Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Aorta ravog'i okklyuzion kasalliklari diagnostikasi

Takayasu sindromi bo’lgan bemorlarda o’tkaziladigan diagnostik tadbirlar yig’indisini shartli ravishda uchta bosqichga bo’lish mumkin:

  1. Umumiy klinik tekshirishlar bosqichi: so’rab-surishtirish va kasallikning anamnezini yig’ish, bemorni ko’zdan kechirish, aorta ravog’i tarmoqlarining holatini, shuningdek yuza joylashgan magistral arteriyalarni palpator va auskultativ aniqlash. Arterial bosim ikkala qo’l va ikkala oyoqda aniqlanadi.
  2. Tekshirishning ixtisoslashgan statsionar bosqichi:
    • – laboratoriya tekshirish usullari;
    • – funktsional tekshirish usullari;
    • – nefrologik tekshirish;
    • – oftalmologik tekshirish;
    • – otonevrologik tekshirish;
    • – rentgen kontrast tekshirish (aortografiya yoki selektiv angiografiya).
  3. Tekshirishning intraoperatsion bosqichi: aorta ravog’i braxiotsefal tarmoqlar taftishi, elektromagnit floumetriya, intraoperatsion angiografiya.

Braxiotsefal arteriyalari zararlangan bemorlar uchun nevrologik, oftalmologik va otonevrologik xarakterdagi shikoyatlarning bir qanchasi xosdir. Ko’zdan kechirish to’g’ri diagnoz qo’yish uchun xech qanday yo’l-yo’riqlar ko’rsata olmaydi. Paypaslab ko’rish chakka, uyqu, elka va bilak arteriyalaridagi pulsatsiyaning o’zgarishlarini aniqlab beradi. Umumiy uyqu va nomsiz arteriyalar okklyuziyasida zararlangan tomondagi na uyqu, na chakka arteriyalarining pulsatsiyasi, tabiiyki, aniqlanmaydi. Biroq ichki uyqu arteriyasi okklyuziyasida va uning stenozida bifurkatsiya soxasida chakka arteriyasining pulsatsiyasi (urib turishi) xatto kuchaygan bo’lishi mumkin, chunki butun qon oqimi tashqi uyqu arteriyasiga yo’naladi. Arterial bosimni o’lchashni hamma qo’l va oyoqlarda olib borish kerak. O’mrov osti arteriyasi zararlanganda sistolik arterial bosim simob ustuni xisobida 80-90 mm gacha, puls bosimi simob ustuni xisobida 19-30 mm gacha pasayadi. Auskultatsiya braxiotsefal tomirlar kasalliklarining birlamchi diagnostikasida asosiy ahamiyat kasb etadi. Bifurkatsiya va ichki uyqu arteriyasi stenozida pastki jag’ burchagidagi sistolik shovqin bemorlarning 75 foizida eshitiladi.

Qonni laboratoriyada tekshirish natijalari quyidagicha bo’lishi mumkin:

  • qon elementlari (o’rtacha gipoxrom kamqonlik, o’rtracha leykotsitoz, eritrotsitlarning cho’kish tezligi tezlashgan);
  • plazma oksillari (gipoalbuminemiya, globulin fraktsiyalari, shuningdek fibrinogen oshishi);
  • immunologik reaktsiyalar (musbat aktinuklear omil, Vasserman soxta musbat reaktsiyasi).

Funktsional tekshirish usullari. O’mrov osti arteriyasi okklyuziyasida  reovazogrammalar balandligi asimmetriyasi va to’lqinlari xarakteri va qo’lning xajmiy sfigmogrammalari hamavaqt bor. Uyqu va nomsiz arteriyalar zararlanganini diagnostika qilishda uyqu va yuza chakka arteriyalarini sfigmografiya qilish katta yordam beradi. Okklyuziyada egri chizik to’lqinlari pasayadi va shakli o’zgaradi

Reoentsefalografiya katta yordam beradi, u uyqu arteriyasi bir tomonlama zararlanganda miya qon ta’minotining yarimsharlararo asimmetriyasi belgilarini aniqlaydi, hamma braxiotsefal tarmoqlar okklyuziyasida esa hamma usullarda reogramma to’lqinlarining keskin pasayishini qayd qiladi. Braxiotsefal tomirlarning birlamchi diagnostikasida infraqizil spektrdagi termografiya qo’llaniladi. 0,6°C dan yuqori termoasimmetriya patologik deb hisoblanadi.

So’nggi yillarda qon oqimini ultratovush bilan tekshirish usullari keng tarqaldi. Ultratovushli datchik doppler effekti printsipida faqat arteriya pulsatsiyasini emas, balki undagi qon oqimi yo’nalishi va tezligini ham aniqlasa bo’ladi.

Nevrologik tekshirishlar. Bosh miya ishemiyasining nevrologik alomatlari qaysi tomir xavzasi zarar ko’rganiga, arteriyaning okklyuziya darajasi va rivojlanish sur’atiga, shuningdek, kollateral qon aylanishining qanchalik muvofiqligiga bog’liq. Shu munosabat bilan miya qon aylanishi etishmovchiligini karotid, vertebrobazillyar va birga uchraydigan karotid- bazillyar tipi bo’yicha farq qilish zarur. Nevrologik simptomatikaning o’zi esa intermitirlaydigan yoki barqaror, doimiy xarakterda bo’lishi mumkin.

Bosh og’rig’i – bosimning magistral arteriyalari okklyuziyasi bo’lgan bemorlarda qayd qilinadi. U taxminan bemorlarning 80 foizida bo’ladi. Og’riq aksariyat chakka soxasida, ba’zan boshning u yoki bu yarmida yoki tutash bo’ladi.

Bosh aylanishi uchrashi jixatidan ikkinchi nevrologik simptom, bemorlarning kam deganda 35 foizida uchraydi. Bu simptom vestibulyar apparat funktsiyasi buzilishi va uning uzunasiga ketgan orqa dastasi sistemasi bo’yicha quyida joylashgan bo’limlari bilan aloqasiga bog’liq. Qisqa muddatga xushdan ketish hodisasi kam deganda 5% hollarda uchraydi, ular, aftidan, bosh miya to’rsimon formatsiyasining ishemiyasi bilan bog’liq bo’lsa kerak.

Giperkinetik va amniostatik sindrom miyacha va o’zak qobiq osti tugunlari og’ir va uzoq muddatga ishemiya bo’lgan bemorlarda uchraydi.

Talvasalar va epilepsiyasimon tutqanoqlar ahyon-ahyonda kuzatiladi. Bu holatlarning tabiati aniqlanmagan.

Po’stloqqa taalluqli ko’rish qobiliyati buzilishlari. Bu guruxga bosh miya yarimsharlarida, asosan ensa bo’laklarida qon aylanishi etishmasligi natijasida yuzaga keladigan ko’rishning turli-tuman buzilishlari kiradi. Ko’rishning bunday buzilishlari 17% ni tashkil etadi.

Harakat buzilishlari – kasallikning eng ravshan va og’ir belgilaridan xisoblanadi. Nevrologik buzilishlar bu formasining umumiy protsenti 13,3% ni tashkil etadi (A.V. Pokrovskiy bo’yicha). Nutq buzilishlari bemorlarning deyarli 11 foizida uchraydi. Ular ishemik uchoqda joylashuvi bo’yicha turli-tuman ko’rinishga ega bo’ladi.

Nistagm – birmuncha ko’p uchraydigan nevrologik simptomlardan biri xisoblanadi. Vertebro-bazillyar sistemasida qon oqimi buzilgan bemorlardagina kuzatiladi. Ko’z harakatining buzilishlari nistagm singari uchraydi. Unda ko’z soqqalari harakati o’zgaradi, konvergentsiya va akkomodatsiya reaktsiyalari buziladi.

Miyachadan bo’ladigan simptomlar – asinergiya, dizmetriya, mushaklar distoniyasi bemorlarning taxminan 8 foizida uchraydi (B.V. Petrovskiy muallifdoshlari bilan). Yutish va fonatsiyaning buzilishlari (disfagiya, dizartriya) 6-7% xollarda kuzatiladi. Sezuvchanlikning buzilishlari parez bo’lgan tomonda bemorlarning 15 foizida kuzatiladi.

Vegetativ buzilishlar – ko’ngil aynishi, qayt qilish, rangparlik, bradikardiya, ter ajralishining buzilishi kamroq uchraydi.

Aorta ravog’i tarmoqlari okklyuziyasida oftalmologik simptomatika butun ko’ruv analizatorining ishemiyasidan vujudga keladi. Bunda kuyidagi usullardan foydalaniladi:

Periferik ko’ruv retseptori holatini o’rganish – oftalmoskopiya – ko’ruv nervi o’tkirligini tekshirish quyidagi testlar bo’yicha o’tkaziladi:

  • ko’rish o’tkirligi;
  • perimetriya (ko’ruv maydonini aniqlash);
  • rangli perimetriya;
  • yorug’lik sezuvchanlikni aniqlash;
  • to’r parda markaziy arteriyasini bosish;
  • oftalmotonus va ko’z ichidagi suyukliq almashinuvi.

Otonevrologik tekshirish quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • LOR organlarini ko’zdan kechirish;
  • eshituv, vestibulyar, ta’m bilish, hid bilish funktsiyasini aniqlash;
  • maxsus usullar (audiometriya);
  • maxsus sinamalar (kalorik sinama, miyachaga taalluqli ayrim sinamalar).

Otonevrologik simptomatika LOR organlari va ularning funktsiyalari ta’m, hid bilish, otokinetik retseptsiya) holatini aks ettirib, boshning xronik ishemiyasi sharoitlarida va aorta ravog’i tarmoqlari okklyuzion zararlanishining umumiy semiotikasida muhim o’rin egallaydi.

Braxiotsefal tarmoqlari zararlangan bemorlarni tekshirish vaqtida boshqa tomir xavzalarining birgalikda zararlanish simptomlariga (toj arteriyalar, qorin aortasining vistseral tarmoqlari, oyoq, arteriyalari) ahamiyat berish zarur.

Tekshirishning rentgen kontrast usullari. Hozirgi vaqtda braxiotsefal arteriyalarni rentgen kontrast tekshirishning quyidagi usullari qo’llanadi:

  1. Kateterizatsion ko’krak aortografiyasi. Aortaning hamma bo’limlari, jumladan uning ravog’ini ham kateterlash 1953 yilda shved olimi Seldinger taklif qilgan metodika bo’yicha hozir hamma joyda amalga oshirilayapti.
  2. Selektiv aortoarteriografiya. Aorta ravog’ida kateter borligi uni aortaning tarmoqlaridan biri og’ziga kiritib, so’ngra uni kontrastlash, ya’ni selektiv arteriografiya qilishga imkon beradi. Shunday bo’lishiga qaramay, selektiv aortoarteriografiya uchun ko’rsatmalar chegaralangan va quyidagi  hollardagina o’tkazilishi mumkin.
    • braxiotsefal arteriyalarning arterio-venoz anevrizmasida;
    • bosh magistral arteriyalari intrakranial bo’limlarining zararlanganiga shubxa qilinganda, bu uning oxirgi tarmoqlarini ham ko’zdan kechirishni talab etadi.

Tekshirishning supraaortal usullari: 

  • karotid arteriografiya odatda uyqu arteriyasida okklyuziya borligiga shubxa qilinganda qo’llaniladi, asosan uning kalla suyagi ichi tarmoqlarini aniqlash maksad kilib olinadi;
  • o’mrov osti arteriografiyasi o’mrov osti va umurtqa arteriyasini, o’ng tomondan qo’llanilganda ko’shimcha ravishda uyqu arteriyasini kontrastlash imkonini beradi;
  • qo’ltik arteriografiyasi so’nggi vaqtlarda o’mrov osti arteriografiyasini siqib  chiqara boshladi, chunki qo’ltik arteriyasini punktsiya qilish texnikasi oson, shuningdek arteriyaga Seldinger metodikasi bo’yicha kateter kiritish imkoniyati yaxshidir.

Rentgen kontrast tekshirishdan keyingina braxiotsefal tomirlarning klinik zararlanishlarini aniqlash va xirurgik taktika to’g’risidagi masalani hal qilish mumkinligini qayd qilib o’tmok darkor.

Davolash

Operatsiyaga ko’rsatmalar:

  1. Nomsiz arteriyaning umurtqa, o’mrov osti-umurtqa karotid sindromida kompensatsiya va subkompensatsiya bosqichida ateroskleroz va arteriit zaminida segmentar okklyuziyasi.
  2. Ekstravazal zararlanishlar, patologik egri-bugrilik va nuqsonlarning hamma klinik formalarida kompensatsiya va subkompensatsiya bosqichida.
  3. Og’riq sindromi bo’lgan aniq, yuzaga chiqqan qo’l ishemiyasida va trofik buzilishlari bo’lgan o’mrov osti sindromida.
  4. Qo’shma (kombinatsiya qilingan) formalarida, kompensatsiyalangan va subkompensatsiyalangan bosqichlarida bosh magistral arteriyalaridan birida  qon oqimini yaxshilash uchun.

Operatsiya qilishga monelik qiladigan hollar:

  1. Kasallikning angiospastik formalari.
  2. Kompensatsiyalangan bosqichdagi o’mrov osti sindromi qo’l ishemiyasining aniq yuzaga chiqqan belgilari bo’lmaganda.
  3. Kasallikning dekompensatsiyalangan bosqichlari.
  4. Inkurabel holat.

Braxiotsefal arteriyalarning okklyuzion zararlanishlarida operatsiyani tanlash:

  1. Uyqu, umurtqa, o’mrov osti va nomsiz arteriyalaridagi stenozlar, trombozlar va patologik egri-bugriliklardagi rekonstruktiv operatsiyalar:
    • arteriyaning zararlangan qismini anastomoz bilan oxiridan-oxiriga rezektsiya yoki nuqsonni alloprotez bilan almashtirish;
    • endarterektomiya va alloplastika bilan yoki busiz;
    • yuqoriga ko’tariladigan aortadan o’mrov osti, uyqu, nomsiz arteriyalarga alloprotez bilan chetlab o’tib (aylanib) shuntlash;
    • arteriyalarni, jumladan ekstratorakal arteriyalarni bir joydan ikkinchisiga ko’chirish operatsiyalari.
  2. Ekstravazal kompressiyani bartaraf qiladigan operatsiyalar:
    • qovurg’a rezektsiyasi (buyin qovurg’asi yoki yuqorida joylashgan I qovurg’a);
    • skalenotomiya va o’mrov osti va kichik ko’krak mushagini qirqish;
    • arterioliz.
  3. Simpatik va adrenal sistemalardagi operatsiyalar:
    • yuqori buyin simpatektomiyasi (C1-C2).
    • stoellektomiya (C7),
    • ko’krak simpatektomiyasi (Th2-Th3),
    • periarterial simpatektomiya,
    • epinefrektomiya (bir yoki ikki tomonlama).

Takayasu sindromida muvaffaqiyatli chiqqan birinchi rekonstruktiv operatsiyani – ichki uyqu arteriyasidan endarterektomiyani 1953 yilda De Beki o’tkazgan. Bajarilgan operatsiyaning ko’rinishi mavjud patologiyaga bog’liq A.V. Pokrovskiy fikricha, ichki uyqu arteriyasining keskin stenozida yoki okklyuziyasida tashqi arteriya tarmoqlari orqali qon oqimi bosh miyani qon bilan ta’minlash uchun amaliy ahamiyatga ega. Umumiy uyqu arteriyalari nospetsifik aorto-arteriit bilan zararlanganda tanlanadigan operatsiya rezektsiya qilib protezlashdir. Ikkala uyqu arteriyasi okklyuzion zararlanganda bir vaqtning o’zida bifurkatsiyani protezlashi bajarish mumkin

Braxiotsefal tomirlardagi rekonstrukti operatsiyalardan keyin o’lim darajasi operatsiyaga ko’rsatmalarning to’g’ri aniqlanganiga, aralashuv lokalizatsiyasining, xirurg tajribasiga bog’liq va 1 dan 4% gacha hollarni tashkil etadi.

 A.V. Pokrovskiyning ma’lumotlariga ko’ra elka-bog’ stvoli rekonstruktsiyasida qon oqimini hamma bemorlarda tiklashga muvaffaq bo’linadi. Ayni vaqtda o’mrov osti arteriyasi rekonstruktsiyasida bemorlarning faqat 86 foizida foydali bo’ladi. Tiklovchi operatsiyalarning turlari orasida eng ta’sirchani protezlash bo’ladi (bemorlarning 94 foizida qon oqimi tiklanadi), vaxolanki endarterektomiya 87%, shuntlash 82% bemorlarda muvaffaqiyatli chiqqan. O’sha ma’lumotlar bo’yicha rekonstruktiv operatsiyalar natijalari bilan braxiotsefal arteriyalarning zararlanish etiologiyasi o’rtasida aniq bog’liqlik mavjud: aterosklerozda qon oqimi 93% bemorlarda, aorto-arteriitda esa faqat 77% bemorlarda tiklangan (A.V. Pokrovskiy, 1980). Yana shu olimning ma’lumotlariga binoan yil mobaynida yaxshi natijalar 92,9% bemorlarda olingan, keyingi 5 yil mobaynida u kam miqdorda pasaygan. Operatsiyadan keyin 10 yil o’tgach yaxshi natijalar 77,7% hollarda saqlanib qoladi. 14 yil o’tgandan keyin esa yashab ketgan hamma odamlarning  72,2% da saqlanib qolgan.

Bemorlarni miya qon aylanishi darajasiga bog’liq holda bosqichma-bosqich reabilitatsiya qilinadi. Davolash fizkulturasi, massaj, dori-darmonlar bilan davolash mehnat qobiliyatining tezroq tiklanishiga imkon beradi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari

Koronar arteriyalarning anatomiyasi