ИСТОРИЯ КАФЕДРЫ ФАКУЛЬТЕТСКОЙ И ГОСПИТАЛЬНОЙ ХИРУРГИИ С ТРАНСПЛАНТОЛОГИЕЙ №2 ТАШКЕНТСКОЙ МЕДИЦИНСКОЙ АКАДЕМИИ
1920 yilda Turkiston universiteti (Markaziy Osiyo Davlat universiteti, Toshkent Davlat universiteti) tashkil etiladi. Universitet tarkibida tabbiyot fakulteti mavjud boʻlib, ushbu fakultetda dastlabki 3 ta jarrohlik kafedralari ochiladi va ular Respublikada ilk jarroh kadrlarni tayyorlay boshlaydi.
Jarrohlik kafedralarining birinchi mudirlari etib professorlar P.F. Borovskiy (gospital jarrohlik), P.P. Sitkovskiy (fakultet jarrohlik), N.S. Pereshivkin (umumiy jarrohlik) tayinlanib, ular ushbu kafedralarning tashkil etilishi va faoliyat yuritishida ulkan hissa qoʻshishadi.
Fakultet va gospital jarrohlik kafedralari dastlab alohida kafedralar sifatida shakllanadi va rivojlanady. Keyinchalik bu ikki kafedra Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil etilishi munosabati bilan birlashtiriladi.
Professor Pyotr Fokich Borovskiy (1863-1932)
Professor Pyotr Fokich Borovskiy (1863-1932) koʻp qirrali olim boʻlib, jarrohlikning koʻplab masalalari, shu jumladan me’da va oʻn ikki barmoqli ichak yara kasalligi, jigar va oʻt yoʻllari kasalliklari, yarali kolit, appenditsit, yiringli jarohatlar va yomon sifatli oʻsmalarni davolash bilan shugʻullangan. U birinchi boʻlib teri leyshmaniozi qoʻzgatuvchisini aniqlagan.
Professor P.F. Borovskiy vafotidan song gospital jarrohlik kafedrasini professor I.I. Orlov boshqargan.
Professor Ivan Ivanovich Orlov (1888-1952)
Professor Ivan Ivanovich Orlov (1888-1952) sobiq ittifoqda birinchi Oʻzbekiston Sogliqni saqlash xodimi (xalq komiteti) va yetuk jarroh boʻlib, koʻp qirrali ilmiy faoliyat olib borgan. U me’da va onʻikki barmoqli ichak yara kasalligi, duodenostaz, oʻt yoʻllari patologiyalari, ichak tutilishi, peritonitlarni davolash va boshqa koʻplab qorin boʻshligi jarrohlik kasalliklari bilan shugʻullangan. I.I. Orlov Markaziy Osiyoda birinch boʻlib neyroxirurgiya muammolari bilan shugʻullangan va Respublikada neyroxirurgik yordam asoschisi boʻlgan. Shuningdek u opʻka sili jarrohligining pioneridir.
Professor I.I. Orlov raxbarligida Oʻrta Osiyoda birinchi qon quyish xonasi tashkil etilib, bu xona keyinchalik qon quyish stansiyasi, 1940 yilda esa Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutiga aylantiriladi.
1951-1972 yillarda gospital jarrohlik kafedrasini professor I.I. Orlovning shogirdi professor S.A. Masumov boshqargan.
Masumov Sodiq Aliyevich (1902-1972)
Masumov Sodiq Aliyevich (1902-1972) tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasida (sobiq ittifoq davrida) xizmat ko’rsatgan fan arbobi.
Professor S.A. Masumov jarrohlik faoliyatini 1925 yilda Toshkent shahridagi Qizil Xoch shifoxonasida, professor P.F. Borovskiy raxbarligida boshlagan. S.A. Masumov Markaziy Osiyo universitetining tibbiyot fakultetiga gospital jarrohlik klinikasining assistenti sifatida oʻtadi. U 1938 yilda fakultet jarrohlik kafedrasining dotsenti etib tayinlanadi.
Professr S.A. Masumov 1943 yilda Umumiy jarrohlik kafedrasining mudiri, 1951 yilda esa Toshkent tibbiyot instituti Davolash fakultetining Gospital jarrohlik kafedrasining mudiri etib tayinlanadi. S.A. Masumov jarrohlik klinikasining mudiri lavozimida ishlab, pedagogik va xirurgik faoliyatni faol rivojlantirdi. S.A. Masumov va u boshqargan jamoaning ilmiy faoliyati asosan Uzbekistonda endemik boʻqoqni va qorin boʻshligʻi a’zolarining oʻtkir jarrohlik kasalliklarini oʻrganishga bagʻishlangan.
Professor S.A. Masumov 1933 yilda Farg’ona vodiysida endemik boʻqoqni oʻrganish boʻyicha katta ekspeditsiya tashkil etdi. Farg’ona vodiysida olib borilgan uzoq yillik ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida boʻqoqning etiologiyasi va patogenezi, klinik xususiyatlari va morfologik strukturasi boʻyicha katta material yigʻildi. Professor S.A. Masumovning 1943 yilda himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasi ushbu ilmiy-tadqiqot ishlarning yakuni boʻldi.
1972 yildan 1984 yilgacha gospital jarrohlik kafedrasining mudiri akademik V.V. Vohidov boʻlgan.
Vosit Vohidovich Voxidov (1917-1994)
Vosit Vohidovich Voxidov (1917-1994) tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston fanlar akademiyasining akademigi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Respulikada ixtisoslashtirilgan jarrohlik yordami koʻrsatish asoschilaridan biri.
Akademik V.V. Vohidov 1961 yildan 1972 yilgacha umumiy jarrohlik kafedrasining mudiri, 1972 yildan esa gospital jarrohlik kafedrasining mudiri boʻlgan.
Kafedrani boshqarish bilan bir vaqtda akademik V.V. Vohidov Oʻzbekistonda Jarrohlik ilmiy markazi qurilishi tashabbuskori boʻldi. 1974 yilda markaz qurilib ishga tushirildi va aholiga ixtisoslashtirilgan jarrohlik yordami koʻrsata boshladi. Akademik V.V. Vohidov kafedra mudiri lavozimida kafedrani, jarrohlik markazi direktori lavozimida esa markazni boshqarish bilan bir vaqtda, Respublikada jarrohlikni yanada rivojlantirish maqsadida shifokor-jarrohlarni etishtirishga ham katta eʼtibor ajratdi.
Akademik V.V. Vohidov qiziloʻngach, oʻnikki barmoqli ichak yara kasalligi, oʻpka sili, oʻpka va koʻks oraligʻi oʻsma kasalliklari, jigar, oʻt yoʻllari, oshqozon osti bezi jarrohlik kasalliklari bilan shugʻullangan.
Akademik V.V. Vohidov Respublikada birinchilardan bolib yurak-qon tomir kasalliklarining jarrohlik davosi bilan shugullandi. U aorta, magistral vena va arteriyalarda jarrohlik amaliyotlari otkazdi. Markaziy Osiyoda birinch bolib gipotermiya va sun’iy qon aylantirish sharoitida ochiq yurak operatsiyalarini amalga oshirdi.
Kafedrani 1984 yilda professor Ryabuxin Izrail Abramovich, 1990 yildan esa professor Vohidov Odilbek Vositovich boshqargan. Ular hamkasb va shogirdlar xotirasida o’z ishlarining professionallari va yoshlarning tan olingan murabbiylari sifatida qolishdi.
Professor Ryabuxin I.A.
Professor Voxidov O.V.
1995 yilda gospital jarrohlik kafedrasining mudiri etib akademik V.Vohidov nomidagi Jarrohlik ilmiy markazi hozirgi Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot xirurgiya markazi direktori akademik Nazirov Feruz G’ofurovich tayinlandi.
Akademik Nazirov F.G’.
Professor Pyotr Porfirevich Sitkovskiy (1882-1933)
Professor Pyotr Porfirevich Sitkovskiy (1882-1933) 1920 yildan 1930 yilgacha Oʻrta Osiyo Davlat universiteti tibbiyot fakulteti, fakultet jarrohlik klinikasi direktori lavozimida ishlagan. U Turkiston Davlat universiteti tibbiyot fakultetining birinchi dekani va fakultet jarrohlik kafedrasining asoschisidir.
Professor P.P. Sitkovskiy 1908 yilda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan. 1919 yilda «Sariqlik boʻlgan operatsiyadan keyin qon ketish» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Professor P.P. Sitkovskiy jarrohlikning turli mavzulari, asosan suyak plastikasi, abdominal jarrohlikda yomon sifatli oʻsmalarni jarrohlik yoʻli bilan davolash va odontologiyaga bag’ishlangan 65 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
Professor P.P. Sitkovskiy Oʻrta Osiyo jarrohlarining dastlabki ikki s’ezdi va Toshkent shahridagi tibbiyot ilmiy kengashining tashkilotchisi.
Mixail Sergeevich Astrov (1882-1957)
Mixail Sergeevich Astrov (1882-1957) tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi. Professor M.S. Astrov Toshkent tibbiyot instituti, fakultet jarrohligi kafedrasini 1932-1957 yillarda boshqargan.
Professor M.S. Astrov 1910 yilda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan. Doktorlik dissertatsiyasini «Bolalar leyshmaniozi» mavzusida himoya qilgan.
