’tish kerak. Miya qon aylanishining buzilishlari yuqori arterial gipertenziya fonida rivojlana oladigan ichki uyqu arteriyasi anevrizmasiga bog’liq bo’lishi mumkin.

Klinikasi

Bu kasallikning klinik belgilari muayyan arteriyadagi okklyuziyaning joylashuviga va xarakteriga, izdan chiqqan magistral qon oqimining kompensatsiyasi bosqichiga bog’liq. Kasallikning patologik jarayonning topikasini va xarakterini aks ettiradigan klinik formalari (simptomlari) davolash usulini tanlashga imkon beradigan  diagnozning zamonaviy turi xisoblanadi.

1. O’mrov osti sindromi – asosiy tarmoqlari chiqqandan keyin o’mrov osti arteriyasining eng distal qismidagi okklyuziya. Takayasu sindromida o’mrov osti arteriyasi bo’ylab qon oqimi deyarli 6% hollarda zarar ko’radi (B.V. Petrovskiy muallifdoshlari bilan). Ko’pchilik bemorlarda o’mrov osti sindromining etiologik omili arteriit, qolgan hollarda ekstravazal omillar, qo’shimcha bo’yin qovurg’alari va oldingi zina poyasimon mushak sindromi hisoblanadi. Bu sindromning mohiyati qo’l ishemiyasidir. Ishemiya darajasi kollateral qon aylanishi imkoniyatlari bilan belgilanadi. Dekompensatsiyalangan bosqich qo’l panjasi va bilakda ikkinchi – distal blok bo’lganda uchaydi, xolos.

2. Umurtqa sindromi – umurtqa arteriyasining ekstravazal bo’limida qon oqimining buzilishi va shu sababli miya tomirlarida etishmovchilik paydo bo’lishidir. Umurtqa sindromi alohida ko’rinishda qariyb 17% hollarda uchraydi. Umurtqa arteriyasining ekstrakranial bo’limida qon oqimi buzilishi uchta sathda – og’iz sohasida, suyak kanalida, kalla suyagiga kirishdagi gorizontal qismda ro’y berishi mumkin.

Qon oqimi buzilishiga ateroskleroz (70%), ekstravazal omillar va rivojlanish nuqsonlari sabab bo’lishi mumkin.

Sindromning klinik belgilari bosh miya yarimsharlarining stvoli, ensa bo’laklari va ichki miya ishemiyasiga bog’liq bo’ladi.

3. O’mrov osti-umurtqa sindromi. O’mrov osti arteriyasi bloki shunday joylashadiki, qon oqimidan o’mrov osti arteriyasi ham, umurtqa arteriyasi ham ajralib qoladi. Ana shunga o’mrov osti-umurtqa sindromi deyiladi.

Umurtqa arteriyasida qon oqimining aynishi sodir bo’ladi – qon oqimi miyadan qo’lga teskari yo’nalishda oqadi, chunki o’mrov osti arteriyasi sistemasidagi bosim Villiziy doirasidagiga qaraganda past bo’ladi. Bu fenomen adabiyotda «subclavian steal syndrome» – o’mrov ostida qon o’g’irlanish sindromi degan nom olgan bo’lib, uni 1960 yilda Contorni birinchi marta tasvirlagan. Elka kamari va ko’l ishemiyasining klinik ko’rinishi bu soxalarda kollateral qon aylanishi rivojlanganligidan va still-sindrom hisobiga odatda og’ir bo’lmaydi. Bemorlar ish vaqtida qo’llarining tez toliqib qolishidan, ularning uvishishi va sovqotishidan, barmoqlar va panjaning muzday bo’lishidan noliydilar, qo’l muskullari atrofiyaga uchraydi, qo’lda og’riq bo’ladi. Still- sindrom rivojlanishi vertebrobazillyar sistemada qon aylanishi etishmovchiligiga olib keladi, bu umrov osti-umurtqa sindromida ustunlik qiladigan belgi hisoblanadi.

4. Uyqu arteriyalari sindromi – shu tomirlar proksimal bo’limlarida qon oqimining buzilishidir. Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiya sohasida undan pastki qismga nisbatan ko’proq zararlanadi. Ichki uyqu arteriyasini stenozga yoki okklyuziyaga olib keladigan asosiy etiologik omil ateroskleroz sanaladi. Uyqu arteriyasi sindromining klinikasi bosh miya katta yarimsharlari va ko’z soqqalari ishemiyasi bilan belgilanadi. Bemorlar bosh og’rishi, bosh aylanishi, xotira pasayishi, zararlangan tomonda ko’z ko’rmay qolishi, ba’zan xushdan ketishdan shikoyat qiladilar.

5. Nomsiz arteriya sindromi – nomsiz arteriyada qon aylanishining  buzilishi. Bu o’zining turli-tuman klinik manzarasiga ko’ra braxiotsefal arteriyalar patologiyasidir. U go’yo bundan oldingi hamma sindromlarni o’ziga jamlab oladi va ayni vaqtda bu simptomlar ulardan mutlaqo farq qiladi. Nomsiz arteriya sindromining ko’rinishi bosh miyaning karotid tipi bo’yicha hamda vertebrobazillyar tip bo’yicha ishemiyasidan, o’ng qo’ldagi arterial etishmovchilik va o’ng ko’z ko’ruv qobiliyati buzilishidan tashkil topadi. Kollateral qon aylanishining katta imkoniyatlariga qaramay, nomsiz stvol okklyuziyasi g’oyat xavfli ofat – patologiya sanaladi va tserebral buzilishlar bunday bemorlarning amalda hammasida ertami-kechmi yuz beradi. 

6. Qo’shma formalari – aorta ravog’i tarmoqlarining ko’p sonli zararlanishlari bir-biri bilan turlicha qo’shilib kelib, 17-18% xollarda uchraydi (I.A. Belichenko, 1970). Bu, aftidan, braxiotsefal tomirlarning dastlabki aloxida ko’pgina zararlanishlarining nihoyasi hisoblanadi. Bu guruxda kasallikning eng uzoq davomliligi 4-5 yil bo’lishi bejiz emas.

Klinik ko’rinishlari har bir ayrim holda g’oyat o’ziga xos va zararlangan arteriyalar soniga hamda okklyuziya darajasiga bog’liq. Umurtqa va karotid sindromlarning karotid va umrov osti-umurtqa sindromlarining birga kelishi kuzatiladi. Nihoyat, hamma ma’lum sindromlar birga uchrashi mumkin. A.V. Pokrovskiy miyada qon aylanishi buzilishining quyidagi guruxlarini tafovut qiladi:

  1. Simptomsiz okklyuziyalar – 23,6%.
  2. Miya qon aylanishining tranzitor ishemiya xurujlari bilan o’tadigan ko’chma buzilishlari – 40,5%.
  3. Distsirkulyator entsefalopatiya – 11%.
  4. Ishemik insultlar va ularning qoldik hodisalari – 25%.
# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari

Koronar arteriyalarning anatomiyasi