Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun
Mundarija
Qalqonsimon bez kasalliklari
Anatomik-fiziologik ma’lumotlar
Qalqonsimon bez (glandula thyreoidea) degan nomni Wharton, uning qalqonga (thyreos – yunoncha qalqon) o’xshashligi tufayli 1656 yilda bergan. Bez bo’yinning oldingi sathida, uzuksimon tog’aylarning I-IV traxeal halqalari sohasida joylashgan bo’lib, ikkita bo’lak va ularni birlashtirib turuvchi – bo’yincha qismidan tashkil topgan.
Bezning vazni balog’atga etgan odamda normada ≈ 25-30 grammga etadi, O’zbekistonda sharoitida esa, birmuncha kattalashgan bo’lib, ayniqsa endemik o’choqlarda ≈ 40-50 grammgacha bo’lishi mumkin. Bez bo’yinning to’rtinchi fastsiyasi bilan qoplangan bo’lib, ichki (yupqa) va tashqi (qalin) varaqalari orasida joylashgan, ular orasidan arteriya qon tomirlari o’tadi.
Qalqonsimon bezni asosan 4 ta arterial tomiri: tashqi uyqu arteriyasi tarmoqlaridan juft – yuqori qalqonsimon arteriyalar va o’mrov arteriyasidan keladigan juft – pastki qalqonsimon arteriyalar qon bilan ta’minlab turadi. Ba’zan qon ta’minotida aorta ravog’i va nomsiz arteriyadan tarmoqlanadigan beshinchi toq arteriya qatnashadi. Innervatsiya – simpatik va parasimpatik nerv tolalarilari orqali amalga oshiriladi. Qalqonsimon bez yodlangan gormonlar – tiroksin, triyodtironin (T3), tetrayodtironin (T4), shuningdek yodlanmagan tireokal, tireokaltsitonin gormonlarini ishlab chiqarilishida bevosita ishtirok etadi.
Gormonlar hosil bo’lishi uchun yod va tirozin aminokislotasi asosiy tarkibiy qismlar bo’lib xizmat qiladi. Yod inson organizmiga ovqat, suv, havo bilan va organik, hamda noorganik birikmalar tarkibida tushadi. Organizmda yod miqdori birmuncha o’zgarib turadi, uning ortiqcha qismi siydik (98%) va o’t suyuqligi (2%) bilan ajralib chiqadi.
Yod birikmalari qonda kaliy va natriy yodidlarini hosil qiladi, ular oksidlovchi fermentlar (peroksidaza va tsitoxromoksidaza) ta’siri ostida oddiy yodga aylanishi mumkin. Qalqonsimon bezda esa, yod moddasining oqsil bilan birikmalari hosil bo’ladi. Yod atomlari tirozin oqsili (tirozin aminokislotasi qoldig’i) bilan gormonal aktivlikka ega bo’lmagan (yodlangan tirozinlar) birikmalarini: monoyodtirozin (MYT) va diyodtirozin (DYT) hosil qiladi. Bular esa, o’z navbatida aktiv tireoid gormonlar: tiroksin, tetrayodtironin (T4) va triyodtironin (T3) ga aylanishda, asosiy substrat bo’lib xizmat qiladi.
Qalqonsimon bezdan tomir o’zaniga tushgan tiroksin qon zardobining oqsillari bilan bog’lanadi, buning natijasida qonda bog’langan (proteinli) yod kontsentratsiyasi ortadi, uning miqdorini aniqlash, qalqonsimon bez sekretor aktivligi ko’rsatkichi sifatida diagnostik ahamiyatga ega bo’ladi.
Markaziy nerv sistemasi, gipofiz va qalqonsimon bez orasida to’g’ridan- to’g’ri va aksari bog’lanishlar mavjud bo’lib, qalqonsimon bez gormonlari sintezi, hamda uni ishlab chiqarilishi, ular orqali boshqarib boriladi. Yod saqlovchi gormonlar miqdori ko’payganda gipofizning tireotrop faoliyati pasayadi va aksincha, ular etishmaganda – ortadi. Tireotrop gormon ishlanishining ortishi, nafaqat qalqonsimon bez faoliyatining ortishiga yoki pasayishiga, balki bezning diffuz yoki tugunsimon giperplaziyasiga ham olib keladi.
Tiroksin va triyodtironin inson organizmida kechadigan oksidlanish jarayonlarini rag’batlantiradi, xujayra va to’qimalarning normal o’sishi uchun zarur bo’lgan kislorod sarfini kuchaytiradi, tuz va suv almashinuvida muhim o’rin tutadi, hamda oqsillar sintezini yaxshilaydi. Ular glyukoza va galaktozaning ichaklarda so’rilishini, xujayralarda sarflanishini kuchaytiradi, glikogen parchalanishini oshiradi, uning jigardagi miqdorini kamaytiradi, yog’ almashinuviga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Qalqonsimon bez gormoni tireokaltsitonin – paraqalqonsimon bezlar gormoni bilan birgalikda organizmda kaltsiy va fosfor moddalarining almashinuvini bevosita idora qilib turadi.
Tekshirish usullari
Qalqonsimon bezning shakli, o’lchamlari, konsistentsiyasi va harakatchanligi to’g’risidagi umumiy ma’lumotlarni, uni ob’ektiv ko’zdan kechirish va bezni paypaslab ko’rish orqali to’plash mumkin. Bezni ko’zdan kechirish buqoq bor yoki yo’qligini, o’zgarishning joylashgan o’rnini (o’ng yoki chap bo’lagi, bo’yni, «yashiringan» buqoq), yutish harakatlarida uning harakatchanligini, giperplaziya xarakterini (tugunsimon, diffuz buqoq), bo’yin venalarining bo’rtib chiqqanligini va qalqonsimon bez faoliyatining buzilishiga xos belgilarni (bemorning notinch hatti-harakatlari, ko’z simptomlari, barmoqlar titrashi, astenizatsiya va boshqalar) aniqlash imkonini beradi
Paypaslab ko’rishni ikki usulda bajarish mumkin:
- bemor vrachga orqasini o’girib, boshini oldinga va pastga bir oz engashtirib o’tirgan holatda. Bu holatda bo’yin mushaklari bo’shashadi va bezni tekshirish osonlashadi. Har bir qo’lning to’rttala barmog’i bez ustida joylashadi, bosh barmoqlar esa bo’yinni orqa tomondan egallaydi;
- bemor vrachga yuzma-yuz qarab o’tiradi yoki tippatik turadi, bunda har bir qo’lning to’rttala barmog’i bemor bo’ynining yon tomonlarida joylashadi, ikkala bosh barmoq bilan bez paypaslab ko’riladi.
Bemorda bezni paypaslash vaqtida bemordan yutinish harakatlarini qilish, boshni ko’tarish yoki engashtirish so’raladi. Chunki, shunday paypaslab ko’rilganda, bezning chegaralari, uning to’sh ortida yoki yuqoriroqda joylashganligi to’g’risida muhim diagnostik ma’lumotlarni olish mumkin
Radioaktiv moddalar (I131 va b.) bilan tekshirish yod almashinuvi jarayonining noorganik va organik bosqichlarini o’rganish, yod va gormonlar ishlab chiqarilishining periferik bosqichi to’g’risida xulosa chiqarishga imkon yaratadi. Normada qalqonsimon bezda I131 yig’ilishi 2 soatdan keyin 5-10% ni tashkil etsa, 24 soatdan keyin 20-30% ni tashkil etadi. Qalqonsimon bez faoliyati oshganda, bu ko’rsatkichning miqdori birmuncha yuqori bo’ladi. Stsintigrafiya qalqonsimon bez chegaralari va o’lchamlarini aniqlash, o’smasimon tuzilmalar, metastazlar yoki aberrant bez to’qimasi borligini aniqlash imkonini beradi. Jumladan: tugunli buqoqda I131 ni qalqonsimon bezning ma’lum bo’lagida ko’p miqdorda yig’ilishi (“issik tugun”) – uning funktsional giperaktivligidan dalolat beradi, to’qimada preparat singmagan o’choqlarning (“sovuq tugun”) bo’lishi – ko’pincha uning xavfli tabiatidan yoki kista, kaltsifikat, qon quyilishi yoki fibroz o’zgarishlar borligidan darak beradi.
T3 va T4 gormonlarini radioimmun usullar yordamida tekshiriladi. Ularning nisbatini va tireotrop gormonni tekshirish gipofiz va qalqonsimon bez faoliyati orasidagi bog’lanishni aniqlashga yordam beradi.
Qalqonsimon bezni ultratovush yordamida tekshirish (skanerlash), noinvaziv tekshirish usullaridan biri bo’lib, unda qalqonsimon bez giperplaziyasi darajasi, chegaralari, o’lchamlari, tugunlar borligi, zichligi, boshqa a’zolar bilan nisbatini aniqlash imkoniyatini beradi. Odatda, I131 bilan radioaktiv tekshiruv o’tkazib bo’lmaganda (preparat yo’qligi, bez yod saqlovchi preparatlar bilan blokada qilinganda), bu usulning qimmati yanada oshadi.
Komp’yuter tomografiya tekshiruv usuli eng yangi usullardan hisoblanib, qalqonsimon bez chegaralarini va uning tarkibini aniq va ravshan ko’rsatib beradi. Bu usul, ayniqsa bezning ko’ks ortida joylashgan turlarida, uning chegaralari va boshqa to’qimalarga munosabatini aniq ko’rsatadi. Qalqonsimon bez saratoniga (rak) shubha qilinganda yoki har qanday tugunli buqoqda, bez to’qimasidan namuna olish (biopsiya), bizga qo’shimcha ma’lumot beradi. Uni operatsiyaga qadar yoki operatsiya vaqtida bajarish lozim, chunki bu ma’lumotlarga (biopsiya natijalari) tayanish, operatsiya hajmini kengaytirilishiga yoki davolashning keyingi bosqichi darajasini belgilashga zamin yaratadi.
Laringoskopiya, buqoq kasalligi bor bo’lgan barcha bemorda, hatto tovush o’zgarmagan taqdirda ham, o’tkazilishi lozim bo’lgan tekshiruv usulidir. Bunda patologik jarayonga, qaytuvchi nervlarning bez giperplaziyasiga aloqasini qay darajada ekanligini, bog’liq holda yuzaga keladigan tovush bog’lamlarining yashirin falajini aniqlash imkoniyatlarini beradi.
Endemik va sporadik buqoq
Endemik buqoq – biosferasi yodga tansiq geografik muhitlarda (endemiya, ya’ni ma’lum geografik makonga (muhit) xos) yashaydigan aholi orasida uchraydigan kasallikdir. Organizmga atrof muhitdan yodning etarlicha tushmasligi, asosini yod moddasi tashkil qiladigan tireoid gormonlar ishlab chiqarilishining pasayishiga olib keladi. Bu esa, o’z navbatida qalqonsimon bezning kompensator giperplaziyasiga va buqoq hosil bo’lishiga sabab bo’ladi. Bunday giperplaziya avvaliga tireoid gormonlar etishmayotganini to’ldiradi, keyinchalik esa qalqonsimon bez faoliyatini tubdan izdan chiqaradi. Buqoq endemiyasi asosan tog’li rayonlarda ko’proq uchraydi, kasallikning tarqalishi, erkaklar va ayollar o’rtasida deyarli baravar bo’ladi.
Sporadik buqoq – buqoq endemiyasi bo’lmagan joylardagi aholi orasida (sporadiya – ma’lum geografik makonga (muhit) xos emas, alohida, yakkam- dukkam) uchraydigan buqoq kasalligidir. Uning kelib chiqishida asosiy omil bo’lib, markaziy nerv sistemasining kuchli qo’zg’alishi, asabning o’ta kuchli ta’sirlanishi (stress) sabab bo’ladi. Jumladan bemorlar, kasallikning kelib chiqishini yaqinlaridan ajrash: bir necha qarindosh yoki farzand o’limi, fojialar va boshqa biror kuchli salbiy taassurot bilan bog’laydilar. Bu kasallikning ayollarda, erkaklarga nisbatan bir necha barobar (8-10 marta) ko’proq uchrashini, e’tiborga olish lozim.
Qalqonsimon bez kasalliklari umumiy klassifikatsiyasi (turlari) quyida keltirilgan:
- Qalqonsimon bezning tug’ma nuqsonlari,
- Qalqonsimon bez jarohatlari,
- Qalqonsimon bez yallig’lanishi:
- tireoiditlar (Xoshimoto buqog’i),
- strumitlar (Ridel buqog’i).
- Endemik buqoq:
- diffuz,
- tugunli,
- aralash.
- Sporadik buqoq:
- – diffuz,
- – tugunli,
- – aralash.
- Diffuz toksik buqoq (Bazed kasalligi, tireotoksikoz),
- Toksik adenoma (tugunli toksik buqoq),
- Qalqonsimon bez o’smalari:
- – xavfsiz o’smalar,
- – xavfli o’smalar.
Funktsional holati bo’yicha buqoqlar quyidagilarga bo’linadi:
- gipertireoid – qalqonsimon bez funktsiyasi oshgan,
- eutireoid – qalqonsimon bez funktsiyasi buzilmagan,
- gipotireoid – qalqonsimon bez funktsiyasi pasaygan bo’ladi.
Klinikasi va diagnostikasi
Endemik buqoqning ham, sporadik buqoqning ham etakchi belgilaridan biri – qalqonsimon bezning kattalashuvi hisoblanadi. Bez sohasini ko’zdan kechirish va paypaslab ko’rish qalqonsimon bezning qay darajada kattalashganligini aniqlashga imkon beradi.
Joylashuviga ko’ra bo’yinning old qismida, to’sh ortida va til osti suyagi pastida joylashgan buqoq farqlanadi. Ko’pchilik bemorlarda qalqonsimon bez faoliyati buzilmagan bo’lsa-da, buqoq endemiyasi sezilarli bo’lgan joylardagi kishilarda kasallik gipo- yoki gipertireoz belgilari bilan o’tishi mumkin. Gipotireozli bemorlar odatda tashqi ta’sirlovchilarga reaktsiyalari sekinlashgan, aqliy va jismoniy ish qobiliyati sustlashgan bo’ladi. Bemorlar tabiatan bo’shashgan, lanj, sovuqqa chidamsiz bo’lib qoladilar. Tekshiruv natijalari: bradikardiya, reflekslarning pasayganligini aniqlaydi. Tug’ma gipotireozda, kretinizm belgilarining avj olishi kuzatilib, jismoniy hamda ruhiy rivojlanishdan keskin orqada qolish belgilari yaqqol ko’zga tashlanadi.
Simptomlari: bemorlarda bo’yin harakati birmuncha cheklangan bo’ladi, ayniqsa, yoqa tugmasini qadayotganda yoki yuqori va pastga, o’ng va chap tomonga qilinayotgan harakatlarda bo’yin sohasida “o’ng’aysizlik” sezadilar, quruq yo’tal bo’ladi, tovush bo’g’iladi, nafas olish qiyinlashadi. Keyingi belgilardan biri traxeomalyatsiya bilan bog’liq bo’lib, traxeya va xiqildoqda nerv idorasi (boshqarishi) buzilib, buqoqning muttasil bosib turishi oqibatida traxeya devorining yupqalashishi kuzatiladi. Nafas olish jarayonining buzilishi – to’sh ortidagi buqoqning ko’p uchraydigan belgilaridan biridir. Aksariyat (ayniqsa to’sh ortidagi buqoqda), bemorlar tanani engashtirganda boshda og’irlik sezishga shikoyat qiladilar. Bunday bemorlarni ko’zdan kechirganda bo’yin venalarining kengayganligini, ko’krak qafasi devorining yuqori qismi sohasida o’ziga xos “meduza boshi” tasvirini qayd qilish mumkin. Nafas olishningbuzilishi “buqoqqa xos yurak” kabi o’zgarishlarga sabab bo’ladi. Simpatik nerv tutamlarining ezilishi oqibati-da – Gorner simptomi (ptoz, mioz, enoftalm) paydo bo’lishiga, ezilgan tarafdagi tana yarmida ter ajralishining kuchayishiga olib keladi.
Til osti suyagi pastida joylashgan buqoqda, xiqildoq usti qopqog’i qisilishi oqibatida nafas olish jarayoni buziladi. Ayniqsa buqoqning bir qismi qizilo’ngach orqasida joylashganda yutish, boshni burish qiyinlashadi. Kontrast modda (BaSO4) yordamida qilinadigan rentgenologik tekshiruv aberrant buqoq sohasida bariyning ushlanib qolishini, qizilo’ngachning oldingi tomon yoki lateral yo’nalishda birmuncha surilganligini aniqlashga yordam beradi.
Aberrant buqoq – patologik kattalashgan qo’shimcha qalqonsimon bez bo’lib, ko’pincha xavfli o’smaga aylanishi mumkin. Qalqonsimon bez saratoni (rak) ning bo’yin limfatik tugunlariga bergan metastazlarini, ba’zan aberrant buqoq bilan adashtiriladi.
Davolash: unchalik katta bo’lmagan diffuz buqoqlarda tireoidin tayinlanadi. Traxeya, qizilo’ngach va qon tomirlarni bosib yoki chetga surib qo’yadigan katta diffuz buqoqda qalqonsimon bezni qisman yoki subtotal kesib olib tashlashga (rezektsiya yoki ektomiya) to’g’ri keladi. Tugunli buqoqlarning hamma turlarida (25% gacha kuzatililishi mumkin bo’lgan malignizatsiyani hisobga olib), albatta operatsiya qilinadi. Bunda qalqonsimon bez rezektsiyasi amalga oshirilib, shoshilinch gistologik tekshiruv o’tkaziladi, hamda natijaga asoslangan holda muolajaga qo’shimcha tadbirlar belgilanadi. Endemik buqoq profilaktikasida yod qo’shilgan osh tuzi ishlatish, sanitariya-gigienik tadbirlar kompleksini ishlab chiqish alohida o’rin tutadi.
Tireotoksikozda ko'z simptomlari. Ikromiddinova Shaxnoza
Diffuz toksik buqoqda ko'z simptomlari. Odilov Sirojiddin
Diffuz tireotoksik buqoqni davolashi. Tursunboyev Beksulton
Qalqonsimon bezning gormonlari. Karimova Moxinur
Surunkali tireoiditlar: Hashimoto va Ridel. Olimov Abdulaziz
Tugunli buqoq. Hamraliyev Habibullo
Qalqonsimon bez toksik adenomasi. Abduqahhorova Nilufar
Prezentatsiyalar presentations
Qalqonsimon bez kasalliklari. Tireotoksikozda ko’z simptomlari (Ikromiddinova Shaxnoza)
Diffuz toksik buqoqni davolash (Tursunboyev Beksulton)
Qalqonsimon bezning gormonlari (Karimova Moxinur)
Surunkali tireoiditlar. Hashimoto va Ridel (Olimov Abdulaziz)
Qalqonsimon bezning toksik adenomasi (Abduqahhorova Nilufar)