Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Tug’ma yurak nuqsonlari

Bo’lmachalararo to’siq nuqsoni

Yurakning tug’ma nuqsoni bo’lib, bunda o’ng bo’lmacha va chap bo’lmacha to’sig’ida teshik bo’lib, shu teshik orqali tutashgan bo’ladi. Bunda gemodinamikaning buzilishi arterial qonning chap bo’lmachadan o’ng bo’lmachaga o’tishi bilan bog’liq bo’ladi. Bu holatda, arterial qonning talaygina qismi normal qon oqimida qatnasha olmaydigan bo’lib qoladi. Arterial qon oqib kelishi natijasida o’ng bo’lmachada, o’ng qorinchada va o’pka arteriyasida bosim ko’tariladi (gipertenziya), bu esa o’z navbatida o’ng bo’lmachaning kengayishiga, o’ng qorincha gipertrofiyasiga, o’pka arteriyasining “bo’rtib chiqishi”ga olib keladi. O’pka tomirlaridagi gipertenziya o’pkada qon aeratsiyasi darajasini pasayishiga olib keladi. Bu holatning avj olishi, o’pka fibrozini keltirib chiqaradi.

Bo’lmachalararo to’siq nuqsoni ko’pincha mitral klapan va o’pka tomirlaridagi o’zgarishlar bilan asoratlanadi.

Klinikasi va diagnostikasi

Ushbu xastaligi bor bolalarda, ko’pincha jismoniy o’sib etilmaganlik qayd qilinadi. Asosiy shikoyatlar: nafas qisishi, yurak urishi xurujlari, odatdagi jismoniy xarakatda tez charchab qolishdan iborat. Bemorlar nafas yo’llarining yallig’lanish kasalliklariga oson beriluvchan bo’lib qoladilar.

Ob’ektiv tekshirishda teri qoplamlari va shilliq pardalarning rangparligi, cho’qqi turtkisining kuchayishi, yurak “bukriligi” borligi qayd qilinadi. Auskultatsiyada to’sh suyagidan chaproqda, II qovurg’alar orasida o’pka arteriyasi ustida sistolik shovqin eshitiladi.

Rentgenologik tekshiruvda yurak o’ng qorinchasi va bo’lmachasi, shuningdek o’pka arteriyasi va uning tarmoqlarida kengaymalar ko’rinib turadi. Exokardiografik skanerlash – yurak o’lchamlaridagi o’zgarishlarni, yurak bo’lmachalararo to’siqning paradoksal harakatini ko’rsatib beradi.

Yurak zondlanganda bosimning oshganligi, yurakning o’ng bo’limlarida va o’pka arteriyasida qonning kislorodga to’yinganligi qayd etiladi. Kateter nuqson orqali o’ng bo’lmachadan chap bo’lmachaga o’tishi mumkin.

Davolash

Davolash – faqat jarrohlik usulda. Tug’ma nuqsonlarni 4-8 yoshda bartaraf etgan ma’qulroq. Operatsiya sun’iy qon aylanish yoki sun’iy gipotermiya sharoitlarida bajariladi. Kichikroq nuqsonlar tikib quyiladi, 1-2 sm dan ortiq nuqsonlarda sintetik yamoq solinadi

O’pka arteriyasining torayishi

O’pka arteriyasining alohida torayishi – oqish (atsianotik) turdagi nuqsonlarga kiradi. O’pka arteriyasi boshlanish joyining stenozi o’ng qorinchadan kichik qon aylanish doirasiga qon oqib kelishiga to’sqinlik vujudga keltiradi. Boshlang’ich davrda o’ng qorincha gipertrofiyasi yuz berib, keyinchalik o’ng qorincha etishmovchiligiga aylanadi. Ikkilamchi gipertrofiya va bo’lmacha kengayishi tufayli trikuspidal klapanning nisbiy etishmovchiligi paydo bo’ladi.

Klinikasi va diagnostikasi

Asosiy shikoyatlar: nafas qisishi (jismoniy xarakat vaqtida kuchayadi), yurakning tez-tez urishi, tez charchash, bolaning rivojlanishdan orqada qolishi. Ko’zdan kechirishda yurak “bukriligi”, to’shning chap chekkasida II qovurg’alar orasi paypaslab ko’rilganda sistolik titrash aniqlanadi. Perkutor tekshiruvda yurak o’lchamlarining o’ngga kattalashgani aniqlanadi. Auskultatsiyada – to’shning chap chekkasi bo’ylab II qovurg’alar orasida maksimal jaranglaydigan dag’al sistolik shovqin eshitiladi.

EKG da o’ng qorincha gipertrofiyasi belgilari ko’rinadi. Rentgenologik manzara o’ng qorincha gipertrofiyasi, o’pka arteriyasining klapanlardan yuqori ko’tarilishi, o’pka arteriyasi periferik tarmoqlari bo’shlig’ining torayishi bilan ta’riflanadi.

Yurak zondlanganda o’ng qorinchada bosimning oshishi kuzatiladi. O’pka arteriyasida bosim normal yoki bir oz pasaygani holda, u simob ustuni hisobida – 300 mm ga etishi mumkin.

Davolash – faqat jarrohlik usuli. Qon aylanishi to’xtatib quyilgan sharoitda stenozni bartaraf etish jarrohlik amaliyotlari o’tkaziladi.

Tug’ma aorta «og’zi» stenozi

Klapan, klapan osti va klapan usti stenozlari tafovut qilinadi. Aorta «og’zi» stenozi qonni chap qorinchadan katta qon aylanish doirasiga o’tishiga to’sqinlik qilib, uning ortiqcha ishlashiga, gipertrofiyaga uchrashiga, keyin esa dilatatsiyasiga va chap qorincha etishmovchiligining rivojlanishiga olib keladi. Gemodinamikadagi buzilishlar birinchi navbatda koronar va tserebral qon aylanishi buzilishida namoyon bo’ladi.

Klinikasi va diagnostikasi

Nafas qisishi, tezda charchab qolish, yurak astmasi xurujlari, stenokardiyaga xos og’riqlar, bosh aylanishi, hushdan ketish kuzatiladi. Ob’ektiv tekshirishda chuqqi turtkisining kuchayishi va chapga siljishi, aorta proektsiyasida dag’al sistolik titrash aniqlanadi. O’ng tomonda II kovurg’alar orasida bo’yin tomirlariga o’tadigan sistolik shovqin eshitiladi. Puls to’liqligi va tarangligi kuchsiz. Sistolik bosim pasaygan.

EKG da levogramma, miokard ishemiyasi belgilari. Rentgenologik tekshirish yurakning gipertrofiyasi va kattalashgan chap qorinchasi bilan tipik aortal konfiguratsiyasini aniqlaydi.

Angiokardiografiya torayish joyi va o’lchamlarini aniq belgilash, chap qorincha bilan aorta o’rtasidagi bosim gradientini aniqlashga imkon beradi.

Davolash

Davolash – faqat jarrohlik usuli, simob ustuni hisobida 30 mm dan oshadigan bosim gradientida bajariladi. Operatsiya sun’iy qon aylanish yoki gipotermiya sharoitlarida stenozni bartaraf etishdan iborat.

Aorta koarktatsiyasi

Aorta koarktatsiyasi – aorta bo’shlig’ining chegaralangan tug’ma torayganligi. Torayish ko’pincha chap o’mrov osti arteriyasi chiqadigan joydan pastroqda, aorta ravog’ining pastga tushadigan ko’krak aortasiga o’tadigan joyida joylashadi. Aortada toraygan joydan yuqorida qon bosimi oshadi, chap qorincha gipertrofiyaga uchrab, keyin dekompensatsiya xolati paydo bo’ladi. Bosh miya qon tomirlari havzasida gipertenziya, tserebral buzilishlar sifatida namoyon bo’ladi. Arterial sistemada bosim koarktatsiyadan pastda birmuncha pasaygan bo’ladi.

Klinikasi va diagnostikasi

Bemorlar bosh og’rig’i, bosh aylanishi, yurganda oyoqlarining tez og’rib qolishi, ko’zning xiralashishi, oyoqlar paresteziyasi va sovqotishidan shikoyat qiladilar. Oyoq arteriya qon tomirlarida puls bo’lmaydi. Qo’l arteriyalarida arterial bosim oshgan, oyoq arteriyalarida esa aniqlanmaydi yoki birmuncha pasaygan. Bemor ko’zdan kechirilganda qovurg’alararo arteriyalar pulsatsiyasi, ularning ustida koarktatsiya joyi sohasida sistolik shovqinni aniqlash mumkin.

Rentgenogrammalarda chap qorincha konturlarining kengayganligi qayd qilinadi, birinchi va ikkinchi ravoqlar konturlari 3 raqamini eslatadi.

Angiokardiografiya – aorta toraygan joyini, shaklini, o’lchami va darajasini aniqlash imkonini beradi.

Davolash

Davolash – faqat jarrohlik usuli. Jarrohlik amaliyotlari aortaning toraygan qismini rezektsiya qilish va «uchma-uch» anastomoz qo’yishdan iborat. Uzaygan torayish bo’lgan hollarda aortaning rezektsiya qilingan qismi sintetik protez bilan almashtiriladi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari