Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Surunkali abdominal ishemiya sindromi

Qorin aortasi vistseral tarmoqlarining surunkali okklyuzion zararlanishlari bilan o’tadigan simptomlar kompleksi adabiyotda turli nomlar ostida yuritiladi. «Qorin anginasi» atamasi eng ko’p tarqalgan va ko’pchilik uni qabul qilgan. Kasallikning uchta simptomi bor: ovqat eyilgandan keyin hazm jarayoni cho’qqisida qorinda anginoz xurujsimon og’riq paydo bo’lishi, ichak disfunktsiyasi, tobora oriqlab ketish.

A.V. Pokrovskiy muallifdoshlari bilan «surunkali abdominal ishemiya sindromi» degan atama birmuncha asosli deb hisoblaydilar, u patologik jarayon xarakterini, uning moxiyatini – ishemiya va abdominal lokalizatsiyasini aniq ta’kidlaydi. Surunkali abdominal ishemiya sindromi ostida qorin aortasi vistseral tarmoqlarining surunkali zararlanishlari sababli hazm organlaridagi qon aylanishi etishmovchiligi va klinik jixatdan qorinda og’riqlar, ichaklar disfunktsiyasi tushuniladi. Bu odatda ovqat eyilgandan keyin hazm organlarining funktsional aktivligi cho’qqisiga chiqqanda paydo bo’ladi, qisman bemorlarda tobora oriqlab ketish kuzatiladi.

Kasallikning nechog’lik uchrashi hanuzgacha aniq ma’lum emas, bu operatsiyadan oldingi diagnostikaning qiyinligi bilan tushuntiriladi. Patologoanatomik ma’lumotlarga ko’ra, qorin arteriyasi zararlanishi 20-45%, yuqori ichak tutqich arteriyasining zararlanishi o’rta hisobda 30% hollarda kuzatiladi. S.M. Kurbongaleev bilan muallifdoshlari ma’lumotlariga ko’ra (1974) 134 ta o’lgan odamlardan qorin stvoli zararlanishi 19,4%, yuqori ichak tutqich arteriyasi – 31,3% va pastki ichak tutqich arteriyasi zararlanishi 49,2% xollarda kuzatilgan.

Angiografik tekshirishda vistseral arteriyalar zararlanishi ham turlicha aniqlanadi va 4 dan 54% gacha hollar o’rtasida bo’ladi. Surunkali abdominal ishemiya sindromi turli sabablardan kelib chiqishi mumkin. Bu sabablar ikkita asosiy guruhga bo’linadi.

Etiologiya va patogenez

  1. Intravazal – tomirlarning xar xil organik stenozlovchi kasalliklari: ateroskleroz, nospetsifik aorto-arteriit, fibromuskulyar displaziya, vistseral tarmoqdar anevrizmasi, turli patologiyalar, tug’ma rivojlanish nuqsonlari.
  2. Vistseral tarmoqlar kompensatsiyasini keltirib chikaradigan ekstravazal sabablar: qorin stvolining diafragma elementlari, gangliyalar va kuyosh chigali
    nerv tolalaridan bosilishi. Vistseral tarmoqlarning periarterial fibrozdan deformatsiyasi va ularning qo’shni organlarining o’smalaridan bosilishi.

Surunkali abdominal ishemiyaning asosiy simptomi og’riq hisoblanadi. Surunkali abdominal ishemiyada og’riq, simptomokompleksining kelib chiqishi quyidagicha: to’qima ishemiyasi gipoksiyaga, metabolik o’zgarishlarga, atsidoz rivojlanishiga, oksidlanib ulgurmagan maxsulotlar va gistaminsimon moddalarning ko’p miqdorda yig’ilishiga olib keladi, ular organ ichida joylashgan nerv oxirlarini ta’sirlantiradi. To’qimalar ishemiyasi to’g’risidagi signallar ishemiyaga uchragan organ va vegetativ markaz joylashgan joyda og’riq, bilan namoyon bo’ladi. Og’riqning epigastriyda joylashishi, o’ng qovurg’alar ostiga o’tishi, yuqori ichak tutqich arteriyasi xavzasidagi ishemiyada butun qorin bo’ylab tarqalishi shu bilan izoxlanadi.

Normada qonning bir havzadan ikkinchisiga oqib tushishi, shuningdek qonning bitta magistralning turli tarmoqlari o’rtasida qayta taksimlanishi shu bosqichda turgan organlarga etarli mikdorda kon etkazib berilishini ta’minlaydi. Qorin stvoli okklyuziyasida qon aylanishining etishmasligi yuqori ichak tutqich arteriyasi havzasidan qon oqib o’tishi bilan to’ldiriladi. Hazm jarayoniga yuqori ichak tutqich arteriyasi havzasidan qon bilan ta’minlanadigan organlar qo’shilmagan paytda qorin stvoliga qon oqib kelishi etarli bo’ladi. Ichaklarga ovqat lukmasi tushgan va surilgan sayin qon oqimi keskin kamayadi, chunki ichaklarning o’zi qo’shimcha qon tushishiga muhtoj bo’ladi. Stvol havzasiga qon tushishining kamayishi tegishli organlar, birinchi galda jigar ishemiyasiga olib keladi, chunki jigar hazm jarayonining boshidan oxirigacha funktsional jixatdan faol holatda bo’ladi. 

Yuqori ichak tutqich arteriyasining okklyuzion zararlanishlarida ishemiya aksariyat qorin stvoli havzasida rivojlanadi. Jigar hazm jarayonining butun tsikli ichida etarli darajadagi qon mikdoriga muhtojligi sababli qorin stvoli havzalaridan qon oqib ketishi uning ishemiyasiga olib keladi. Yuqori ichak tutqich arteriyasi okklyuziyasida birinchi galda pastki ichak tutqich arteriyasi (Riolan ravog’i) kengayadi va qon oqimini to’ldirishda qatnashadi.

Qorin-ichak tutqich anastomozi – qonni etkazishning birmuncha qisqa yo’li kamroq qatnashadi. Og’riq intensivligi hazm organlari ishemiyasining darajasiga bog’liq. Ishemik buzilishlarning boshlang’ich bosqichlarida og’riq simptomlari kompleksi davriyligi va intensivligida muayyan qonuniyatni aniqlash qiyin. Shunga qaramay, ko’pchilik bemorlar ko’p ovqat eyilgandan va «parhez buzilgandan» keyin og’riq paydo bo’lishidan noliydilar. Bu hol birmuncha ehtiyotlaydigan ovqat rejimiga o’tishga majbur etadi, bu axvolni vaqtincha engillashtiradi. Tez orada bemorlar og’riq paydo bo’lishida ovqatning sifatidan ko’ra uning mikdori ahamiyatli ekanligini payqab qoladilar. Bu qonuniyatni bilib olib, ular ko’p ovqat eyishdan o’zlarini tiyadilar, uni oz-ozdan eyishga xarakat qiladilar – «smeal meal sindrome». Ovqat eyilganda qorinda azobli og’riq paydo bo’lganligidan bemorlar ovqatdan yuz o’girishga majbur bo’ladilar. Abdominal ishemik og’riqlarning paydo bo’lishi va davomiyligida muayyan qonuniyatni kuzatish mumkin. Ko’pchilik bemorlar og’riq ovqatdan 15-20 minut o’tgandan keyin paydo bo’lishidan noliydilar. Og’riq ovqat ingichka ichakdan o’tib bulguncha, ya’ni taxminan 2-2,5 soat davom qiladi. Turli mualliflarning ma’lumotlariga ko’ra, qorindagi og’rik 10 dan 82% gacha hollarda uchraydi. Og’riq simptomokompleksi aksariyat qorin stvoli xavzasida qon aylanishi buzilishlarida (76,3%), kamroq yuqori ichak tutqich arteriyasi zararlanishlarida (37,4%), atigi 8,1% hollarda pastki ichak tutqich arteriyasi zararlanishlarida kuzatiladi.

Klinika

Shunday qilib, surunkali abdominal ishemiya sindromida og’riq xarakteri va joylashuvi turlicha bo’lishiga qaramay, uning muayyan o’ziga hos belgilari ham bor: u ovqat eyishga, tegishli hazm tsikli vaqtiga va o’ng qovurg’alar ostiga beriladi, ovqat hazm qilish keskin chegaralanganda bosiladi.

Surunkali abdominal ishemiyaning ikkinchi simptomi – ichak disfunktsiyasidir. U taxminan 60-80% hollarda kuzatiladi va uning motor, sekret ajratish va absorbtsion funktsiyasi buzilishida yuzaga chiqadi. Bu simptomlarning og’ir-engilligi ishemiya darajasiga bog’liq. Ilk bosqichlarida – qorin dam bo’lishi, aerokaliya, qattiq qabziyat yoki ich ketib turishi bilan namoyon bo’ladigan qorindagi yoqimsiz hodisalar kuzatiladi. Biroq, bu simptomlar asta-sekin avj olib boradi. Qabziyat asta-sekin ich ketar bilan almashinib, bu juda og’riqli bo’ladi. Yuqori ichak tutqich arteriyasidagi qon aylanishi buzilishi uchun ichakning ham motor-sekretor, ham absorbtsion funktsiyasining buzilishi xosdir. Pastki ichak tutqich arteriyasi zararlanganda evakuator funktsiyaning buzilishi ko’zatiladi: uzoq vaqtgacha qabziyat bo’ladi, «qo’y qumalog’i» ko’rinishidagi axlatga aksariyat qon aralashgan bo’ladi, tug’ri ichak sfinkterlari funktsiyasi pasayadi.

Shunday qilib, ichak ishemiyasi (surunkali) ikkita asosiy formada yuzaga chiqadi: yuqori ichak tutqich formasi – ichakning sekretor va absorbtsion funktsiyasi ustunlik qiladi (proksimal enteropatiya) va pastki ichak tutqich formasi – ichak terminal bo’limining evakuator funktsiyasi buziladi (terminal kolopatiya).

Bemorlarda ovqatdan yuz o’girish, ichakning sekretor va absorbtsion funktsiyalari pasayib ketadigan surunkali abdominal ishemiyaning uchinchi simptomi tobora oriqlab ketish hisoblanadi. Bu simptom bemorlarning 35-45 foizida aniqlanadi.

Pastki ichak tutqich arteriyasi zararlanishlarida klinik belgilar ko’pincha bo’lmaydi, bu magistral qon oqimi tanqisligining yuqori ichak tutqich arteriyasi hisobiga yaxshi qoplanishidan dalolat beradi. Yo’g’on ichak chap qismidagi qon aylanishining surunkali buzilishlari kechishida 3 bosqich farq qilinadi: kompensatsiyalangan bosqich, funktsional buzilishlar bosqichi bo’lib, bunda yo’g’on ichak kolopatiyasi sindromi rivojlanadi va ishemik kolitlar, segmentar stenozlar, yo’g’on ichakda gangrena rivojlanishi bilan o’tadigan organik buzilishlar bosqichi.

Diagnostika

Surunkali abdominal ishemiya sindromi bo’lgan bemorlarda o’tkaziladigan diagnostik tadbirlar yig’indisini shartli ravishda uch bosqichga bo’lish mumkin:

  1. Umumiy klinik tekshiruvlar bosqichi: bemordan batafsil so’rab- surishtirish va kasallik anemnezini yig’ish, bemorni ko’zdan kechirish, qorin aortasi va uning tarmoqlarini, shuningdek yuza joylashgan magistral arteriyalarni (uyqu, o’mrov osti, yonbosh, son arteriyalari kabi) palpator va auskultativ aniqlash, qorin aortasi va uning tarmoqlarini fonoangiografik tekshirish.
  2. Tekshiruvning ixtisoslashgan statsionar bosqichi: funktsional diagnostika usullari, laboratoriyada tekshirish usullari, me’da-ichak yo’li rentgenoskopiyasi, gastroduodenoskopiya, kolonoskopiya, qorin aortografiyasi, selektiv tseliako- va mezenterikografiya.
  3. Tekshiruvning intraoperatsion bosqichi: qorin bo’shlig’i organlari, qorin aortasi va vistseral tarmoqlarini taftish qilish, vistseral arteriyalarni elektromanometriya va elektrofloumetriya qilish. 

Bemorlardan so’rab-surishtirishda va fizik tekshiruv usullarida surunkali abdominal ishemiya sindromi borligi to’g’risida taxmin qilishga asos bo’ladigan tayanch nuqtalar quyidagilardir:

  • ko’p martalab tekshirish va terapiyaning naf bermaganligi;
  • og’riq simptomokompleksi va ichak disfunktsiyasining ovqat eyish bilan aloqadorligi;
  • og’riq simptomokompleksi kuchi va davomliligining hazm organlarining funktsional jixatdan faolligiga
  • hazm tsikliga muvofiq kelishi;
  • boshqa arterial xavzalarda (braxeotsefal, buyrak, yonbosh, son kabi) qon aylanishi buzilishi belgilarining mavjudligi

Surunkali abdominal ishemiya sindromini diagnostika qilish uchun qator funktsional sinamalar taklif etilgan, ulardan ko’p qismining mohiyati hazm yo’liga nagruzka tushirish yo’li bilan abdominal simptomokompleksni yuzaga keltirishdan iborat. Biroq, bu sinamalarning diagnostik qimmati yuqori emas, shuning uchun ular keng qo’lamda tan olinmadi va klinik amaliyotda qo’llanilmadi.

Laborator tekshiruvlar. Ichak absorbtsion va sekretor funktsiyasining holati to’g’risidagi axborotni bemor koprogrammalarini o’rganib olish mumkin. Badbo’y xidli, shilimshik, neytral yog’, muskul tolalar, biriktiruvchi to’qimaga boy, shakllanmagan suyuk, axlat hazm organlarining sekretor va absorbtsion funktsiyalari buzilganligidan dalolat beradi.

Vitamin B12 bilan o’tkaziladigan sinama (Shillenger testi) yo’g’on ichak distal bo’limining absorbtsiya holati to’g’risida ma’lumot beradi. Metod Co56 bilan nishonlangan vitamin B12 ning radioaktiv dozasi peroral qabul qilinganda 24 soat ichida siydik bilan ajratilgan vitaminni aniqlashga asoslangan. Normal sharoitlarda qabul qilingan dozaning 10 dan 30 foizigacha chiqariladi. Absorbtsiya buzilganda siydik bilan ajratilgan vitamin miqdori kamayadi.

Me’da ichi pH-metriyasi usulida me’da sekretsiyasini tekshirishning muayyan ahamiyati bor. Rentgenoskopiya ichak motor funktsiyasining buzilganini, shuningdek qator destruktiv o’zgarishlarni aniqlashga yordam beradi. Diagnostikaning boshqa usullari bilan birga bu ma’lumotlar muayyan qimmatga ega bo’ladi.

Endoskopik tekshirish usullari (gastroduodenoskopiya va kolonoskopiya) abdominal patologiyaning tomirlardan kelib chiqishinigina emas, balki me’da, o’n ikki barmok ichak va yo’g’on ichakda o’sma va boshqa organik kasalliklar bor-yo’qligini aniqlashni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi.

Qorin aortasi vistseral tarmoqlarining okklyuzion zararlanishlarini angiografik diagnostika qilish surunkali abdominal ishemiya sindromining asosiy diagnostika usuli hisoblanadi. Rentgen kontrast usulgina qorin aortasi vistseral  tarmoqlarining zararlanganini aniq va abdominal patologiyaning tomirli genezini isbotlab berishga imkon yaratadi. Vistseral tarmoqlar Seldinger bo’yicha retrograd angiografiya usuli va Dos Santos bo’yicha translyumbal punktsion aortografiyada kontrastlanishi mumkin. Angiografiyaning u yoki bu usulini qo’llanish terminal aorta, yonbosh va son arteriyalari holatiga bog’liq. Ular ateroskleroz bilan zararlanganda Seldinger bo’yicha retrograd aortografiya qo’llanishi mumkin emas, chunki okklyuziyalovchi jarayon zond kiritilishiga to’sqinlik qiladi va eng muximi son arteriyasi trombozi yuz berish xavfini vujudga keltiradi. Shunday sharoitlarda yuqori translyumbal aortografiya qo’llanish lozim. Ikkita – oldingi, orqa va yon proektsiyalarda tekshirishda qorin aortasi vistseral tarmoqlarining xalati  to’g’risida zarur ma’lumot olish mumkin.

Aortogramma va selektiv angiogrammalarni taxlil qilishga asoslanib, quyidagi angiografik simptomlarni farq qilsa bo’ladi

Bular biror magistral tarmoq zararlanganidan darak beradi: 

  • qorin-ichak tutqich va ichak tutqicharo anastomozlar irmoqlari kollateral qon aylanish yo’llarining kengaishi;
  • okklyuziyalangan magistral tarmoqlar va stvollarining retrograd to’lishi;
  • qo’shni zararlanmagan magistralning kompensator kengayishi;
  • buyrak arteriyasi diametrining taloq arteriyasi diametridan oshganligi;
  • zararlangan magistral va uning tarmoqlarining birmuncha aniq kontrastlanishi;
  • kontrast moddaning zararlangan magistraldan aortaga qayta o’tmasligi.

Surunkali abdominal ishemiya sindromini intraoperatsion diagnostika qilish vistseral tarmoqlarni taftish qilishdan iborat. Arteriya devorlarining qalin tortishi, aterosklerotik pilakchalar va boshqa o’zgarishlar borligi aniqlanadi. Arteriya ustida palpatsiyada aniqlanadigan titrash qon aylanishi buzilganini ko’rsatadigan belgi hisoblanadi. Zararlangan arteriyada stenozlangan uchastkadan distalrokda arterial bosimni aniqlash va uni aortadagi bosim bilan taqqoslash tsirkulyator buzilishlarning og’ir-engiligi to’g’risida tushuncha beradi. Zararlangan arteriya bo’ylab qon oqimi reduktsiyasi darajasini aniqlashga imkon beradigan elektromagnit floumetriya birmuncha faol ko’rsatkichlar beradi.

Surunkali abdominal ishemiya sindromi diagnozining to’g’riligiga shubxa tug’ilgan sharoitlarda qorin bo’shlig’i organlarini hazm yo’lidagi organik kasalliklarni aniqlash (yoki istisno qilish) maqsadida taftish o’tkazish lozim.

Davolash

Vistseral qon aylanishining surunkali buzilishi – xirurgik muammodir. Normal qon oqimini faqat operatsiya yo’li bilan tiklash mumkin. Surunkali abdominal ishemiyaning subkompensatsiyalangan va dekompensatsiyalangan bosqichi operatsiya qilishga ko’rsatma hisoblanadi. Okklyuziya jarayoni (kompensatsiya bosqichi) asimptom kechganda vistseral qon oqimi quyidagi hollardagina korrektsiya qilinadi:

  • qorin aortasi va uning boshqa tarmoqlari zararlanganligi tufayli o’tkazilayotgan operatsiya gemodinamika sharoitlarini o’zgartirib, buzilgan vistseral qon aylanishini yanada og’irlashtirishi va kompensatsiya holatidagi izdan chiqqan vistseral qon oqimini battar buzishi mumkin;
  • vistseral tarmoqlar qorin aortasining o’z patologiyasi tufayli bajarilayotgan operatsiya aralashuvi zonasida bo’lib qoladi. 

Birga qo’shilib kelgan zararlanishlarning turli xil variantlari bo’lganda xirurgik taktika va operatsion aralashuv to’g’risidagi masalani xal qilishda umuman patologiya xarakteridan kelib chiqish lozim. Klinik amaliyotda quyidagi birga keladigan zararlanishlar uchraydi: bir necha vistseral tarmoqlar varianti; vistseral va buyrak arteriyalari varianti; vistseral tarmoqlar va qorin aortasi, vistseral va buyraklar va qorin aortasi tarmoqlari varianti.

Qorin stvoli va yuqori ichak tutqich arteriyasi zararlanganda ikkala arteriyadagi buzilgan qon aylanishini bir vaqtning o’zida korrektsiya qilishga xarakat qilish zarur. Proksimal vistseral tarmoqlar va buyrak arteriyalarining qo’shilib kelgan zararlanishlarida abdominal qon oqimini korrektsiya qilish kerak. Vistseral tarmoqlar va qorin aortasining qo’shilib kelgan zararlanishlarida ham qon oqimini bir vaqtning o’zida korrektsiyalashga xarakat qilish kerak. Pastki ichak tutqich arteriyasining revaskulyarizatsiyasi to’g’risidagi masala muxim, terminal aorta rekonstruktsiyasida va yonbosh-son shuntlashda ishemik buzilishlar yo’g’on ichakning chap yarmida paydo bo’ladi. Bu o’rinda protez bilan aortaning proksimal anastomozi darajasi ahamiyatga ega. Uni pastki ichak tutqich arteriyasi chiqadigan joydan yuqorida qo’yilganda ichak ishemiyasi rivojlanishi uchun sharoitlar vujudga keladi, chunki asosiy qon oqimi shunt bo’ylab yo’naladi, pastki ichak tutqich arteriyasidan qon oqimi esa reduktsiyalanadi. Shuning uchun aorta-son shuntlashda proksimal anastomoz pastki ichak tutqich arteriyasi satxiga qo’yiladi. Qorin aortasi vistseral tarmoqlaridagi qon oqimini korrektsiya qilishda operatsiya qorin aortasiga va uning tarmoqlariga yaxshi yo’l ochibgina qolmay, balki xirurgning ilgari mo’ljallab qo’ygan operatsiya rejasiga o’zgartirish kiritishga imkon berishi kerak. IX qovurg’alararo orqali o’tiladigan chap tomonlama
torakofrenolyumbotomik yo’l afzal deb hisoblanadi. 

Xirurgik korrektsiya usulini tanlash okklyuziyalovchi jarayon tabiatiga va xarakteriga bog’liq. Qorin stvoli ekstravazal kompressiyasida adekvat qon oqimini tiklash ko’p hollarda arteriyani bosib turadigan omillardan ozod qilishning o’zi kifoya qiladi.

Operatsiyalarning rekonstruktiv usullari:

  • transaortal va transarterial trombendarterektomiya;
  • arteriyalarni rezektsiya qilish va protezlash;
  • replantatsiya operatsiyasi;
  • arteriyalararo shuntlash operatsiyalari.

Arteriya proksimal segmentida etarlicha diametrdagi chegaralangan zararlanish bo’lishi trombendarterektomiyaga ko’rsatma hisoblanadi. Endarterektomiyani transarterial va transaortal usullar bilan amalga oshirish mumkin. Transarterial endarterektomiyaning moxiyati zararlangan arteriya segmenti ustidan o’tkazilgan arteriotomik kesma orqali o’zgargan intima va pilakchalarni olib tashlashdan iborat. Arteriyani rezektsiya qilish va protezlash qorin aortasi vistseral tarmoqlarini rekonstruktsiya qilishning asosiy usullaridan biri sanaladi. Arteriyada hosil bo’lgan nuqson o’rnini to’ldirish uchun diametri 8-10 mm bo’lgan lavsan-ftorlon to’qima protezlaridan va autoven-plastikadan foydalaniladi. Vistseral tarmoqdarni protezlashga ko’rsatma bo’lib, zararlanish etiologiyasidan qatiy nazar zararlanishning prolongatsiyali formalari hisoblanadi. Replantatsiya operatsiyasining moxiyati zararlangan segmentni rezektsiya qilish va uni aortaning o’zgarmagan qismiga qayta tikishdan iborat. Replantatsiya to’g’risidagi masalani asosiy stvoli etarlicha uzun bo’lgan ichak tutqich arteriyalari zararlangan takdirdagina o’rtaga qo’yish mumkin. 

Shuntlash operatsiyalari. Bu operatsiyalarning moxiyati zararlangan segmentni chetlab o’tib qon oqimini tiklashdan iborat. Operatsiyalarning turli xil metodikalari ishlab chiqilgan, ularni shartli ravishda 2 guruhga bo’lish mumkin: aorta-arterial shuntlash va arteriyalararo anastomoz operatsiyalari. Shuntlashda qon oqimi zararlangan arteriya bilan qon oqimi manbai o’rtasiga qo’shimcha kiritma (allo- yoki automaterialdan) qo’yish yo’li bilan tiklanadi. Qon shu kiritma bo’ylab okklyuziyalangan magistral xavzasiga yo’naladi.

Shartli rekonstruktiv (dekompressiyalaydigan) operatsiyalar. Qorin stvoli ekstravazal kompressiyasida bajariladi va uni bosib turgan omillardan ozod qilishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi.

Dekompressiyalaydigan operatsiyalarga: diafragmaning o’rta fibroz boylamini qirqish, diafragma medial oyoqchasini qirqish – krurotomiya, gangliyalarni olib tashlash va quyosh chigali nerv tolalarini qirqish, arteriyalarni o’rab turgan fibroz to’qimalardan ozod qilish – arterioliz kiradi.

Shunday qilib, vistseral qon aylanishi buzilishini xirurgik yo’l bilangina korrektsiya qilishga erishish mumkin.

Asoratlari. Operatsiya bajarish jarayonida va operatsiyadan keyingi davrda yuz berishi mumkin bo’lgan asoratlar bu xavfli sharoitlarni profilaktika qilishni, bular paydo bo’lganda esa bartaraf etish choralarini ko’rishni talab etadi. Yurak- tomirlar, nafas va o’tkir buyrak etishmovchiligi, ichak infarkti va peritonit aksariyat o’lim bilan yakunlanadi. Rekonstruktiv segment trombozlari, qon oqishlar, operatsion jaroxat yiringlashi, qorin bo’shlig’i organlari eventratsiyasi xirurgik davolashning etarlicha og’ir oqibatlari hisoblanadi va organni, ba’zan esa bemor xayotini ham qutqarib qolish maqsadida shoshilinch tadbirlar ko’rishni talab etadi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Aorta ravog‘i tarmoqlarining okklyuzion kasalliklari

Koronar arteriyalarning anatomiyasi