Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mundarija

Koʼks oraligʼi o’smalari va kistalari

Ko’ks oralig’i o’smalarining talaygina gistologik turlari mavjud. Kelib chiqishiga ko’ra ular:

  • nevrogen (ganglionevromalar, neyroblastomalar, simpatikoblastomalar, oreoxomotsitomalar, nevrinomalar va nevrogen sarkomalar);
  • mezenximadan kelib chiqqan (fibromalar, fibrosarkomalar, lipomalar, liposarkomalar, limfangiomalar, gemangiomalar, angiosarkomalar va b.);
  • limfatik tugunlar retikulyar to’qimasidan paydo bo’lgan (limfosarkomalar, retikulosarkomalar, limfogranulematoz);
  • embriogenez buzilishi oqibatida paydo bo’ladigan ayrisimon yoki qalqonsimon bezlardan kelib chiqadigan (dermoid kistalar va teratomalar, seminomalar, xarinoepitelioma, ko’krak qafasi ichidagi buqoq) o’smalari bo’ladi.

Ko’ks oralig’i kistalari haqiqiy tselamik kistalar va perikard divertikullariga, bronxogen va enterogen parazitar kistalarga bo’linadi. Bular embriogenez jarayonining buzilishlari oqibatida kelib chiqadi.

Ko’ks oralig’i o’smalari va kistalarini soxta o’smalar, anevrizmalardan (aorta, o’pka arteriyasi, toq vena anevrizmasi), diafragma churrasi, qizilo’ngach o’smalaridan tafovut qilish kerak bo’ladi.

Klinik manzarasi. Ko’ks oralig’ining o’smalari va kistalari ilk bosqichlarda belgisiz kechadi va ko’pincha profilaktika maqsadida o’tkazilgan rentgenologik tekshiruvlarda aniqlanadi. Keyinchalik o’sib ketganda va atrofdagi a’zolarni ezib qo’yganida, ko’krak qafasida og’riq, nafas olishning qiyinlashuvi kabi belgilar paydo bo’ladi. Ko’ks oralig’ining o’smalari rivojlanishi jarayonida kasallikka simpatik nerv aloqador bo’lganida Gorner simptomi aniqlanadi, qaytuvchi nerv qo’shilganda esa tovushning bo’g’ilishi kabi belgilar kuzatiladi. Yurakning ezilishi oqibatida, ko’krak qafasining o’ng yarmida og’riq paydo bo’ladi, yurak ritmining buzilishlari kuzatiladi. Nevrogen o’smalar orqa miyaning ezilishi belgilari – sezuvchanlik buzilishining turli xil turlari, parez, falajlar, kichik chanoqda joylashgan a’zolar faoliyatining buzilishlari bilan namoyon bo’lishi mumkin.

Yuqori kovak venasining qattiq ezilishi – “yuqori kovak vena” simptomokompleksining (belgilar majmuasi) rivojlanishiga olib keladi. Bunda yuz, bo’yin, qo’llar, gavdaning yuqori yarmida shish va tsianoz paydo bo’ladi. Shu bilan birga o’smaga aloqador simptomlar paydo bo’lishi ham ehtimol. Ko’ks oralig’i o’smalarining ko’pchiligi xavfsiz o’smalardan hisoblanib, odatda o’smalar o’lchamining kattalashishi oqibatida a’zolarning ezilishi yuzaga kelganda, xirurgik yo’l bilan olib tashlanadi. Ko’ks oralig’i o’smalarining ko’pchiligi, vaqt o’tishi bilan xavfli o’smalar turiga aylanishi mumkin. Demak, ko’ks oralig’i o’smalari diagnostika qilinganda, bemorning ahvoli imkon bersa, profilaktik nuqtai nazardan uni jarrohlik amaliyoti usullarini qo’llab olib tashlash, ayni maqsadga muvofiq bo’ladi.

Ko’ks oralig’i o’smalari va kistalarining ayrim turlari diagnostikasi, kasallikning klinik manzarasi va davolash. Nevrogen o’smalar – ko’ks oralig’ining ko’proq uchraydigan xavfsiz o’smalaridan hisoblanadi. Ular odatda, orqa ko’ks oralig’i sohasida joylashadi

Nevrogen o’smalar simpatik nerv gangliylari va o’zaklari, adashgan va qovurg’alararo nervlar, orqa miya pardalaridan kelib chiqadi. Gistologik tuzilishi jihatidan bular neyrofibroma, neyromioma, ganglionevroma, paraganglioma, feoxromotsitomalardir. Orqa miya ildizlaridan chiqadigan o’smalar qisman orqa miya kanali ichiga, qisman esa ko’ks oralig’iga “qum soat” kabi shaklda bo’lib o’sadi. Shu munosabat bilan bemorlar orqadagi og’riqqa shikoyat qiladilar, ularda orqa miyaning bosilish belgilari, parezlar va falajliklar rivojlanadi.

Rentgenologik alomatlar: tuxumsimon yoki yumaloq shakldagi intensiv gomogen soyaning aniq chegaralari bor, ko’ks oralig’ining orqa yuqori bo’limlarida joylashadi, sun’iy pnevmotoraks qo’yilgandan keyin yaxshiroq aniqlanadi. Davolash – xirurgik yo’l bilan o’sma olib tashlanadi.

To’sh suyagi orti (ichki) buqoq

Ko’krak qafasining to’sh suyagi ortida joylashgan ichki buqoq tireoptoz (qalqonsimon bezining to’sh suyagi ortiga tushishi) va ko’ks oralig’ida joylashgan qo’shimcha qalqonsimon bezlar ham kiradi. Aksariyat o’ng tarafda, buqoqning bu turi ko’proq uchraydi.

Ko’krak qafasining to’sh suyagi ortida joylashgan ichki buqoqning muhim belgilaridan biri bo’lib, traxeyaning ezilishi, siqilishi yoki deviatsiyasi (bir tomonga surilishi) hisoblanadi. Buqoqning o’lchamlari katta bo’lganda ko’ks oralig’idagi yirik qon tomirlarining ezilishi simptomlari: bo’yin teri osti venalarining kengayishi va pulsatsiyasi, bosh og’rig’i, yuz salqishi “kompression sindrom” rivojlanishi mumkin. Rentgenologik tekshiruv qo’llanilganda traxeya va qizilo’ngachni joyidan siljiganligining aniq chegaralari soya (ko’lanka) sifatida aniqlanadi. Ko’pincha I131 bilan skanerlash aniqroq ma’lumot beradi. Davolash – buqoqni xirurgik yo’l bilan olib tashlashdan iborat.

Timomalar

Timomalar – ayrisimon bez o’smalari, xavfsiz va xavfli bo’lishi mumkin. “Kompression sindrom” dan tashqari aregenerator anemiya, Kushing sindromi namoyon bo’ladi. Ko’p hollarda miasteniya belgilari (skelet mushaklarining birdaniga bo’shashishi, chaynash, yutish, nutq, nafas olishning buzilishi, mushak gipotrofiyasi) bilan o’tadi. Bu simptomlar antixolinesteraza preparatlari yuborilgandan keyin kamayadi. Diagnostika usullaridan mediastinografiya batafsilroq ma’lumot beradi. Davolash – bezni operatsiya yo’li bilan olib tashlashdan iborat.

Dermoid kistalar va teratomalar

Dermoid kistalar endoderma elementlaridan rivojlanadi, devorlari qalin, bo’shlig’ida yopishqoq suyuqlik, teri va soch kabi tarkibiy qismlar bo’ladi. Teratomalar o’rta ko’ks oralig’ida bir necha pusht varaqlaridan rivojlanadi. Odatda, og’riq va “kompression sindrom” paydo bo’lgandagina diagnostika qilinadi. Davolash – xirurgik yo’l bilan olib tashlashdan iborat.

Perikard kistalari

Embrional davrda to’qimalarning rivojlanish nuqsoni bilan bog’liq. Aksariyat o’ng kardiodiafragmal burchakda joylashadi. Kechishi ko’pincha simptomlarsiz. Katta o’lchamlarda bo’lganda yurak sohasida og’riq, aritmiyalar qayd qilinishi mumkin. Rentgenologik tekshirishda aniqlanadi. Davolash – kistani xirurgik yo’l bilan olib tashlashdan iborat.

Bronxogen kistalar

Odatda traxeya va yirik bronxlarga taalluqli bo’ladi. Ularning o’lchamlari kattalashgan sari, bemorlarda shikoyatlar birin-ketin paydo bo’ladi. Ular quruq yo’tal, nafas qisishi, stridoroz nafas olish holida yuzaga chiqadi. Rentgenologik tasvirda traxeyaga tegib turgan yumaloq soya aniqlanadi. Davolash – kistani xirurgik yo’l bilan olib tashlashdan iborat. Operatsiyaga ko’rsatma bo’luvchi asoratlari: yiringlash, perforatsiya (teshilish) hisoblanadi.

Enterogen kistalar

Orqa ko’ks oralig’ining pastki bo’limlarida joylashadi. Birlamchi ichak naychasidan rivojlanadi. Kistalarning ichki pardasi xlorid kislota ishlab beradigan me’da epiteliysi bilan qoplanganligi tufayli devorida yaralar paydo bo’lishi, qon oqishi, perforatsiyasi yuz berishi mumkin. Ular ichi kovak a’zolarga, perikard, plevra bo’shlig’iga teshib kirib, yiringlashni hosil qilishi ehtimoli bor. Diagnostika uchun pnevmomediastenografiya ko’p ma’lumot beradi. Davolash – kistalarni operatsiya yo’li bilan olib tashlashdan iborat.

Lipomalar

Lipomalar – ko’pincha o’ng kardiodiafragmal burchakda joylashadi. Simptomsiz kechadi. Katta o’lchamlargacha etishi mumkin, shundagina ko’ks oralig’i a’zolarining bosilish simptomlari yuzaga keladi. Rentgenologik tekshirishda aniqlanadi.  Davolash – operatsiya qilinib, o’sma olib tashlanadi.

Limfomalar

Mediastinal limfatik tugunlardan rivojlanadi. Odatda oldingi ko’ks oralig’ida joylashadi. Tabiatiga ko’ra xavfli hisoblanadi. Simptomlari intoksikatsiya bilan bog’liq – lohaslik, darmon qurishi, tana haroratining ko’tarilishi (isitma), oriqlab ketish, terida qichima paydo bo’lishi kabilardir. Katta o’lchamlarga etganda: yo’tal, ko’krakda og’riq, ko’ks oralig’i a’zolarining ezilishi belgilari bo’ladi. Diagnostika uchun rentgenologik tekshiruv, mediastenoskopiya, mediastenotomiya o’tkaziladi. Davolash – xirurgik yo’l bilan davolash erta bosqichlaridagina amalga oshiriladi, keyinchalik nur va kimyoviy preparatlar bilan davolanadi.

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalr uchun – Ko’ks oralig’i a’zolari kasalliklari