Professor M.S. Astrov endemik buqoq, bosh miyani oʻqotar qurollardan shikastlanishi, jarohatdagi anaerob infeksiyalar, osteomiyelit, ko’krak qafasiga kiruvchi shikastlar, urush sharoitida davolash-evakuatsiya ishlariga bagʻishlangan 70 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
Professor M.S. Astrov sobiq ittifoqda Oʻzbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi ilmiy kengashi a`zosi va Oʻzbekiston jarrohlar kengashining raisi boʻlgan.
Professor Mixail Petrovich Postolov (1913-1990)
Professor Mixail Petrovich Postolov (1913-1990) 1958 yildan 1966 yilgacha Toshkent Davlat tibbiyot instituti fakultet jarrohlik kafedrasini boshqargan.
Professor M.P. Postolov 1938 yilda Kiev tibbiyot institutini tugatgan. 1954 yilda «Umurtqa pogʻonasi va orqa miyani oʻqotar qurollardan shikastlanishini erta jarrohlik davosi» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Professor M.P. Postolov harbiy dala sharoitida jarrohlik, me`da, jigar va me`da osti bezi patologiyalariga bagʻishlangan 140 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
Professor M.P. Postolov 1966-1985 yillarda Toshkent Davlat tibbiyot instituti Stomatologiya fakultetining Jarrohlik kasalliklari kafedrasining mudiri boʻlgan.
Aripov Uktam Aripovich (1927-2001)
Aripov Uktam Aripovich (1927-2001) tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan vrach, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi va Nyu York fanlar akademiyasining akademigi, Zemmelveys nomidagi Budapesht tibbiyot universiteti faxriy doktori, fan va texnika sohasida Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati. Akademik Aripov U.A. 1966 yildan 1997 yilgacha (1986-1990 yillardan tashqari) fakultet jarrohlik kafedrasini boshqargan. Bu davr oraligʻida 1986-1987 yillarda professor Pak N.P. kafedra mudiri lavozimini vaqtincha boshqargan, 1987-1990 yillarda esa kafedra mudiri professor Ryabuxin N.A. boʻlgan. Shuningdek 80-90 yillarda kafedra, I jarrohlik kasalliklari kafedrasi deb, 1990 yildan esa yana fakultet jarrohlik kafedrasi deb nomlangan.
Professor Farxod Nazirov (1972-2020)
1997 yildan 2005 yilgacha fakultet jarrohlik kafedrasini akademiklar Aripov U.A. va Karimov Sh.I. larning shogirdi professor Farxod Nazirov boshqargan.
Professor Farxod Nazirov 1972 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutining davolash fakultetini tugatgan. 1978 yilda «Сравнительная морфо-функциональная оценка слизистой желудка до и после различных операций» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1991 yilda Moskva shahrida «Обоснование выбора метода операции при язвенной болезни двенадцатиперстной кишки» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Professor Farxod Nazirov 160 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
2005 yilda I va II Toshkent Davlat tibbiyot institutlari birlashtirilib Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil etildi. Akademiyaning Tibbiy pedagogika fakultetida birlashgan Fakultet va gospital jarrohlik kafedrasi tashkil etildi. Yangi oliygohning Fakultet va gospital jarrohlik kafedrasining birinchi mudiri etib tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston fanlar akademiyasining akademigi Nazirov Feruz Gʻofurovich tayinlandi.
Nazirov Feruz Gʻofurovich
Nazirov Feruz Gʻofurovich 1973 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini tugatib, Butunittifoq klinik va eksperimental jarrohlik ilmiy tekshirish instituti, hozirgi Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot xirurgiya markaziga ishga joylashdi va kichik ilmiy xodimlikdan jarrohlik markazi direktori va Oʻzbekiston respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri lavozimigacha boʻlgan katta yoʻlni bosib oʻtdi. Feruz Gʻofurovich raxbarligida ta’lim va sogʻliqni saqlash tizimida koʻplab yangi yutuqlarga erishildi. Kafedra bazasida bakalavriaturadan tashqari umumiy jarrohlik, torakal jarrohlik va shoshilinch jarrohlik boʻyicha magistratura yonalishlari ham tashkil etildi. Oʻquv jarayoniga zamonaviy informatsion texnologiyalar tatbiq etildi. Oʻquv xonalari oʻquv dasturlari va raqamli tibbiy vizualizatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
2013 yildan hozirgi kungacha kafedra mudiri lavozimida akademik Nazirov Feruz Gʻofurovichning iqtidorli shogirdlaridan biri, tibbiyot fanlari doktori Akbarov Mirshavkat Miralimovich boshqarib kelmoqda.
Professor Akbarov Mirshavkat Miralimovich
Hozirda Akbarov Mirshavkat Miralimovich Oʻzbekiston Resublikasi Sogʻliqni Saqlash Vazirligi bosh jarrohi hamda Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot xirurgiya markazi, jigar va oʻt yoʻllari jarrohligi boʻlimi raxbari lavozimlarida ham faoliyat yuritmoqda.