Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun

Mundarija

Peritonitning ayrim turlari

Sil peritoniti

Sil peritoniti ko’pchilik hollarda gematogen yo’l bilan ekstraabdominal manbalardan (o’pka, limfatik tugunlar), shuningdek sil bilan zararlangan qorin bo’shlig’i a’zolari va mezenterial limfatik tugunlar orqali rivojlanadi. Sil peritonitining klinik kechishi o’tkir, o’rtacha o’tkir yoki surunkali bo’lishi mumkin, uning so’nggi turi amaliyotda ko’proq uchraydi. Ekssudativ, kazeoz- yarali (soxta o’smali) va fibroz turlari bilan farqlanadi. Jarayon turiga ko’ra klinik ko’rinishida asta-sekin ko’payuvchi astsit, qisman yoki to’liq ichak tutilishi yoki tarqalgan peritonitning belgilari ustivorlik qiladi. Diagnostikasida: anamnez (o’tkazilgan sil), tuberkulinga sezuvchanlikning ortishi, laparoskopiya usulini qo’llash kata yordam beradi. Davolash: odatda, sil jarayonini, hozirgi zamon davolash tamoyillarini hisobga olgan holda dori-darmonlar bilan, tarqalgan peritonit yoki o’tkir ichak tutilishi belgilari paydo bo’lganda esa xirurgik yo’l bilan davolanadi. 

Ginekologik peritonitlar

Ginekologik peritonitlar: nospetsifik va spetsifik peritonit turlari tafovut qilinadi. Nospetsifik peritonit bachadon ortiqlarining yallig’li o’smasi, parametriy abstsessi, tuxumdonning yiringlangan kistasi qorin bo’shlig’iga yorilganda paydo bo’ladi. Diagnostika: tug’ruqdan keyingi davrda va kasalxonadan tashqari holatda qilingan septik abortdan keyin, infektsiya (metroendometrit, metrotromboflebit) bachadondan limfogen yoki gematogen yo’llar orqali rivojlanadigan ginekologik peritonitlar eng ko’p qiyinchilikka sabab bo’ladi. Peritonitning paydo bo’lishini yana bir ehtimoliy sababi – bachadon va qinning jarohatlari (bachadon perforatsiyasi yoki yirtilishi, ochiq jarohati va b.), mikrofloraning qorin bo’shlig’iga tushishi hisoblanadi. Bunda yallig’lanish jarayoni kichik chanoq bo’shlig’ini qamrab olgach, pelvioperitonit deb atalgan kasallikni chaqirishi va qorin pardasining katta qismiga o’tishi oqibatida tarqalgan peritonit kelib chiqishi mumkin. Ginekologik tarqalgan peritonit, infektsiyaning boshqa ko’p uchraydigan joylaridagi peritonit kabi kechadi. Pelvioperitonit nisbatan xavfsiz kechadi. Kasallikning boshlanishidagi qorin pastidagi simillagan og’riqlar, oldingi qorin devorining taranglashishi, yuqori xarorat jadal antibiotikoterapiya ta’siri ostida bir vaqt o’tgach kamayadi, ekssudat so’rilishga moyil bo’ladi, sog’ayish boshlanadi. Pelvioperitonit avj olganda og’riqlar tobora kuchayib boradi, yiringli intoksikatsiya belgilari, yaqqol gipertermiya holati paydo bo’ladi. Bu holda xirurgik davolash o’tkaziladi.

Spetsifik pelvioperitonit

Spetsifik pelvioperitonit – ko’pincha gonokokk florasiga bog’liq gonoreya bilan kasallangan bemorlarining taxminan 15% da pelvioperitonit rivojlanishi bilan boshlanadi. Mikroblar qorin bo’shlig’iga kasallangan bachadonning naylari orqali tushadi. Jarayon odatda, chanoq bo’shlig’idan tashqariga chiqmaydi. Bunda qorinning pastki qismida kuchli og’riqlar, tenezmlar, ichning suyuq kelishi, tana haroratining ko’tarilishi kuzatiladi. Qorin dam bo’lib, silab ko’rilganda qorin old devori mushaklarining taranglashishi, musbat Shyotkin- Blyumberg belgilari aniqlanadi. Rektal va vaginal tekshirishda chanoq qorin pardasining yallig’lanish belgilari topiladi, qindan esa seroz-yiringli ajralmalar kelishi kuzatiladi. Bakteriologik tekshirish diagnozni tasdiqlaydi. Davolash: gonoreya peritonitida xos dori-darmonlar ishlatiladi. Detoksikatsion va antibakterial muolaja tayinlanadi. Bemor o’rinda yotganida, tananing yuqori qismini balandroq holda tutishi lozim bo’ladi. 

Qorin sohalari

Peritonit klassifikatsiyasi haqida ma'lumot

Birlamchi peritonit (Norqobilova So'g'diyona)

Ikkilamchi peritonit (Rixsiboyeva Gavharoy)

Uchilamchi peritonit (Jumanov Bakhtiyor)

Yallig'lanish tizimli reaktsiya sindromi (Zokirov Abduvohid)

Peritonit va sepsis haqida ma'lumot (Narzullaev Saydulla)

Peritonit darajasi (Narzullaev Saydulla)