Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Koʼks oraligʼi aʼzolari kasalliklari

Anatomik-fiziologik ma’lumotlar

Ko’ks oralig’i – ko’krak bo’shlig’ining orqa tomondan umurtqa pog’onasi, oldingi tomondan ko’krak, yon tomonlardan mediastinal plevra va pastdan diafragma bilan chegaralanib turadigan qismi bo’lib, ko’ks oralig’i yuqorida aniq chegaralarsiz bo’yin sohasiga o’tadi.

Ko’ks oralig’i shartli ravishda yuqori va pastki qismlarga bo’linadi, uning sathi IV ko’krak umurtqasidan o’tadi. Traxeya yuqori ko’ks oralig’ini shartli ravishda oldingi va orqa ko’ks oralig’iga bo’ladi, yurak xaltasi esa pastki va oldingi, o’rta va orqa ko’ks oralig’iga bo’ladi. Ko’ks oralig’i topografik- anatomik bog’liq a’zolar va  to’qimalarning yig’indisi hisoblanadi. Yuqori ko’ks oralig’ida traxeya, qizilo’ngach, ayrisimon bez, aorta ravog’i, elka-bosh venalari, ko’krak limfatik yo’li joylashgan bo’ladi.

Pastki ko’ks oralig’ining oldingi va o’rta qismlarida yurak va perikard joylashgan bo’lib, o’rta qismining yuqori uchdan birida esa traxeya bifurkatsiyasi, o’pka arteriyasi, aortaning yuqoriga ko’taruvchi qismi joylashadi. Nihoyat, pastki orqa oralig’ida aortaning pastga tushuvchi qismi, qizilo’ngach, ko’krak limfa yo’li, simpatik va parasimpatik nervlar o’tadi.

Tekshirish usullari

Ko’ks oralig’ida joylashgan a’zolarni tekshirishning asosiy usullari har tomonlama rentgenologik tekshirishdir (rentgenoskopiya, polipozitsion rentgenografiya, komp’yuter tomografiya).

Komp’yuter tomografiya – zamonaviy, batafsil ma’lumot beruvchi tekshiruv usuli hisoblanib, ko’krak qafasidan kerakli har qanday darajada ko’ndalang kesma olishga va unda joylashgan barcha a’zolar haqida batafsil ma’lumot olishga imkon beradi. Bundan tashqari, ko’ks oralig’ining aniq diagnostikasi uchun quyidagi usullar qo’llanilishi mumkin. 

Pnevmomediastikografiya – ko’ks oralig’iga gaz kiritilgandan keyin amalga oshiriladigan rentgenologik tekshiruv. Ko’ks oralig’i o’smalarining chegaralarini aniqlashga yordam beradi.

Sun’iy pnevmotoraks – plevral bo’shliqqa gaz yuborish bilan bog’liq tekshirish usuli bo’lib, o’pkaning o’smasini ko’ks oralig’idagi o’smalar va kistalardan tafovut qilish imkonini beradi.

Angiografiya – yurak va yirik qon tomirlarga kateter yordamida rentgenkontrast moddalar yuborib rentgen tasvirlarni olib tahlil qiluvchi tekshirishdan iborat.

Biopsiya olish va diagnozni uzil-kesil aniqlash uchun: bronxlar orqali punktsiya, torakoskopiya, transtorakal aspiratsion biopsiya, mediastinoskopiya yoki periarterial mediastinotomiya qilinib material olinadi va undan preparat tayyorlanib, mikroskop yoki elektron mikroskop yordamida tekshiriladi.

Ko’ks oralig’i jarohatlari

Ko’ks oralig’ining ochiq va yopiq jarohatlari farq qilinadi. Ularni yana a’zolar jarohatlanmagan yaralanishlar, oldingi ko’ks oralig’i jarohatlangan yaralanishlarga bo’lish mumkin. Klinik manzarasi qaysi a’zoning qay darajada jarohatlanganiga, hamda qon oqish darajasiga bog’liq bo’ladi.

Yopiq jarohatlar ko’pincha ko’ks oralig’i yirik qon tomirlarining jarohatlanishi oqibatida ichga qon ketish, gematoma shakllanishi kabi patologik jarayonlar bilan o’tadi. O’pka va bronxlar jarohatlanganda ko’ks oralig’i emfizemasi rivojlanadi. Ko’ks oralig’i gematomasi va emfizemasi nafas qisishi, tsianoz, venalarning bo’rtib chiqishi bilan namoyon bo’ladi. Odatda bu holda, rentgenogrammada ko’ks oralig’ining kengayganligini, gematoma paydo bo’lganida rentgentasvirda qorong’ilashgan soya chegaralarini va emfizemada esa aksariyat yorug’ tortganligi aniqlanadi.

Davolash: yallig’lanishga qarshi muolaja o’tkazish, xayotiy muhim a’zolar ishini bir meyorga solishga qaratilgan bo’ladi. Operatsiya qilish uchun ko’rsatma bo’lib, a’zolar, yirik qon tomirlarning yorilib ulardan profuz qon ketishi, ko’ks oralig’i a’zolarining ezilishi, ular faoliyatining keskin pasayib ketishi kabi holatlar hisoblanadi.

Ochiq jarohatlar. Klinik manzarasi jarohatlangan a’zo turiga, qon ketishning hajmi yoki darajasiga bog’liq. Davolash – xirurgik yo’l bilan amalga oshiriladigan operatsiya hajmi – jarohat turi va xarakteriga bog’liq. 

Yallig’lanish kasalliklari

O’tkir mediastenit – ko’ks oralig’i kletchatkasining o’tkir yiringli yallig’lanishi. Uning paydo bo’lishiga, aksariyat hollarda ko’ks oralig’ining ochiq jarohatlari, o’tkir uchli yot jismlar vositasida teshilishi, kimyoviy moddalar ta’sirida kuyishi, ba’zan esa asbob-uskunalari yordamida tekshirishda jarohatlanishi yoki bo’yinning chuqur flegmonasining tarqalib ketishi sabab bo’ladi.

Klinik manzarasi. O’tkir mediastenit umumiy va mahalliy simptomlarning jadal rivojlanishi bilan xarakterlanadi. Kasallik haroratning birdaniga 39-40°S darajagacha ko’tarilishi, gektik xarakterdagi isitma, et junjikishi, kuchli terlash bilan boshlanadi. Shu holatda nafas qisishi, tsianoz, taxikardiya erta boshlanadi, arterial qon bosimi pasayadi, og’ir intoksikatsiya belgilari namoyon bo’ladi. Bemorlar odatda ko’krak va bo’yin sohasidagi tortishadigan sanchiqli kuchli og’riqlarga shikoyat qiladilar. Bo’yinni egish va to’g’rilashda, boshni yon tomonlarga burishda, ko’krakni bosishda og’riq kuchayadi. Bemorlar majburiy holatni egallaydilar (boshini oldinga qilib qaddini baland qo’yib yotadilar). Qizilo’ngach, bronxlar teshilganda mediastinal, so’ngra esa teri osti emfizemasi vujudga keladi. Qon tahlilida yuqori leykotsitoz, leykoformulaning chapga siljishi, EChTning oshganligi ma’lum bo’ladi. Rentgenogrammalarda ko’ks oralig’i ko’lankasining kengayganligi, ichi bo’sh a’zolar teshilganda esa, ko’ks oralig’ida gaz borligi qayd etiladi. 

Davolash: Muolaja tadbirlarini o’tkazish bilan birga jarrohlik amaliyoti (operatsiya) qo’llaniladi. Bundan maqsad infektsiya manbaini bartaraf etish, ko’ks oralig’ini antiseptik eritmalar bilan doimiy yuvib turish uchun qo’sh bo’shlig’li silikon naychalar bilan adekvat drenajlashdan iborat. Muolaja tadbirlari bakteriologik tekshiruvlar tahlili va nazorati ostida antibakterial muolaja, diurez stimulyatsiyasi bilan birga detoksikatsion infuzion muolaja, hamda bemorning immunologik holatini quvvatlaydigan muolajalar o’tkazishdan iborat.

Surunkali mediastenit o’tkir mediastenitning oqibati bo’lishi mumkin. Unga sil, antipolipoz, zaxm sabab bo’lishi ehtimoli bor. Idiopatik sklerozlovchi mediastenit ham farq qilinadi.

Kasallikning klinik manzarasi. Surunkali mediastenit uzoq vaqt mobaynida belgisiz kechishi mumkin. Keyinroq esa, ko’krak qafasida og’riq, tana haroratini subfebril ko’rsatkichlargacha ko’tarilishi, yo’tal, nafas olishda qiynalish va uning qisishi, lanjlik, holsizlik, yutish jarayonida qiynalishlar, ko’krakda siqilish sezgisining paydo bo’lishi kuzatiladi. Bu simptomlar odatda sil (o’pka yoki limfatik tugunlar sili), zaxm kabi spetsifik kasalliklaridagi bo’ladigan klinik belgilar bilan o’tadi. Sklerozlovchi mediastenitda, kasallikning rivojlanishi jarayonida asta-sekin yuqori kovak venaning ezilishi bilan bog’liq simptomlarning paydo bo’lishi (yuz kerikishi, qo’lda shish, tsianoz paydo bo’lishi), ko’krak teri osti venalarining g’oyat darajada kengayishi sodir bo’ladi. Diagnozni tasdiqlash uchun qizilo’ngach va yuqori kovak venasiga kontrast modda yuborib rentgenologik tekshirishdan foydalaniladi. 

Davolash: spetsifik antibakterial preparatlar tayinlashdan iborat. Idiopatik sklerozlaydigan mediastenitda nurlash, kortikosteroidlar qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi. Hayotiy muhim a’zolar ezilganda, xirurgik usullarni tanlashga to’g’ri keladi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari