Mundarija

Me’da osti bezi kistalari

Me’da osti bezi kistalari bezning o’zida hamda uni o’rab turgan to’qimalarda kapsula bilan chegaralangan suyuqlik yig’ilgan bo’shliqlardan iborat. Kasallik turli yoshga oid guruhlarda, erkaklar va ayollar o’rtasida bir xilda uchraydi.

Kelib chiqishiga ko’ra kistalarni quyidagi 5 ta turga bo’lish mumkin:

  1. embrional davrdagi rivojlanish negizida kelib chiqqan kistalar (bularga dermoid kistalar, oddiy kistalar, bezdagi fibroz-kistoz o’zgarishlar va bezning polikistoz buyrak yoki jigar tipi bo’yicha polikistoz o’zgarishlari kiradi);
  2. yallig’lanish jarayoni sababli kelib chiqqan kistalar (bez bo’laklarining chiqaruv yo’li bekilib qolishidan paydo bo’lgan soxta, ko’p kamerali, retentsion kistalar);
  3. jarohat oqibatida yuzaga kelgan kistalar;
  4. o’sma-kistalar (tsistadenoma, tsistadenokartsinoma, teratoma);
  5. parazitar kistalar (exinokokk).

Patologik anatomiyasi

Kistalarning hosil bo’lish sababi va mexanizmlariga, devorlarining tuzilish xususiyatlariga ko’ra me’da osti bezining shuningdek chin va soxta kistalarini farq qilish lozim.

Chin kistalarga tug’ma bezning tug’ma dizontogenetik kistalari, orttirilgan retentsion kistalar, tsistadenomalar va tsistadenokartsinomalar kiradi. Chin kista ichki yuzasida epitelial qavat borligi uning nisbiy xususiyati hisoblanadi. Chin kistalar bez kistalarining 20 foizini tashkil qiladi.

Soxta kistalar

Soxta kistalar birmuncha ko’proq kuzatiladi (hamma kistalarning 80 foizi). Ular tez orada to’qimaning o’choqli nekrozi, bez devorlarining emirilishi, pankreatik shira ajralib chiqishi va bez tashqarisiga qon quyilishi bilan o’tadigan
o’tkir destruktiv pankreatit yoki me’da osti bezi shikastidan keyin xosil bo’ladi. Soxta kista devorlari zichlashgan qorin pardasi va fibroz to’qimadan iborat bo’lib, chin kistadan farqli ravishda ichki tomonida epitelial qavati emas, balki
granulyatsion to’qimasi bo’ladi. Soxta kista bo’shlig’i odatda suyuqlik va nekrotik to’qimalar bilan to’lgan bo’ladi. Suyuqligining xarakteri har xil bo’ladi. Soxta kista me’da osti bezining boshchasi, tanasi va dum qismida joylashishi
mumkin va katta o’lchamlarda bo’ladi. Soxta kistada suyuqlik miqdori aksariyat 1-2 l va undan ko’proq bo’ladi.

Klinikasi va diagnostikasi

Me’da osti bezi kistalarining simptomatologiyasi kista etiologiyasiga, uning o’lchamlariga, joylashuviga va qancha vaqtdan buyon mavjudligiga bog’liq. Kista o’lchami kattalashmasdan ilgari u og’riq sezgilarini qo’zg’atmasligi mumkin va bemorni tekshirganda mezogastriyadagi sharsimon o’sma ko’rinishida topiladi. Me’da osti bezi o’smalari ko’pincha to’sh osti sohasida og’riq paydo qiladi, og’riq orqaga yoki belning chap yarmiga o’tadi (90% gacha bemorlarda), bu ko’pincha travmatik yoki yallig’lanishga aloqador psevdokistalarida uchraydi.

Kista me’da osti bezi boshchasida joylashganda umumiy o’t yo’li bosilishi va sariqlik paydo bo’lishi mumkin. Yuqorida aytilganidek, bemorni tekshirishda to’sh osti sohasida yoki mezogastriyda deyarli og’rimaydigan, konsistentsiyasi elastik, paypaslab ko’rilganda va nafas olganda kam siljiydigan sharsimon o’sma aniqlanadi.

Kista asta-sekin avj olib kechishi va birmuncha o’tkir kechishi mumkin. Keyingi xolda kista qisqa vaqt ichida kattalashib ketadi, boshqa a’zolarda og’ir funktsional buzilishlar keltirib chiqaradi va asoratlar bilan o’tadi.

Me’da osti bezining eng ko’p uchraydigan asoratlaridan kista bo’shlig’iga qon quyilishi, yiringlanish, yorilib peritonit rivojlanishi, tashqi va ichki oqmalar, qo’shni a’zolar bosishidan kelib chiqadigan buzilishlarni ko’rsatib o’tish mumkin.

Diagnostikasi

Klinik simptomlarni hisobga olishdan tashqari, me’da osti bezi kistasining diagnozi maxsus tekshirish usuli ma’lumotlariga asoslanadi. Siydik va qonda me’da osti bezi fermentlarining biroz oshishidan tashqari, ba’zan ularning o’n ikki barmoqli ichak suyuqligida kamayib ketishi qayd qilinadi.

Rentgenologik tekshirishda me’da, ko’ndalang chambar ichakning odatdagi vaziyatidan oldinga va yuqoriga yoki pastga surilganligi aniqlanadi. Kompyuter tomografiyasi va ultratovush bilan skanirlash me’da osti bezi bilan bog’liq 
bo’lgan tuzilmaning suyuqlik bilan to’lganligini aniqlashga yordam beradi.

Me’da osti bezi kistalarini differentsial diagnostika qilishda me’da osti bezi o’smalari, aorta anevrizmasi, qorin pardasi orqasidagi limfatik tugunlar o’smasi, jigar o’smalari va kistalari, gidronefroz va buyrak o’smalari, chambar ichak
tutqichi kistalarini istisno qilish zarur.

Davolash

Me’da osti bezi kistalariga davo qilish uchun quyidagi operatsiyalar taklif qilingan: marsupializatsiya, kistani oddiy drenaj qilish, kistaning ichki drenaji, kistani kesish va bezni qisman kista bilan rezektsiya qilish. Me’da osti bezi kistalarini operatsiya usuli bilan davolashning har xilligi kistaning kelib chiqish formalari ko’pligiga va ularning rivojlanish darajasiga bog’liq.

Psevdokistalarda drenaj qiladigan turli operatsiyalar qo’llaniladi. Bezning dum qismida joylashgan me’da osti bezi kistalarida me’da orqali tsistogastrostomiya qilish buyuriladi. Bu kista bilan me’da o’rtasida anastomoz hosil qilishdan iborat. Me’da osti bezi boshchasida joylashgan unchalik katta bo’lmagan kistalarda transduodenal tsistoduodenostomiya qilinadi, bu kista bilan o’n ikki barmoqli ichak o’rtasida anastomoz hosil qilishdan iborat. Bez tanasi va boshchasida kelib chiqadigan yirik kistalarda kista bilan funktsiyasi to’xtatib qo’yilgan och ichak qovuzlog’i o’rtasida anastomoz hosil qilinadi

Peritonit bilan asoratlangan yorilgan kistalarda, kistaning yiringlashishi bilan bog’liq septik holatda uning devorlari parietal qorin pardasiga va teriga tikib qo’yiladi. Operatsiya bilan davolashdan keyin 90-95% hollarda yaxshi natijalar olingan.

Pankreatit. Dejarden nuqtasi

Pankreatit. Meyo-Robson nuqtasi

Pankreatit. Shoffar soxasi

Pankreatit. Gubergrits nuqtasi

Pankreatit. Gubergrits soxasi

Pankreatit. Meyo-Robson soxasi

Kerte belgisi

Voskresenskiy belgisi