Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Perikarditlar

Perikardit – perikardning vistseral va parietal varaqlarini yallig’lanishidir. Birlamchi perikarditlar va ko’krak qafasi a’zolari kasalliklarining oqibati sifatida paydo bo’ladigan ikkilamchi perikarditlar farqlanadi. Perikarditlar klinik kechishi bo’yicha o’tkir va surunkali turlarga bo’linadi.

O’tkir perikarditlar

A’zolarning og’ir yallig’lanishi kasalliklarida yoki sepsisda paydo bo’ladigan ikkilamchi perikarditlar ko’proq uchratiladi. Ba’zida esa, o’tkir perikarditga jarohatlar, revmatizm, sil kasalliklari sababchi bo’ladi.

Fibrinoz (quruq) perikardit

Fibrinoz (quruq) perikardit perikardning vistseral va parietal varaqlarida fibrin tolalarining yig’ilishi bilan ta’riflanadi.

Kasallikning asosiy belgilari – yurak sohasidagi sanchiydigan va keskin og’riqlar bo’lib, ular chuqur nafas olganda va yo’talda kuchayadi, taxikardiya, nafas olishning tezlashuvi, tana haroratining qisqa fursatga ko’tarilishi hisoblanadi. Auskultatsiyada dag’al xususiyatga ega bo’lgan perikard ishqalanishi shovqini aniqlanadi, u yurak qisqarishlari bilan sinxron ravishda eshitiladi, oldinga engashilganda kuchayib, nafasni tutib turilganda yo’qolmaydi.

EKGda miokard subendokardial qavatida qon aylanishi buzilganidan dalolat beradigan o’zgarishlar qayd qilinadi.

Seroz perikardit

Perikard bo’shlig’ida yallig’lanish xarakteridagi seroz yoki seroz-fibrinoz suyuqlik yig’ilishidir. Asosiy simptomlari: to’sh orqasida kuchli og’riqlar, ular orqaga va elka ustiga o’tadi, nafas siqiladi. Atrofdagi a’zolarning perikardial ekssudatdan siqilishi sababli yutish qiyinlashadi, hiqichoq tutadi, ovoz bo’g’iladi. Tekshirib ko’rilganda cho’qqi turtkisi zaiflashgan, yurak chegaralari kengaygan, yurak tonlari bo’g’iq eshitiladi.

Rentgenologik tekshirishda yurak soyasining kengayganligi, pulsatsiya pasayganligi qayd etiladi. EKGda asosiy tishchalarning pasayishi aniqlanadi. Perikard bo’shlig’ida ekssudat tez yig’ilganda yurak tamponadasi rivojlanishi mumkin, u oshib boradigan taxikardiya, arterial bosimning pasayishi, tsianoz, o’pka shishi rivojlanishi bilan namoyon bo’ladi.

Yiringli perikardit

Perikardda yiringli suyuqlik yig’ilishi bilan ta’riflanadi. Klinik manzarasi seroz perikarditdagi singari, biroq kasallik birmuncha og’irroq kechadi. Intoksikatsiya simptomlari – gektik harorat, et uvishishi, ko’plab terlash ustunlik qiladi. Perikard punktsiya qilinganda yiringli suyuqlik olinadi.

Davolash. Konservativ davo – antibiotiklar, analgetiklar, dezintoksikatsion davo, vitaminlar, immunitetni ko’taruvchi dorilar ishlatishni ko’zda tutadi.

Perikardda suyuqlik bo’lganda bir marotaba yoki takroriy punktsiyalar qilish tavsiya etiladi. Yiringli suyuqlik bo’lganda perikardga mikrodrenaj o’rnatilib, uning bo’shlig’i antiseptik eritmalar, fermentativ preparatlar bilan yuviladi.

Suyuqlikli surunkali perikardit

Kasallikning asosiy sababchisi – revmatizm. Perikard parietal varag’ining keskin qalinlashuvi, uning biriktiruvchi to’qimasining o’zgarishi, perikard bo’shlig’ida ko’p miqdorda suyuqlik yig’ilishi bilan o’tadi.

Klinikasi va diagnostikasi. Bemorlar nafas qisishi, yurak sohasida sanchikli og’riq, yurak urishi xurujlaridan shikoyat qiladilar. Ko’zdan kechirilganda tsianoz, yuz va bo’yin, qo’llarning o’rtacha shishishi qayd qilinadi. Yurak cho’qqisida turtki bo’lmaydi, yurak chegaralari kengaygan, uning tonlari bo’g’iq, arterial bosim pasaygan, venoz bosim oshgan bo’ladi.

Rentgenologik tekshirilganda yurak chegaralarining anchagina kengayganligi, yurak qisqarishlari amplitudasi pasayganligi ma’lum bo’ladi. EKG da asosiy tishchalar voltaji pasaygan bo’ladi.

Davolash – jarrohlik usulida. Perikardektomiya – perikard parietal varag’ini keng ko’lamda rezektsiyasi amaliyoti bajariladi.

Bosib turadigan perikardit

=

Asosiy sababi – sil, kamroq revmatizm, nospetsifik infektsiya, jarohatlardir. Surunkali yallig’lanish jarayoni fibroz o’zgarishga, perikard parietal va vistseral varaqlarining qalinlashuviga olib keladi, ular qo’shilib ketadi, aksariyat hollarda ular kaltsifikatsiyaga uchraydi. Yurak xaltasi bo’shlig’i obliteratsiyaga uchraydi. Bularning hammasi yurak ishini qiyinlashtiradi, uning ezilib qolishiga va tomirlarining buralishiga olib keladi.

Klinikasi va diagnostikasi. Bemorlarni nafas qisishi, yurak sohasida bosilish sezgisi, umumiy behollik bezovta qiladi. Yuz tsianozi, rangparlik, gavda va oyoqlarda shish, jigar o’lchamlarining kattalashuvi, unda dimlanish hodisalari qayd etiladi. Auskultatsiyada yurak tonlari bo’g’iq. Yurak chegaralari normada yoki toraygan. Arterial bosim pasaygan, venoz bosim ko’tarilgan. Rentgenologik jihatdan yurak soyasi konturlari deformatsiyalangan, yurak qisqarishlari amplitudasi kamaygan, ayrim qismlari harakatsiz. EKGda hamma usullarda voltaj pasayishi kuzatiladi.

Ultratovush bilan skanerlashda turli qalinlikdagi perikardial bitishmalar, ohak bilan qoplangan qismlar topiladi.

Davolash – jarrohlik usulida. Amaliyot o’zgargan perikardni radikal kesib olib tashlashdan iborat.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari