Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Diafragma churralari

Diafragma churrasi deb, qorin bo’shlig’i a’zolarining diafragmadagi tug’ma yoki orttirilgan nuqson orqali ko’krak bo’shlig’iga surilishiga aytiladi.

Klassifikatsiyasi va klinikasi. Barcha diafragmal churralar ikkita katta sinfga: travmatik va travmatik bo’lmagan churralar turlariga bo’linadi. Churra qopining bor yoki yo’qligiga bog’liq holda, churralar soxta va chin churralar deb ham nomlanadi. Travmatik diafragmal churralar odatda soxta bo’lib chiqadi, biroq chin bo’lishi, ya’ni qorin churrasi qopiga ega bo’lishi ham mumkin, bu ko’krak-qorin to’sig’ining jarohati hajmiga bog’liq bo’ladi. Travmatik bo’lmagan chin diafragma churralari qaerda joylashganidan qat’iy nazar, tug’ma va orttirilgan bo’lishi mumkin.

Diafragmal churralarining quyidagi tasnifi keltirilgan (B.V. Petrovskiy bo’yicha):
Travmatik churralar: soxta va chin.
Travmatik bo’lmagan churralar:

  1. Soxta tug’ma churralar.
  2. Diafragma kuchsiz sohalarining chin churralari.
  3. Atipik lokalizatsiyali chin churralar.
  4. Diafragma tabiiy teshiklarining churralari:
    • qizilo’ngach teshigi churrasi;
    • diafragma tabiiy teshiklarining kam uchraydigan churralari.

Diafragmal churralarning umumiy simptomatikasi

Diafragmal churralarning klinik ko’rinishlari uchta asosiy omilga bog’liq bo’ladi:

  1. diafragmadagi nuqson orqali ko’krak qafasiga tushgan churra darvozalaridagi qorin bo’shlig’i a’zolarining ezilishi va buralib qolishi; 
  2. churraga tushgan qorin bo’shlig’i a’zolarining o’pkaga kompressiyasi va ko’ks oralig’i surilishi;
  3. difragma funktsiyalarining buzilishi va to’xtashi. Shunga muvofiq holda diafragmal churralarda uchraydigan barcha simptomlar quyidagilarga bo’linishi mumkin:
    • joyi o’zgargan qorin bo’shlig’i a’zolari faoliyatining buzilish muddati bilan bog’liq gastrointestinal belgilar;
    • o’pkaning ezilishi va yurakning surilishiga bog’liq kardiorespirator simptomlar.

Bemorlar to’sh osti sohasida, ko’krak qafasida, qovurg’alar ostidagi og’irlik sezgisi va og’riqdan, ayniqsa ko’proq ovqat eyilgandan keyin paydo bo’ladigan nafas qisishi va yurak urishiga shikoyat qiladilar. Ko’pincha churra tomondagi ko’krak qafasida bilqillagan va quldiragan tovushlar eshitiladi, bemor gorizontal holatda yotganda nafas qisishi kuchayadi.

Ovqatlangandan so’ng bemor egan ovqatini qayt qilgach keyin o’zini birmuncha engilroq his qiladi. Qizilo’ngachning ham buralib qolishi bilan kechadigan me’da buralishida, paradoksal disfagiya belgilari rivojlanadi (qattiq ovqat suyuq ovqatdan ko’ra osonroq o’tadi). Klinik belgilarning yuzaga chiqish darajasi, bevosita me’da-ichak yo’llarining to’liqlik darajasiga bog’liq bo’lishi, katta diagnostik ahamiyatga ega.

Ko’krak qafasining tegishli yarmidagi yoki epigastral sohadagi qattiq og’riqning orqaga, kuraklarga o’tishi – diafragmal churraning qisilib qolganidan darak beradi. Kovak a’zoning qisilib qolishi, uning devorini nekrozga uchrashi yoki teshilishi, piopnevmotoraks rivojlanishiga va uning avj olishiga olib kelishi mumkin.

Anamnezda jarohatlanish bo’lgani, yuqorida sanab o’tilgan shikoyatlarning borligi, zararlangan tomonda ko’krak qafasi xarakatchanligining pasayishi va qovurg’alararo oraliqlarning kengayganligi, uzoq muddatdan beri mavjud bo’lgan churralarda – qorinning ichga botishi, ko’krak qafasining tegishli yarmi ustida to’mtoq tovush yoki timpanitning aniqlanishi, me’da va ichaklarning to’lish darajasiga ko’ra tovush kuchining o’zgarishi, bu sohada ichak peristaltikasi yoki chayqalish shovqini eshitilayotganda nafas shovqinlarning sustlashishi yoki mutlaqo bo’lmasligi, ko’ks oralig’idagi to’mtoq tovushning sog’ tomonga surilishi, diafragmal churra borligiga xaqida dalolat beradi.

Odatda, uzil-kesil diagnoz rentgenologik teshiruv natijasiga qarab qo’yiladi. Rentgenologik manzarada: ko’krak qafasiga surilgan qorin a’zolari tabiati va hajmiga, me’da-ichak yo’llarining to’lish darajasiga bog’liq.

Me’da tushishida ko’krak qafasining chap tomonida suyuqlik ichish va ovqat eyishda ko’tarilgadigan katta gorizontal sath ko’rinib turadi. Ingichka ichak qovuzloqlari tushganda o’pka maydoni fonida ayrim yorug’langan va soyalashgan qismlar ko’rinib turadi. Taloq yoki jigarning surilganligi o’pka maydonining tegishli bo’limida qorong’ulanish beradi. Ayrim bemorlarda diafragma gumbazi va undan yuqorida joylashgan qorin a’zolari yaxshi ko’rinib turadi.

Me’da-ichak sistemasi a’zolarini kontrast modda yordamida tekshirilganda, churraga tushgan a’zolarning tarkibi va tabiati aniqlanadi. Churraga tushgan a’zolarni diaframadagi teshik sathida bosib ko’rish asosida (churra darvozalari simptomi) churra darvozalarining joylashgan joyi va o’lchamlari aniqlanadi.

Davolash: diafragmal churralarda siqilish imkoniyati borligini hisobga olib, profilaktik niyatda operatsiya qilish kerak bo’ladi. Churra o’ng tomonlama joylashganda operatsiyani IV qovurg’alar orasida bajariladigan transtorakal kesma (yo’l) orqali qilinadi, parasternal churralarda qulayroq kesma yuqori-o’rta laparotomiya, chap tomonlama churralarda esa VII-VIII qovurg’alararo transtorakal kesmalar tavsiya etiladi. Amaliyot jarayonida bitishmalar ajratilgach, diafragmadagi nuqson chetlari ozod qilingandan so’ng, surilgan a’zolar qorin bo’shlig’iga joylashtiriladi va nuqson alohida tugunli choklar yordamida dublikatura hosil qilib tikiladi.

Nuqson o’lchamlari katta bo’lganda diafragmani kapron, neylon, teflon kabilardan tayyorlangan protezlar yordamida (alloplastika) mustahkamlash maqsadga muvofiq bo’ladi. Parasternal churralarda (Larrey churrasi, retrosternal churra) surilgan a’zolar o’z bo’shlig’iga joylashtiriladi, churra xaltasi kesib olib tashlanadi, diafragma nuqsoni chetlariga va qorin mushaklari qinining orqa varag’iga, suyak ustki pardasi, to’sh va qovurg’alarga birin-ketin П-simon choklar qo’yiladi.

Qisilgan diafragmal churralarda transtorakal yo’l bilan kiriladi, qisib turgan halqa kesilgach, churra xaltasining tarkibini tashkil qiluvchi a’zolar sinchkovlik bilan tekshiriladi. A’zoning yashashga moyilligi saqlangan bo’lsa, uni qorin bo’shlig’iga kiritilib, churra darvozasi defekti bartaraf etiladi. Agarda hayotga noloyiq holat topilsa, ya’ni a’zo ortga qaytmas o’zgarishlarga uchragan bo’lsa, uni olib tashlash lozim bo’ladi. 

Diafragmaning qizilo’ngach teshigi churralari

Diafragmaning tabiiy teshiklaridan ko’p hollarda churra chiqadigan joy qizilo’ngach teshigi hisoblanadi. Churraning ayni shu turi ko’krak, qorin bo’shliqlari to’sig’ining ko’proq tarqalgan patologiyasi hisoblanadi.

Qizilo’ngach teshigi churralarining tasnifi (B.V. Petrovskiy bo’yicha):

  1. Qizilo’ngach teshigining sirpanuvchan tipdagi churralari:
    • qizilo’ngach teshigining qizilo’ngach churrasi;
    • qizilo’ngach teshigining kardial churrasi;
    • qizilo’ngach teshigining kardio-fundal churrasi.
  2.  Qizilo’ngach teshigining paraezofagial tipdagi churrasi:
    • qizilo’ngach teshigining fundal churrasi;
    • qizilo’ngach teshigining antral churrasi;
    • qizilo’ngach teshigining ichak churrasi;
    • qizilo’ngach teshigining qo’shma me’da-ichak churrasi;
    • qizilo’ngach teshigining charvi churrasi.
  3. Qizilo’ngach teshigining gigant (katta) churralari:
    • qizilo’ngach teshigining subtotal me’da churrasi;
    • qizilo’ngach teshigining total me’da churrasi.
  4. Kalta qizilo’ngach:
    • orttirilgan kalta qizilo’ngach;
    • tug’ma kalta qizilo’ngach.

Klinik manzarasi va diagnostikasi

Diafragma qizilo’ngach teshigining sirpanuvchan churralarida simptomlar reflyuks-ezofagit bilan bog’liq bo’ladi. Bemorlar to’sh orqasida, xanjarsimon o’siq sathida, to’sh ostida, qovurg’alar ostidagi achishtiradigan yoki lo’qillagan og’riqdan shikoyat qiladilar, bu og’riq yurak, kuraklar yoki chap elkaga beriladi.

Aksariyat bemorlarni terapevtlar stenokardiya kasalligi bo’yicha kuzatib boradilar. Og’riq bemor gorizontal vaziyatda bo’lganda va jismoniy xarakat qilganda, gavdasini oldinga engashtirganda, ya’ni me’da-qizilo’ngach reflyuksi oson sodir bo’lganda kuchayadi. Og’riq vaqtida bemorlarda kekirish, zarda bo’lishi va qayt qilish kuzatiladi. Vaqt o’tishi bilan bemorlarda disfagiya paydo bo’ladi, ko’pincha u o’zgaruvchan xarakterga ega bo’ladi va qizilo’ngachning peptik strikturasi rivojlanganda doimiy tus oladi. 

Ko’proq uchraydigan simptomi qon ketishi, odatda u yashirin bo’ladi, kamdan-kam qirmizi-qizil yoki kofe quyqasi rangidagi qayt qilish, qora rangdagi qatronsimon najas belgilari bilan namoyon bo’ladi. Anemiya (kamqonlik) kasallikning birdan-bir alomati bo’lishi mumkin.

Qon ketishi diapedez yo’li bilan peptik ezofagitda eroziyalar va yaralardan sodir bo’lishi mumkin. Diafragma qizilo’ngach teshigi churralariga diagnoz qo’yishda kontrast moda yordamida bajarilgan rentgenologik tekshiruv hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi. Tekshirish bemorni vertikal va gorizontal vaziyatida, ba’zan esa ko’rsatmaga qarab Trendelenburg vaziyatida o’tkaziladi.

Sirpanuvchan churralarda me’da kardial bo’limi shilliq pardasi burmalarining diafragmadan yuqorigacha davom etishi, qizilo’ngachning qisqargan-qisqarmaganligi, Gis burchagining ochiqligi, qizilo’ngachning me’daga balandroqda o’tishi, gaz pufagi hajmining kichrayishi, me’dadan qizilo’ngachga kontrast modda reflyuksi qayd qilinishi muhim diagnostik omillardan hisoblanadi. Kardiyaning diafragma ustida joylashuvi, diafragma qizilo’ngach teshigi kardial churrasining patognomonik belgisi hisoblanadi. Ezofagoskopiya qizilo’ngachning uzunligini aniqlashga, ezofagit belgilarining og’ir yoki engilligiga baho berishga, kardiya etishmovchiligi darajasini aniqlashga va yara nuqsonlari  alignizatsiyasini istisno qilishga imkon beradi. 

Paraezofagial churralar fundal, ichak, ichak-me’da, charvi turlariga bo’linadi. Odatda bu holatlarda, kardiya joyida qoladi, diafragmaning qizilo’ngach teshigi orqali esa qizilo’ngach yaqinida me’da va ichaklarning ko’ks oralig’iga surilishi ro’y beradi. Sirpanuvchan churralardan farqli ravishda paraezofagial churralarda qisilishining rivojlanish ehtimoli ko’proq bo’ladi. Paraezofagial churralarda klinik manzara churraning turi va ichidagi tarkibiy qismiga, atrofdagi a’zolarning surilish darajasiga bog’liq bo’ladi. Bunda kardiyaning yopish faoliyati buzilmagan bo’ladi. Me’da-ichak yoki yurak-o’pka a’zolari faoliyatining buzilishiga shikoyatlar ustunlik qilishi mumkin. Ko’pincha me’daning ko’krak bo’shlig’iga surilishi sodir bo’ladi, bunda epigastral sohada va to’sh orqasida ovqatlanishdan so’ng disfagiya, kekirish va undan so’ng og’riqlar vujudga keladi. Churra qisilganda esa, keskin og’riq, qon aralash qusish kuzatiladi.

Me’dani kontrast modda bilan to’ldirilib o’tkaziladigan rentgen tekshiruvida, kardiyaning diafragmaga nisbatan joylashuvi aniqlanadi. Me’daning ko’krak qafasiga surilgan qismi holati va uning qizilo’ngach hamda kardiyaga o’zaro munosabati o’rganiladi. Hozirgi vaqtda diafragmal churralarini diagnostika qilishda UTT, KT va MRTdan keng foydalanilmoqda. 

Davolash

Diafragmaning qizilo’ngach teshigi asoratlanmagan sirpanuvchan churralarida me’da-qizilo’ngach reflyuksini pasaytirishga, ezofagit hodisalarini kamaytirishga, qorin bo’shlig’i ichidagi bosim oshishining oldini olishga qaratilgan muolajalar olib boriladi. Bemorlarga tanasining bosh tomonini baland ko’tarib qo’yib uxlash, gavdani reflyuks paydo bo’lishini engillashtiradigan holatlarga yo’l qo’ymaslik, ichak faoliyatini muntazam ravishda kuzatib turish tavsiya qilinadi.

Qizilo’ngach teshigi churrasi borligiga bog’liq holda kasallikning klinik manzarasi og’ir bemorlarda terapevtik choralarning natija bermasligi, jarrohlik usulda davolash uchun bosh ko’rsatma hisoblanadi.

Operatsiya qorin a’zolarini joyiga solish va diafragmaning qizilo’ngach teshigi defektini bartaraf etishdan iborat. Paraezofagial churra kardiya etishmovchiligi bilan birga kelganda Nissen taklif etgan usul bo’yicha fundoplikatsiya operatsiya amalga oshiriladi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari