Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun

Qalqonsimon bez kasalliklari

Buqoq – giperplaziya (yoki degenerativ) o’zgarishlar oqibatida qalqonsimon bezning cheklangan yoki diffuz kattalashishi. Kelib chiqish sabablariga ko’ra buqoq ikki turli bo’ladi: endemik va sporadik.

Endemik buqoq – biosferasi yodga tansiq geografik muhitlarda (endemiya, ya’ni ma’lum geografik makonga (muhit) xos) yashaydigan aholi orasida uchraydigan kasallikdir. Organizmga atrof muhitdan yodning etarlicha tushmasligi, asosini yod moddasi tashkil qiladigan tireoid gormonlar ishlab chiqarilishining pasayishiga olib keladi. Bu esa, o’z navbatida qalqonsimon bezning kompensator giperplaziyasiga va buqoq hosil bo’lishiga sabab bo’ladi. Bunday giperplaziya avvaliga tireoid gormonlar etishmayotganini to’ldiradi, keyinchalik esa qalqonsimon bez faoliyatini tubdan izdan chiqaradi. Buqoq endemiyasi asosan tog’li rayonlarda ko’proq uchraydi, kasallikning tarqalishi, erkaklar va ayollar o’rtasida deyarli baravar bo’ladi.

Sporadik buqoq – buqoq endemiyasi bo’lmagan joylardagi aholi orasida (sporadiya – ma’lum geografik makonga (muhit) xos emas, alohida, yakkamdukkam) uchraydigan buqoq kasalligidir. Uning kelib chiqishida asosiy omil bo’lib, markaziy nerv sistemasining kuchli qo’zg’alishi, asabning o’ta kuchli ta’sirlanishi (stress) sabab bo’ladi. Jumladan bemorlar, kasallikning kelib chiqishini yaqinlaridan ajrash: bir necha qarindosh yoki farzand o’limi, fojialar va boshqa biror kuchli salbiy taassurot bilan bog’laydilar. Bu kasallikning ayollarda, erkaklarga nisbatan bir necha barobar (8-10 marta) ko’proq uchrashini, e’tiborga olish lozim.

Qalqonsimon bez kasalliklari umumiy klassifikatsiyasi (turlari) quyida keltirilgan:

Qalqonsimon bezning tug’ma nuqsonlari,

Qalqonsimon bez jarohatlari,

Qalqonsimon bez yallig’lanishi:

– tireoiditlar (Xoshimoto buqog’i),

– strumitlar (Ridel buqog’i).

Endemik buqoq:

– diffuz,

– tugunli,

– aralash.

Sporadik buqoq:

– diffuz,

– tugunli,

– aralash.

Diffuz toksik buqoq (Bazed kasalligi, tireotoksikoz),

Toksik adenoma (tugunli toksik buqoq),

Qalqonsimon bez o’smalari:

– xavfsiz o’smalar,

– xavfli o’smalar.

Kattalalish darajasi bo’yicha buqoq 6 darajadan iborat:

0 daraja – bez ko’rinmaydi yoki paypaslaganda bilinmaydi.

I daraja – bez ko’rinmaydi, paypaslaganda qo’lga seziladi va yutish harakatlarida ko’rinadi.

II daraja – qalqonsimon bez yutinganda ko’rinadi va qo’lga yaxshi unnaydi, biroq bo’yin shakli o’zgarmagan bo’ladi.

III daraja – bez ko’zdan kechirilganda kattalashgani bilinadi, bo’yin shakli o’zgarib, yug’onlashadi – «yo’g’on bo’yin».

IV daraja – bo’yin ko’rinishini buzib turadigan aniq, yuzaga chiqqan buqoq ko’rinadi.

V daraja – o’lchamlari juda katta bo’lgan bez ko’rinadi, bu davrda bez qizilo’ngach yoki traxeyani bosib, yutinish va nafas olishni qiyinlashtirib qo’yadi.

Funktsional holati bo’yicha buqoqlar quyidagilarga bo’linadi:
gipertireoid – qalqonsimon bez funktsiyasi oshgan,
eutireoid – qalqonsimon bez funktsiyasi buzilmagan,
gipotireoid – qalqonsimon bez funktsiyasi pasaygan bo’ladi.

Endemik buqoqning ham, sporadik buqoqning ham etakchi belgilaridan biri – qalqonsimon bezning kattalashuvi hisoblanadi. Bez sohasini ko’zdan kechirish va paypaslab ko’rish qalqonsimon bezning qay darajada kattalashganligini aniqlashga imkon beradi.

Simptomlari: bemorlarda bo’yin harakati birmuncha cheklangan bo’ladi, ayniqsa, yoqa tugmasini qadayotganda yoki yuqori va pastga, o’ng va chap tomonga qilinayotgan harakatlarda bo’yin sohasida “o’ng’aysizlik” sezadilar, quruq yo’tal bo’ladi, tovush bo’g’iladi, nafas olish qiyinlashadi. Keyingi belgilardan biri traxeomalyatsiya bilan bog’liq bo’lib, traxeya va xiqildoqda nerv idorasi (boshqarishi) buzilib, buqoqning muttasil bosib turishi oqibatida traxeya devorining yupqalashishi kuzatiladi. Nafas olish jarayonining buzilishi – to’sh ortidagi buqoqning ko’p uchraydigan belgilaridan biridir. Aksariyat (ayniqsa to’sh ortidagi buqoqda), bemorlar tanani engashtirganda boshda og’irlik sezishga shikoyat qiladilar. Bunday bemorlarni ko’zdan kechirganda bo’yin venalarining kengayganligini, ko’krak qafasi devorining yuqori qismi sohasida o’ziga xos “meduza boshi” tasvirini qayd qilish mumkin. Nafas olishningbuzilishi “buqoqqa xos yurak” kabi o’zgarishlarga sabab bo’ladi. Simpatik nerv tutamlarining ezilishi oqibati-da – Gorner simptomi (ptoz, mioz, enoftalm) paydo bo’lishiga, ezilgan tarafdagi tana yarmida ter ajralishining kuchayishiga olib keladi.

Tireotoksikozda ko'z simptomlari. Ikromiddinova Shaxnoza

Diffuz toksik buqoqda ko'z simptomlari. Odilov Sirojiddin

Diffuz tireotoksik buqoqni davolashi. Tursunboyev Beksulton

Qalqonsimon bezning gormonlari. Karimova Moxinur

Surunkali tireoiditlar: Hashimoto va Ridel. Olimov Abdulaziz

Tugunli buqoq. Hamraliyev Habibullo

Qalqonsimon bez toksik adenomasi. Abduqahhorova Nilufar

Prezentatsiyalar presentations

Qalqonsimon bez kasalliklari. Tireotoksikozda ko’z simptomlari (Ikromiddinova Shaxnoza)

Diffuz toksik buqoqni davolash (Tursunboyev Beksulton)

Qalqonsimon bezning gormonlari (Karimova Moxinur)

Surunkali tireoiditlar. Hashimoto va Ridel (Olimov Abdulaziz)

Qalqonsimon bezning toksik adenomasi (Abduqahhorova Nilufar)

Tugunli buqoq (Hamraliev Habibullo)