Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Diafragma kasalliklari

Anatomik-fiziologik ma’lumotlar

Diafragma (diaphragma – yunoncha «to’siq») yoki to’sh-qorin to’sig’i, ko’krak bo’shlig’i a’zolarini qorin a’zolaridan ajratib turadi. U yassi yupqa mushakdan iborat bo’lib, uning tolalari ko’krak qafasining pastki gumbaz qismining butun doirasi bo’yicha boshlanib, yuqoriga boradi va radial holda pay tizmasiga o’tib, o’ng va chap tomondan ko’krak bo’shlig’iga chiqib turadigan gumbazsimon qabariqlar hosil qiladi. Shunga muvofiq holda diafragmada ikkita qism farq qilinadi: markaziy pay qismi va chekka-mushak qismi. Keyingisi yana uch qismga: to’sh, qovurg’a va bel qismlariga bo’linadi.

Diafragmaning ko’krak qismi biroz nozikroq ifodalangan bo’lib, ba’zi hollarda esa, hatto bo’lmasligi mumkin. Odatda u to’sh-xanjarsimon o’sig’ining ichki yuzasi va qorin to’g’ri mushaklari qinining orqa varag’idan boshlanadigan bir necha kalta tutamlardan iborat bo’ladi. Diafragmaning bu qismi kletchatka bilan to’lgan kichkina va tor uchburchak yoriq – ko’krak-qovurg’a bo’shlig’i yoki Larrey uchburchagi bilan qovurg’a bo’limidan ajralgan bo’ladi. 

Qovurg’a qismi VII-XII qovurg’alar tog’aylarining ichki yuzasidan ko’ndalang qorin mushagi o’siqlari bilan navbatlashadigan alohida mushak tutamlaridan boshlanadi, so’ngra yuqoriga ko’tarilib pay markaziga o’tadi va diafragma gumbazlarining kattagina qismini hosil qiladi.

Qovurg’a qismi, Boxdalek uchburchagi nomini olgan boshqa, huddi shunday uchburchak yoriq vositasida diafragmaning kuchliroq ifodalangan bel qismidan ajratilgan.

Diafragmaning bel qismi har tomonlama uchta mushak “oyoqcha”lar: tashqi, oraliq va ichki “oyoqcha”lardan tashkil topgan bo’ladi. Diafragmaning qizilo’ngach teshigi ko’pchilik tadqiqotchilarning ma’lumotlariga binoan uning asosan o’ng ichki “oyoqcha”si hisobiga hosil bo’ladi. Qizilo’ngach teshigi barcha tomoni berk tog’orasimon shaklga ega bo’lib, XI ko’krak umurtqasi sathida, aksariyat o’rta chiziqdan birmuncha chap tomonda joylashadi.

Diafragma qizilo’ngach teshigining eni normada 1,0 sm dan 3 sm gacha bo’lib, uzunligi esa 3,5 dan 6 sm gacha kattalikka ega bo’ladi. Diafragmaning qizilo’ngach teshigi orqali qizilo’ngachdan tashqari, chap va o’ng adashgan nervlari o’tadi.

Diafragma o’pka bilan tutashgan joylarda va diafragmal-mediastinal, hamda diafragmal-qovurg’a sinuslar sohasida plevra bilan qoplangan bo’lib, uning payidan, qorin ichi fastsiyasining bir qismi hisoblangan biriktiruvchi to’qima plastinkasi boshlangan bo’ladi.

Diafragmani juft mushak – diafragmal arteriya (a. musculophrenica) lar va aortaning juft tarmoqlari: yuqorigi diafragmal arteriya va oltita pastki qovurg’alararo arteriyalar orqali qon bilan ta’minlanadi. Diafragmaning asosiy arteriyalari o’ng va chap pastki diafragmal arteriyalar bo’lib, ular aslini olganda butun diafragmani u yopishgan chiziq bo’ylab vaskulyarizatsiya qiladi.

Ko’p sonli limfatik tomirlar diafragma qatlamlariga muvofiq joylashgan to’rlar hosil qiladi. Diafragmadan limfa oqishi, uning mushak-pay elementlari qisqarishi tufayli, ko’p sonli limfatik tugunlar vositasida ruy beradi.

Diafragma ikkita diafragmal nervlar (nn. phrenici), ikkala tomondagi oltita pastki qovurg’alararo nervlar (n. intercostalis) tarmoqlaridan innervatsiya qilinadi, shuningdek o’ng va chap diafragmal chigallaridan nerv tolalarini oladi.

Diafragma relaksatsiyasi

Diafragma relaksatsiyasi – diafragmaning yupqalashishi oqibatida unga yaqin joylashgan qorin bo’shlig’i a’zolarining ko’krak bo’shlig’iga qarab surilishi nazarda tutiladi. Bu holatda diafragma yopishadigan chetlari odatdagi joyda qoladi. Relaksatsiyaning tug’ma (diafragma mushaklarining to’liq o’sib etilmaganligi yoki aplaziyasi zamirida) va orttirilgan (aksariyat diafragmal nerv shikastlanishi natijasida) turlari tafovutlanadi.

Diafragmaning butun gumbazi zararlanib ko’krak qafasiga surilgan bo’lsa, relaksatsiya to’liq va uning biror bo’limi (chegaralangan bo’limi) yupqalashganda qisman bo’lishi mumkin. Diafragma relaksatsiyasida zararlangan tomondagi o’pkaning ezilishi va ko’ks oralig’ining qarama-qarshi tomonga surilishi ro’y beradi, me’da yoki ichakning ko’ndalang va uzunasiga buralishi yuz berishi ehtimoli ham bo’ladi.

Klinik manzarasi. Chegaralangan o’ng tomonlama relaksatsiyada belgilar diafragmal churradagi singari bo’ladi. Churraning darvozalari yo’qligi hisobiga, bu holatda qisilib qolish xavfi bo’lmaydi. Diagnoz – qorin bo’shlig’i a’zolarining ko’krak qafasining tegishli yarmiga surilishi, o’pkaning ezilishi, ko’ks oralig’i a’zolarining surilish belgilari asosida qo’yiladi. Rentgenologik tekshirish diagnozni  tasdiqlaydigan asosiy usul hisoblanadi. Ko’krak qafasiga surilgan a’zolar ustidan diagnostik pnevmoperitoneum qo’yilganda diafragma soyasi aniqlanadi.

Davolash. Aniq ifodalangan klinik simptomlar bo’lganda jarrohlik usulida davolash zarur bo’ladi. Operatsiya surilgan qorin bo’shlig’i a’zolarini normal holatga keltirish va yupqalashgan diafragmaning dublikaturasini hosil qilish yoki uni polivinilalkogol, teri-mushak laxtaklari yordamida plastika qilishdan (mustahkamlash) iborat.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari