Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Yurak va perikard kasalliklari

Yurak va perikard kasalliklari

Yuqori va pastki kovak venalar qonni yig’ib uni yurakning o’ng bo’lmachasiga tashiydi. Qon o’ng bo’lmachadan o’ng qorinchaga uch tavaqali klapan bilan ta’minlangan bo’lmacha-qorincha teshigi orqali tushadi. O’ng qorinchadan qon o’pka arteriyasi bo’ylab o’ng va chap o’pkalarga etadi. Ulardan arterial qon to’rtta vena orqali chap bo’lmachaga tushadi, keyin esa bo’lmacha- qorinchaaro ikki tavaqali mitral klapan joylashgan teshik orqali chap qorinchaga tushadi. Keyin qon uchta yarimoysimon tavaqalardan tashkil topgan klapan bilan ta’minlangan aortal teshik orqali aortaga yo’naltiriladi. O’ng va chap bo’lmachalar bo’lmachalararo to’siq bilan bo’lingan, u o’z davomida qorinchalararo to’siqqa o’tadigan.

Yurakning qon ta’minoti aortadan va Valsalva sinusi sohasidan chiqadigan ikkita toj arteriyasi tomonidan amalga oshiriladi. Yurak venalari toj sinusiga yoki bevosita o’ng bo’lmacha va qorinchaga quyiladi. Yurak mushagi strukturasi va faoliyati bo’yicha bir-biridan farq qiladigan ikkita element – qisqaruvchi miokard tolalari va o’tkazuvchi sistemadan tashkil topgan. Yurakning o’tkazuvchi sistemasi o’ng bo’lmacha devorida joylashgan sinus tugunidan (Keyt-Flak tuguni) iborat. Sinus tugunidan keladigan impulslar atrioventrikulyar tugunga tarqaladi, chap va o’ng oyoqchalarga bo’linadigan bo’lmacha-qorincha tutamlariga o’tadi.

Yurakning ish faoliyati davri (tsikli) qorinchalar sistolasi va diastolasi davriga bo’linib, ularning oxirida bo’lmachalar sistolasi sodir bo’ladi. Yurak qorinchalari tomonidan qon tomirlarga haydaladigan qon hajmi, yuza maydoniga bo’lingan minutlik qon hajmi – yurak indeksi deb ataladi. Katta odamda osoyishta holatda yurak indeksi 3,5-4 l ga (min·m2) teng, jismoniy ish bajarilayotganda esa, uning ko’rsatkichi 5-10 martaga ortadi. Chap qorincha va aortada normal bosim simob ustuni (Hg) hisobida 120 mm dan, o’ng qorincha va o’pka arteriyasida – 25 mm dan oshmaydi. Perikard esa, yurakni qoplab turgan berk seroz qopchiq xisoblanadi.

Maxsus tekshirish usullari

To’liq klinik diagnoz (tashxis) qo’yish, gemodinamika holatini aniqlash, yurak miokardi qisqarishi faoliyatini izdan chiqish (buzilish) darajasini aniqlash uchun, odatda quyidagi tekshiruv usullari qo’llaniladi:

  1. Noinvaziv tekshiruv usullari: exokardiografiya, rentgenografiya, kompyuter tomografiya (KT), magnit-rezonansli tomografiya (MRT).
    • Ultratovush tekshiruv yordamida (exokardiografiya) yurak to’sig’i, yurak klapanlari nuqsonlarini diagnostika qilish, miokard qisqarish funktsiyasi buzilishlarini aniqlash, yurak ichi va markaziy gemodinamika xolatini aniqlash imkonini beradi.
    • Ko’krak qafasi rentgenografiyasi diagnostik usul sifatida keng qo’llaniladi, albatta bu tekshiruv 3 proektsiyada, qizilo’ngachni kontrastlagan holda bajarishili shart: to’g’ri, chap va o’ng qiyshiq pozitsiyalarda.
    • KT va MRT yuqoridagi tekshiruv usullarini to’ldiradi.
  2. Invaziv tekshiruv usullari:

Yurak bo’shliqlarini Seldinger usulida kateterlar yordamida zondlash. Zond yuborishning uchta usuli farq qilinadi: venoz, arterial va yurakni igna orqali punktsiya qilish. Tekshirishda yurak bo’shliqlaridagi bosim o’lchanadi, qon gaz tarkibiga baho beriladi va ventrikulografiya bajariladi.

Selektiv koronarografiya – yurakning toj arteriyalariga kontrast modda yuborib, uning o’tkazuvchanligini aniqlash va baho berishga aytiladi.

Perikard va yurak shikastlari

Jarrohlik amaliyotida perikard va yurak jarohatlari (shikastlari) ko’p uchraydi. Ular orasida sovuq (o’tkir) qurol zarbidan vujudga kelgan kesilgan yoki chopilgan jarohatlar ustunlik qiladi. Perikard va yurak yaralanishlari aksariyat, boshqa a’zolar, ko’proq esa o’pkaning shikastlanishi bilan birga uchraydi

Klinikasi va diagnostikasi

Yurak yaralanganda, yumshoq to’qimalari jarohati ko’pincha quyidagi chegaralarda: yuqoridan – III qovurg’a, pastdan – qovurg’alar osti va to’sh osti sohasi, chapdan – o’rta qo’ltiq chizig’i, o’ngdan – parasternal chiziqda joylashgan bo’ladi. Bemorlar ko’rquv, xavotirlik hissi, bezovtalik, ko’krakda siqilish sezgisi, bosh aylanishi, behollik, havo etishmasligi  va nafas olishning qiyinlashuvi sezgisi, bo’yinga, chap elkaga, qo’ltiq sohasiga o’tadigan og’riqdan shikoyat qiladi. Rangi-ro’yi oqaradi, sovuq ter bosadi, hushdan ketish va shunga yaqin xolat yuzaga keladi. Ahvolning og’irligi faqat qon yo’qotishgagina emas, balki birinchi galda o’tkir yurak tamponadasiga (yurakning perikard bo’shlig’iga quyilgan qondan bosilishi) bog’lik bo’ladi. O’tkir yurak tamponadasi Bek triadasi bilan namoyon bo’ladi, arterial bosim keskin pasayib, ba’zan puls paradoksal bo’ladi. Markaziy venoz qon bosimi tez va birmuncha ortadi, rentgenoskopiyada yurak soyasi pulsatsiyasi aniqlanmaydi, auskultatsiyada yurak tonlarining keskin sustlashuvi namoyon bo’ladi. Rentgenogrammalarda yurak soyasi kengaygan, trapetsiya yoki shar shakliga o’xshaydi. Gemoperikard borligi EKG tishchalari voltaji pasayishiga olib keladi. 

Davolash

Perikard punktsiyasi va undagi qonni aspiratsiya qilish, yurak tamponadasi rivojlanayotgan hollarda birinchi yordam ko’rsatishning ta’sirchan chorasi bo’lib, bemorni ixtisoslashgan davolash muassasasiga transportda etkazish uchun zarur vaqtni yo’qotmaslik imkonini beradi. Yurak yaralangan degan tashxis qo’yilganda yoki unga shubha bo’lganda, yo’qotilgan qon o’rnini to’ldirish, gomeostaz buzilishlarini korrektsiya qilishni o’z ichiga olgan samarali reanimatsion tadbirlar o’tkazish bilan birga shoshilinch jarrohlik amaliyoti bajariladi. Bunda qovurg’alararo torakotomiya kesmasi qo’llanilib, perikard ochiladi, yurak jarohatini barmoq bilan bosib turib qon oqishi vaqtincha to’xtatiladi, hamda perikard bo’shlig’i qon ivindilaridan tozalanadi. So’ngra, yurak jarohatlari so’rilib ketmaydigan iplar bilan, П-simon choklar qo’yilib tikiladi. Perikardga esa, siyrak choklar qo’yilib, uning bo’shlig’iga kattaroq diametrli (6-8 mm) drenaj naycha qo’yiladi. Mabodo amaliyot jarayonida yurak to’xtab qolsa, yurak bo’shlig’iga adrenalin yuborilib, to’g’ridan-to’g’ri massaj qilinadi. Qorinchalar fibrillyatsiyasida defibrillyatsiya amalga oshiriladi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari