Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Limfa tomirlari kasalliklari

Anatomik-fiziologik ma’lumotlar

Kapillyarlar tarmog’ini hosil qiladigan limfokapillyarlar limfatik tizimining ildizlari hisoblanadi. Yuzaki va chuqur limfatik tomirlar farq qilinadi. Yuzaki limfatik tomirlar limfani teri va teri osti kletchatkasidan yig’ib, katta va kichik teri osti venalari yo’li bo’ylab yuradi, yuzaki chov limfatik tugunlariga quyadi. Chuqur limfatik tomirlar limfani chuqur yotgan to’qimalardan oladi, qon tomirlar bilan birga yuradi va taqim hamda chuqur chov limfa tugunlariga quyiladi, bular limfani yuzaki chov tugunlaridan ham qabul qiladi.

Chuqur chov tugunlaridan limfa oqimi bel tugunlariga yonbosh tomirlari va tugunlari orqali kelib, ular o’ng va chap bel limfatik tugunlarini shakllantiradi. Oxirgilari bir-biri bilan qo’shilib, ko’krak limfatik yo’lini hosil qiladi. Limfatik tomirlar devorining mushak elementlari va klapan apparati limfaning proksimal yo’nalishda aktiv oqishiga imkon beradi.

Limfangoit – limfatik tomirlarning o’tkir yallig’lanishi, u ikkilamchi kasallik hisoblanadi, teri va mahalliy yiringli o’choqlarga infektsiya tushib zararlanishining ko’p sodir bo’ladigan asorati hisoblanadi. Limfangoitlar birlamchi o’choq bilan bir vaqtda yoki undan ancha keyin paydo bo’ladi.

Klinikasi jarayonning joylashuviga, infektsiya virulentligiga va organizm reaktsiyasiga bog’liq. Yuzaki va chuqur limfatik tomirlar limfangoitlari, yallig’lanish xarakteriga ko’ra oddiy va yiringli turlari farq qilinadi.

Yuzaki limfatik tomirlar limfangoiti xarakteri bo’yicha yuzaki oddiy limfangoit yoki to’rsimon limfangoit, shuningdek poyasimon limfangoit ko’rinishida bo’lishi mumkin.

O’tkir yuzaki limfangoitda yallig’lanish mayda limfatik tomirlarda paydo bo’ladi. Teri qizaradi, tomirlar yo’li bo’ylab ipsimon zichlashish paydo bo’ladi. Bemorlar achishish, qattiq qichishish, umumiy lohaslik va harorat ko’tarilishidan shikoyat qiladilar.

O’tkir yuzaki limfangoitda (poyasimon limfangoit) jarayon yirik limfatik tomirlarga tarqaladi. Birlamchi o’choqdan regional limfatik tugunlargacha boradigan qizil yo’l-yo’l chiziqlar paydo bo’ladi. Keyingilari kattalashadi va og’riqli bo’lib qoladi. Harorat 39°C gacha ko’tariladi, et uvishishi mumkin. Chuqur limfatik tomirlarning o’tkir limfangoitida terida o’zgarishlar bo’lmaydi, biroq bemorlar oyoqni bosa olmaydilar, shishlar paydo bo’ladi, tomirlar yo’li bo’ylab og’riq bo’ladi. Umumiy hodisalar yuzaki limfangoitga o’xshash, biroq og’irroq o’tadi.

Yiringli limfangoitda umumiy belgilar yuzaga chiqqan, harorat 39°C gacha ko’tariladi, et uvishadi. Umumiy behollik bo’ladi, oyoq-qo’llar qaqshab og’riydi. Ba’zan kasallik kechishi abstsess, flegmona, saramas, tromboflebit, kamqonlik va sepsis rivojlanishi bilan og’irlashadi.

Davolash. Avvalo birlamchi o’choqqa davo qilish kerak. Osoyishta sharoit va oyoqlarni immobilizatsiya qilish, yog’li bog’lamlar, antibakterial davolash tavsiya qilinadi.

Oyoqlardagi surunkali limfostaz (filoyoq kasalligi)

Teri, teri osti kletchatkasi va fastsiyada limfa hosil bo’lishining buzilishi, shuningdek limfa oqimining buzilishi bilan bog’liq. Ko’proq ayollarda uchraydi.

Limfostazning tug’ma va orttirilgan formalari farq qilinadi. Limfostazning tug’ma formalari limfatik sistemaning o’sib etilmaganligi bilan bog’liq bo’lgan filsimon kasallikning irsiy shakllari ma’lum.

Orttirilgan yoki ikkilamchi limfostaz rivojlanishiga oyoqlardan limfa oqib ketishini qiyinlashtiradigan omillar sabab bo’ladi: jarrohlik amaliyotidan keyin qolgan chandiqlar, yumshoq to’qimalarning o’smalari, limfatik tomirlar olib tashlangandan keyin uning zonasidagi o’zgarishlar, nur bilan davolash, teridagi, teri osti kletchatkasidagi limfatik tomir va tugunlardagi shikastlanishlar, saramas yallig’lanishi, limfangoit va limfadenitlar shular qatoriga kiradi.

Klinikasi va diagnostikasi. Kasallik kechishida ikkita bosqich farq qilinadi. Birinchi bosqich – limfedema bosqichi barmoqlar asosida, oyoq panjasi orqasida, boldir-tovon bo’g’imi sohasida shishlar paydo bo’lishi bilan xarakterlanadi. Shish yumshoq, og’rimaydi, ertalab dam olib turilgandan keyin yo’qoladi. Shishgan to’qimalar ustidagi teri osongina burmalar hosil qilib yig’iladi.

Ikkinchi bosqichi – fibredema bosqichi bir necha yildan keyin yuz beradi. Shish oyoqning proksimal bo’limlariga tarqaladi, zich va doimiy bo’lib qoladi, uzoq vaqt gorizontal holatda bo’lishda ham yo’qolmaydi; terini burma qilib yig’ib bo’lmaydi. Oyoq hajmi kattalashadi, shakli o’zgarib qoladi, ish qobiliyati pasayib ketadi. Terida giperkeratoz va giperpigmentatsiya rivojlanadi. So’galsimon o’sib qalin tortgan tuzilmalar hosil bo’ladi. Filoyoq kasalligi yoriqlar va yaralar bilan zararlanganda mo’l limforeya kuzatiladi. Zararlangan oyoq aylanasi sog’lom oyoqdan 30-40 sm ga oshgan bo’ladi.

Bevosita limfografiya – limfogrammalar asosida uzil-kesil tashxis qo’yishga imkon beradi, zararlangan oyoqda limfa oqadigan yo’llar ko’riladi, limfostazning ikkilamchi formalarida to’siq borligi va darajasi aniqlanadi.

Davolash. Konservativ davolash quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  1. oyoqni elastik bintlar bilan bintlash, elastik paypoqlar kiyish;
  2. to’qimalar trofikasini (vitamin B1, C, riboflavin), qon aylanishini (galidor, no-shpa), mikrotsirkulyatsiyani (trental, nikotin kislotasi, komplamin) yaxshilaydigan preparatlar;
  3. desensibilizatsiya qiladigan vositalar (suprastin, tavegil, dimedrol);
  4. yallig’lanishga qarshi davolash (nimesil, dikloberl, reopirin);
  5. gialuronidaza ta’siri bor preparatlar (lidaza) va biologik stimulyatorlar (shishasimon tana), hamda fermentlar (vobenzim, flobenzim);
  6. davolash jismoniy tarbiyasi, fizioterapevtik va balneologik davolash.

Konservativ davolash vaqtincha naf beradi. Filsimon kasallikni davo qilishning ishonchli usuli jarrohlik usuli hisoblanadi.

Zararlangan tomondagi sklerotik o’zgargan teri osti yog’ to’qimasi va fastsiyasini qisqa kesib qilinadigan plastik jarrohlik amaliyotlari qo’llaniladi. Biroq bu jarrohlik amaliyoti shikastlantiruvchi, unda yog’ emboliyasi rivojlanishi, teri laxtagi jonsizlanishi va kasallikning qaytalanish xavfi bo’ladi.

Jarrohlik amaliyotlarining ikkinchi guruhi yuzaki limfatik tomirlar va teri osti venalari tarmoqlari o’rtasida skarp uchburchagi sohasida yoki taqim chuqurchasi sohasida mikrojarrohlik usulida limfo-venoz anastomozlar qo’yishdan iborat.

Odatda 6-10 ta limfo-venoz anastomozlar qo’yiladi. Bu jarrohlik amaliyoti patogenetik jihatdan asoslangan va zararlangan oyoqdan limfa oqib ketishini yaxshilashga qaratilgan. Bunday amaliyotga mikrojarrohlik va limfografiyani joriy qilinishi tufayli muvaffaq bo’lindi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari

Koronar arteriyalarning anatomiyasi