Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Orttirilgan yurak nuqsonlari

Revmatizm – orttirilgan yurak nuqsonlari shakllanishiga sabab bo’ladigan asosiy kasallikdir. Shu bilan birga septik endokardit, miokard infarkti, ko’krak qafasi jarohatlari uning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Revmatizmda biriktiruvchi to’qima zararlanishi oqibatida turli klapanlarning qopqoqlari bir-biriga yopishib ketadi, bu stenozga yoki chetlarining yupqalashishi va deformatsiyasiga, kaltsiy tuzlari yig’ilishi natijasida klapan etishmovchiligiga olib keladi.

Aksariyat kombinatsiyalangan nuqson, ya’ni klapan etishmovchiligi bilan birga uning stenozlanishi vujudga keladi

Mitral klapan stenozi

Mitral teshikning torayishi, qonni chap bo’lmachadan haydash uchun to’siq bo’lib hisoblanadi. Buning hisobiga, chap bo’lmachada bosim ortadi, bu o’pka tomirlarida va o’ng qorinchada bosimning oshishiga olib keladi. O’ng qorinchaga talaygina og’irlik tushishi uch tavaqali klapanning nisbiy etishmovchiligiga, katta qon aylanishi venoz qismida qonning dimlanishiga, jigar shishiga va boshqa turdagi shishlarning rivojlanishiga olib keladi.

Klinikasi va diagnostikasi

Mitral stenoz rivojlanishining boshlang’ich ilk davrida, uning to’liq kompensatsiyasida odatda shikoyatlar bo’lmaydi. Jarayon avj olib borganida: nafas qisishi, behollik, tez charchab qolish, yurak astmasi xurujlari, taxikardiya, yurak sohasida og’riq, bosh aylanishi, xushdan ketish yuzaga keladi. Qon tuflash mitral stenozga xos belgilardan biri hisoblanadi.

Ko’zdan kechirishda bemorning rangpar yuzida o’ziga xos qizillik, burun uchi, lablarda, quloq suprasida, qo’l barmoqlaridagi tsianoz o’ziga diqqatni tortadi. Yurak cho’qqisi sohasida ko’krak qafasining diastolik titrashi aniqlanadi. Auskultatsiyada diastolik shovqin, birinchi va ikkinchi tonda o’zgarishlar seziladi, bu uch ohang «bedana ritmi» ohangini vujudga keltiradi. EKGda odatda, yurak o’qi o’ngga siljigan bo’ladi.

Fonokardiografiya baland I tonni, yurak cho’qqisi ustida diastolik shovqinni, o’pka arteriyasida II ton aktsentini, mitral “chertki” ni qayd qiladi. Rentgenogrammalarda yurak “beli” ning tekislanganligi, chap bo’lmacha va o’ng qorinchaning ko’ndalangiga kattalashgani, o’pka arteriyasining bo’rtib chiqqanligi ko’rinadi. Yurakni zondlashda torayish darajasi aniqlanadi. 

Davolash

Davo usulini tanlash bemor ahvolining og’ir-engilligiga, gemodinamikaning buzilishi darajasiga, revmatik jarayonning kechish bosqichiga bog’liq.

Revmatik jarayon sust kechayotganda uni statsionarda va davomli antirevmatik davolash yordamida bartaraf etishning iloji bo’lmaganda jarrohlik amaliyotini bajarishga to’g’ri keladi. Bemor ahvolining og’ir-engilligiga ko’ra yurak nuqsonlarining besh bosqichi farq qilinadi:

  • I bosqich – simptomlarsiz, jarrohlik amaliyoti bajarilmaydi.
  • II bosqich – buzilishlar jismoniy harakatda paydo bo’ladi. Jarrohlik amaliyoti jarayon avj olishini to’xtatadi va yaxshi natijalar beradi.
  • III bosqich – buzilishlar tinch turganda ham yuzaga keladi, odatdagi harakatda orta boradi. Jarrohlik amaliyotini bajarish uchun qulay fursat  o’tgan, biroq uni qilish zarur bo’ladi.
  • IV bosqich – parenximatoz a’zolarda va yurakda degenerativ o’zgarishlar bo’ladi. Jarrohlik amaliyotini bajarish muammoga aylanadi.

Tavaqalarda ro’y-rost fibrinoz o’zgarishlar bo’lmaganda va mitral klapan kaltsinozida yopiq komissurotomiya, asoratlangan hollarda klapanni protezlash bajariladi

Mitral klapan etishmovchiligi

Mitral klapan tavaqalarining noto’liq yopilishi sistola vaqtida qonning qorinchadan bo’lmachaga qayta oqib kelishiga sabab bo’ladi. Chap qorincha katta miqdordagi qonni doimo itarib turishga majbur bo’ladi. Uning vazifasi ortadi, unda gipertrofiya va dilatatsiya rivojlanadi

Klinikasi va diagnostikasi

Nuqsonning bu turida kompensatsiyasida bemorlar o’zlarini qoniqarli his kiladilar, lablarda tsianoz kuzatilishi mumkin. Chap qorinchaning qisqarish xususiyati pasayib ketganda nafas qisishi, yurak urishidan shikoyatlar bo’ladi. Keyinchalik yurak astmasi xurujlari qo’shilishi mumkin.

Ko’zdan kechirishda yurak turtkisi 3-4 sm gacha oshgan, chapga siljigan. Auskultatsiyada sistolik shovqin, o’pka arteriyasi ustida II ton aktsenti qayd qilinadi. Qizilo’ngachni kontrastlab rentgenologik tekshirishda chap qorincha va bo’lmachaning kattalashuvi aniqlanadi. Rentgenokontrast tekshirish chap qorinchadan bo’lmagan qon regurgitatsiyasi hajmini, mitral teshik maydonini, yurak bo’shliqlari va o’pka arteriyasidagi bosimni aniqlashga imkon beradi.

Davolash

Davolash mitral stenoz bosqichidagi kabi. Kasallikning rivojlanish bosqichi va mitral etishmovchilik darajasi aniqlanadi. Kasallikning I bosqichidagi bemorlarga jarrohlik amaliyoti bajarilmaydi. Jarrohlik amaliyoti II va III bosqichlarda o’tkaziladi. IV bosqichda bemorlar jarrohlik amaliyotini ko’tara olmaydilar, V bosqichda jarrohlik amaliyoti bajarish mumkin emas. Mitral etishmovchilikning asoratlanmagan turlarida klapanda rekonstruktiv amaliyotlar bajariladi. Kaltsinoz va fibroz bo’lganda klapan protez bilan almashtirilishi kerak.

Aortal yurak nuqsonlari

Aortal klapan stenozi, etishmovchiligi, qo’shma zararlanishlari farq qilinadi. Bemorlar nafas siqishi, stenokardiyaga hos og’riq, yurak urishi, uning goh urib, goh to’xtab qolgandek bo’lishi, bosh aylanishi, hushdan ketib turishdan shikoyat qiladilar. Ko’zdan kechirilganda pastga va chapga siljigan yurakning yuqoriga ko’tarilib turadigan cho’qqi turtkisi aniqlanadi. Aortal klapan etishmovchiligida hamma arteriyalar pulsatsiyasi kuchayishi, diastolik bosimning keskin pasaygani holda sistolik bosimning oshishi qayd qilinadi. Aortal stenozda aortal klapan proektsiyasida dag’al sistolik shovqin eshitiladi. Klapan etishmovchiligida II tondan keyin birdaniga keladigan diastolik shovqin eshitiladi. Rentgenologik jihatdan yurak o’lchamlarining chap qorincha, yuqoriga ko’tariladigan aorta va uning ravog’i hisobiga kattalashuvi aniqlanadi. Yurak “beli” yaxshi ifodalangan. Yurak bo’shliqlarini kateterizatsiya qilish stenoz yoki klapan etishmovchiligi darajasini aniqlash imkonini beradi. 

Davolash

Kasallikning II va III bosqichidagi bemorlar jarrohlik usulida davo qilinishlari kerak. Alohida stenozda jarrohlik amaliyoti chap qorinchada va aortada bosim gradienti 30 mm dan oshganda qilinishi kerak. Klapandagi kuchsiz o’zgarishlarda klapan saqlab qolinadigan jarrohlik amaliyotilarini bajarish lozim. Qopqoqlar kuchli o’zgarishga uchraganda – aortal klapan protezlanadi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari