Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Tug’ma yurak nuqsonlari

Tug’ma yurak nuqsonlari, yurak embriogenezi jarayonlarining buzilishi yoki postnatal davrda normal shakllanish kechikishi oqibatida paydo bo’ladi. Ko’pchilik yurak nuqsonlarining asosiy belgisi – kichik va katta qon aylanish sistemasiga qonning aniq taqsimlanmasligidir. Bunga, odatda yurak to’siqlarida nuqson borligi sabab bo’ladi.

Tug’ma yurak nuqsonlari shartli ravishda uchta guruhga bo’linadi: 

  • Birinchi guruh – venoz qonni arterial oqimga tushishi bilan bog’liq yurak ichida patologik tutashmalari bo’lgan nuqsonlar (o’ngdan chapga, birlamchi  – ko’k): Fallo triadasi, tetradasi yoki pentadasi, uch tavaqali klapan  atreziyasi, Eyzemenger sindromi, tomirlar transpozitsiyasi va b.
  • Ikkinchi guruh – arterial qonni venoz oqimga tushishi bilan bog’liq yurak ichida patologik tutashmalari bo’lgan nuqsonlar (chapdan o’ngga, birlamchi  – oq): bo’lmachalararo to’siq nuqsoni, qorinchalararo to’siq nuqsoni, ochiq
    arterial yo’l va b.
  • Uchinchi guruh – qon aylanishining buzilishi. Ko’ks oralig’idagi magistral tomirlarning torayishi sababli kelib chiqqan nuqsonlar: o’pka arteriyasi stenozi, aortaning boshlanish qismi stenozi, aorta koarktatsiyasi.

Hozirgi paytda yurak tug’ma nuqsonlarining yuzdan ortiq turlari ma’lum bo’lib, ulardan asosiylari ustida to’xtalib o’tamiz.

Fallo tetradasi

Ushbu xastalik 1888 yilda frantsuz patologoanatomi Fallo tasvirlagan to’rtta doimiy belgilar bilan kuzatiladi:

  1. O’pka arteriyasi torayishi.
  2. Qorinchalararo to’siqning yuqori nuqsoni.
  3. Aortaning o’ng tomonga surilishi.
  4. O’ng qorincha gipertrofiyasi.

Fallo tetradasida gemodinamikaning buzilishi o’pkaga qon tushishining kamayishi va venoz qonni o’ng qorinchadan aortaga o’tishidan iborat bo’ladi.

Klinikasi va diagnostikasi

Kasallikning dastlabki alomatlari bola tug’ilgandan keyingi dastlabki soatlarda uning qichqirishi va emishi vaqtida engil tsianoz ko’rinishida yuzaga chiqadi. Keyinchalik, tsianoz va nafas qisishi birmuncha yaqqol namoyon bo’ladi va 1-2 yoshga kelib doimiy tusga kirib, hatto bola tinch turganida ham yo’qolmaydi. Katta yoshdagi bemorlar nafas qisishi, tez charchash, bosh og’rig’i, jismoniy ishga layoqatsizlikdan noliydilar. Aksariyat bemorlar o’rindan turolmay yotadilar. Ahvol tobora yomonlashadi. Bemorlarning teri qoplamlari ko’kimtir tusga kiradi, barmoq bilan bosib ko’rilganda, shu joyda asta-sekin yo’qoladigan oqimtir dog’ qoladi. Ko’pincha bemor badanida, o’rta darajada kengaygan venalar ko’rinib turadi, ular ko’krak qafasi sohasida va bosh suyagi ustida ayniqsa yaqqol ko’zga tashlanadi. Tirnoq falangalari nog’ora tayoqchalari ko’rinishiga kiradi. Mushak sistemasi sust rivojlanadi. Ko’zdan kechirilganda aksari «yurak bukrisi» ko’rinadi.

Auskultatsiyada yurak cho’qqisida I tonning qisqarganligi va o’pka arteriyasi II ton sustlashganligi aniqlanadi. II-III qovurg’alar orasida to’sh suyagining chap chekkasida sistolik shovqin eshitiladi. Qon analizlarida eritrotsitlar miqdori 6-10 12/l gacha va gemoglobin miqdori 130-150 g/l gacha ko’paygan. Fonokardiogrammada o’pka arteriyasi ustida shovqin, nuqson sohasi ustida va qorinchalararo to’siqda shovqin qayd etiladi.

Rentgenologik tekshiruvda quyidagilar aniqlanadi: yurak bir me’yorda kengaygan, yurak beli yaxshi bilinadi, cho’qqisi yuqoriga siljigan. O’pka arteriyasi sathidagi kontur yassi va ichiga botgan; aortaning yuqoriga ko’tariladigan qismi va ravog’i kengaygan; o’pkaning tasviri xiralashgan, ildizlari soyasi kamaygan bo’ladi. Yurakni zondlashda kateter bevosita o’ng qorinchadan aortaning yuqoriga ko’tariladigan qismiga o’tadi. O’ng qorinchaga kontrast yuborilganda ayni vaqtda o’pka arteriyasi va yuqoriga ko’tariladigan aorta to’ladi, o’pka arteriyasi stenozi aniqlanadi

Davolash

faqat jarrohlik usuli qo’llaniladi. Fallo tetradasida jarrohlik amaliyotlari palliativ va radikal bo’lishi mumkin.

Palliativ jarrohlik amaliyotlari aorta bilan o’pka arteriyasi o’rtasida tutashma (yo’l) xosil qilinib, kuchsiz arterilizatsiyalangan qonning aortadan o’pka arteriyasiga, toraygan qismini chetlab o’tib, tushishi ta’minlanadi. Radikal jarrohlik amaliyotlari o’pka arteriyasi stenozini bartaraf etish, qorinchalararo to’siq nuqsoniga yamoq solishdan iborat bo’ladi. Shunday yamoq chiqish bo’limining ehtimol tutilgan torayishini bartaraf qilish maqsadida o’ng qorincha devori kesmasiga tikiladi. Eng ko’p tarqalgan amaliyotlarga Blelok-Tausig jarrohlik amaliyoti kiradi.

Bunda o’ng o’mrov osti arteriyasi va o’pka arteriyasini o’ng tarmog’i orasida anastomoz qo’yiladi. Odatda, radikal operatsiyadan oldin birinchi bosqichda palliativ usul qo’llaniladi.

Ochiq arterial yo’l

Ochiq arterial yo’l (Botallo yo’li) aortaning dastlabki bo’limini o’pka arteriyasi bilan biriktirib turadi. Embrional davrda ochiq arterial yo’l – normal fiziologik holat hisoblanib, odatda chaqaloq tug’ilganidan so’ng, tez orada bu yo’l obliteratsiyaga uchraydi. Bu jarayon buzilganda, u ochiqligicha qoladi va arterial qonni aortadan o’pka arteriyasiga o’tishi va shu munosabat bilan qator gemodinamik buzilishlar vujudga keladi. Katta qon aylanishi doirasidan kichik
doiraga doimiy qonning o’tib turishi natijasida a’zolar va to’qimalarning qon bilan ta’minlanishi yomonlashadi, kichik qon aylanishi doirasida bosim ortadi, o’pka gipertenziyasi oshib borganda shovqin sistolik shovqinga aylanib, o’pka arteriyasi ustida juda yaxshi eshitiladi.

Rentgenologik tekshirishda o’pka tasvirining quyuqlashuvi, o’pka arteriyasi va tarmoqlarining kengayishi qayd etiladi. Yurakni zondlashda o’pka arteriyasida bosimning ortishi, unda qonning kislorodga to’yinish darajasining yuqoriligi qayd qilinadi. Aortografiyada kontrast moddaning aortadan o’pka arteriyasiga tushishi aniqlanadi

Davolash faqat jarrohlik usuli: ochiq arterial yo’lni bog’lash yoki bog’lab, so’ng uni kesishdan iborat.

Qorinchalararo to’siq nuqsoni

Qorinchalararo to’siqning bitmaganligi (nuqsoni) gemodinamikaning buzilishiga: arterial qonning chap qorinchadan o’ng qorinchaga, so’ngra kichik qon aylanish doirasiga o’tishi bilan ifodalanadi

Bu holatda, arteriovenoz shuntning borligi chap qorinchaning gipertrofiyasiga va o’pka gipertenziyasining rivojlanishiga olib keladi. O’pkaning yuqori gipertenziyasi venoz qonning katta qon aylanish doirasiga tushishiga, tsianoz paydo bo’lishiga va o’ng qorincha etishmovchiligi rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Klinikasi va diagnostikasi

Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda va bolalar hayotining dastlabki yillaridagi dekompensatsiya holatlari bilan og’ir kechadi. Kattaroq yoshdagi bolalarda simptomlar kamroq ifodalangan bo’lib, bemorda asosan nafas qisishi, tez charchash, yurak sohasidagi og’riq, yurak urishi kabi shikoyatlar bilan o’tadi.

Ob’ektiv tekshiruvda teri qoplamlarining rangparligi, bolaning o’sish va rivojlanishda tengdoshlaridan orqada qolishi qayd qilinadi. Yurak chegaralari o’ngga kattalashgan bo’lib, auskultatsiyada to’sh suyagining chap chekkasi bo’ylab kuchli sistolik shovqin, III-IV qovurg’alar orasida esa uning jarangliroq eshitilishi aniqlanadi.

EKGda qorinchalar gipertrofiyasi qayd etiladi.

Rentgenologik tekshiruvda o’ng qorinchaning kattalashganligi, o’pka arteriyasi va uning tarmoqlarining kengayganligi, chap bo’lmacha va qorinchaning birmuncha kattalashganligi aniqlanadi. Yurak bo’shliqlari zondlanganda o’ng qorinchada qonning kislorodga to’yinish darajasining ortishi qayd qilinadi, kateter o’ng qorinchadan chap qorinchaga bemalol o’tishi mumkin. Kateter chap qorinchaga kiritilganda kontrast modda o’ng qorinchaga va o’pka arteriyasiga tushadi.

Davolash

Davolash – faqat jarrohlik usuli. Qorinchalararo to’siqlardagi kichik nuqsonlarga П-simon choklar qo’yib uni bartaraf etishdan iborat. Katta nuqsonlarda u teshikni sintetik mahsulotdan tayyorlangan yamoq bilan bekitish yo’li bilan bartaraf etiladi.

Rentgenendovakulyar jarrohlikni rivojlanishi bilan, davo usullarining yangi turlari ishlab chiqildi. Bunda, nuqsonni kateter va maxsus moslama (okklyuder) yordamida yopish usuli taklif kilindi

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari