Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

O’tkir miokard infarkti

Miokard infarkti yurak mushagi muayyan qismining ishemik nekrozidan iboratdir. Jarayonning tarqoqligi bo’yicha miokard infarktining ikkita turi farq qilinadi:

  1. transmural va
  2. endokardial yoki intramural.

Klinik kechishi bo’yicha asoratlangan va asoratlanmagan miokard infarkti farq qilinadi. O’tkir miokard infarkti klinik manzarasini belgilaydigan asosiy omillari toj arteriyalarining zararlanish va kollateral qon aylanishining yuzaga chiqqanlik darajasi hisoblanadi, yurak mushagining ko’p yoki oz shikastlanganligi va uning joylashuvi ko’p jixatdan ana shularga bog’lik. O’tkir miokard infarkti joylashuviga ko’ra yurakning oldingi devori, yon va orqa devori o’tkir miokard infarktiga bo’linadi.

O’tkir miokard infarktini aniqlashda anamnez ma’lumotlaridan tashqari, elektrokardiografiya, ferment diagnostikasi (qon zardobida kreatinkinaza, aspartataminotransferaza, laktatdegidrogenazani aniqlash), Tc99 yoki Tl201 bilan radioizotop diagnostika, rentgenologik diagnostika, exokardiografiya, selektiv koronarografiya, chap tomonlama ventrikulografiya katta ahamiyatga ega.

O’tkir miokard infarktini davolashning zamonaviy usullari. O’tkir miokard infarktida davolash yurak faoliyati va qon aylanishini yaxshilab turish, asoratlarning oldini olish, miokardning xayotga layoqatli ko’proq qismini asrab qolishga qaratilishi lozim. Davolashni og’riq xurujini to’xtatish va ayni vaqtda oksigenoterapiya (burun kateteri orqali kislorod berish) o’tkazishdan boshlanadi.

Miokardning shikastlanish sohasini chegaralash maqsadida  o’tkaziladigan tadbirlarning ikki guruhi qo’llaniladi:

  1. infarkt bo’lgan va periinfarkt sohalarining koronar perfuziyasini yaxshilaydigan tadbirlar;
  2. miokardning kislorodga extiyojini kamaytiradigan tadbirlar.

Birinchi guruhdagi tadbirlar: dori-darmonlar, endovaskulyar (invaziv) va jarrohlik usullar bilan yaxshilashga erishish mumkin.

Konservativ davolash antispastik ta’siri bo’lgan preparatlar, qon shaklli elementlari agregatsiyasini kamaytiradigan preparatlar, beta-adrenergik retseptorlarni blokada qiladigan preparatlar, kaltsiy antagonistlarini o’z ichiga oladi. Konservativ davolash bilan bir qatorda buzilgan qon oqimini va infektsiyalangan sohani tiklashga, yurak mushagi shikastlari o’lchamini chegaralashga yordam beradigan qator endovaskulyar va jarrohlik usullari mavjud. Ular orasida koronar ichi trombolitik muolajasi, aorta ichi kontrpulsatsiyasi va aortokoronar shuntlash eng ta’sirchan usullardan sanaladi.

Trombolitik preparatlarni koronar qon tomirga yuborish trombozga uchragan toj tomirni rekanalizatsiya qilishga, unda qon oqimini tiklashga, shikastlanish sohasini chegaralashga, miokard periinfarkt ishemiyalangan sohasining yashashga layoqatini saqlab qolish va o’tkir miokard infarktidan o’limni kamaytirishga qaratiladi. Okklyuziyalangan toj qon tomiriga angiografik kateter kiritiladi va u orqali bir vaqtning o’zida 20000-40000 TB trombolitik preparatlar (streptaza, avelizin) yuboriladi, so’ngra minutiga 2000-6000 TB hisobida tomchilatib yuboriladi, bunda preparatning umumiy dozasi 20000- 24000 TB dan oshmasligi kerak. Butun muolajaga 1 soatcha vaqt sarf bo’ladi. Infarkt boshlangandan so’ng dastlabki 6 soat ichida o’tkazilgan trombolitik davolash taxminan 75-80% hollarda okklyuziya bo’lgan tomirni rekanalizatsiya qilishga imkon beradi. Trombolitik davolash samara bergandan keyin uzoq vaqtgacha (2-3 oy) antikoagulyantlar bilan davo olib boriladi. Toj arteriyalarda trombolitik davolashni to’liqroq tiklash uchun uni toj tomirlar angioplastikasi yoki aortokoronar shuntlash bilan birga qo’shib olib boriladi.

Aorta ichi kontrpulsatsiyasi yordamchi qon aylanishining eng tarqalgan usullaridan biri hisoblanadi. Bu usulning mohiyati shundan iboratki, aorta ichi balloni diastola fazasida tez shishib chiqadi, yurak sistolasi fazasida esa
puchayib qoladi. Bu ballon Seldinger bo’yicha punktsion usul bilan son arteriyasi orqali o’tkaziladi va o’tkir koronar buzilishi sababli kelib chiqqan yurak etishmovchiligida ko’krak bo’limida o’rnatiladi. Bu sistolik arterial bosim
pasayishiga va diastolik bosim oshishiga, miokardning kislorodga ehtiyoji kamayishiga va bir qator gemodinamik ko’rsatkichlarning yaxshilanishiga olib keladi. Kontrpulsatsiyaning asosiy ahamiyati chap qorincha ishini
engillashtirish, koronar perfuziyani va miokard oksigenatsiyasini yaxshilashdir.

V.I. Kolesov 1968 yilda jahonda birinchi marta o’tkir miokard infarktida mammarokoronar anastomoz qo’ydi va bevosita revaskulyarizatsiya operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Hozirgi vaqtda reperfuziya 6 soatgacha muddat ichida bajarilsa, shikastlanish qayta rivojlanishga uchraydi, jarrohlik amaliyoti bundan kechikkan  muddatlarda o’tkazilsa ham, periinfarkt sohasida qon ta’minoti yaxshilanadi deb hisoblaydilar. V.I. Burakovskiy va muallifdoshlari o’tkir miokard infarktida shoshilinch aortokoronap shuntlashga quyidagilar ko’rsatma bo’la oladi, deb hisoblaydilar:

  1. koronografiya va translyuminal angioplastikadan keyin toj arteriyasining trombozi, shuningdek ilgari koronografiya o’tkazilgan va aortokoronar shuntlash rejali jarrohlik amaliyotlarini kutayotgan bemorda o’tkir miokard infarkti rivojlanishi;
  2. aniq yuzaga chiqqan gemodinamik buzilishlar va kardiogen shok;
  3. erta postinfarkt davrdagi turli xil asoratlar, ishemiya va nekroz sohasi kengayishi.

Bu to’sh orqasida og’riqlar qaytalanishi, yurak ritmi va o’tkazuvchanligining buzilishi, barqaror postinfarkt stenokardiyaning klinik belgilari, ko’rsatib o’tilgan asoratlarning birga kelishida namoyon bo’ladi. Miokardning talaygina qismini qon bilan ta’minlaydigan yirik toj tomir stenozi bo’ladigan mayda o’choqli miokard infarktida infarkt sohasi kengayishining oldini olish maqsadida revaskulyarizatsiya qilish maksadga muvofiq bo’ladi. Transmural miokard infarkti asoratlanmay kechadigan bemorlarda esa revaskulyarizatsiya qilish mumkin emas. Transmural miokard infarktida jarrohlik amaliyoti bajarilishiga ko’rsatmalar bo’lganda uni faqat erta muddatlarda (xurujdan keyin 6 soat ichida), miokard infarkti zararlanishi qayta rivojlana oladigan fursatda o’tkazish lozim.

Hozirgi vaqtda infarkt rivojlangandan keyin 6 soat ichida bajarilgan miokard amaliyotlarida o’lim 3,1% ni tashkil qiladi, bu dori-darmonlar bilan davolashdagiga qaraganda birmuncha kam. Bundan ortiq muddatlarda bajarilgan
jarrohlik amaliyotlarda o’lim 10,3% ni tashkil etadi, bu dori-darmonlar bilan davolashdagi ulimga tahminan to’g’ri keladi.

Postinfarkt yurak anevrizmasi, qorinchalararo to’siqning postinfarkt nuqsoni, mitral klapanning postinfarkt etishmovchiligi kabi miokard infarktining asoratlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlar etarli darajada yaxshi ishlab
chiqilgan va qo’llanilayapti. Bu jarrohlik amaliyotlari g’oyat murakkab va sun’iy qon aylanishi sharoitlarida bajariladi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari