Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Qizilo'ngach kasalliklari

Anatomik-fiziologik ma’lumotlar

Qizilo’ngach (oesophagus) – halqumni me’daning kardial qismi bilan tutashtirib turadigan kovak a’zo bo’lib, balog’at yoshidagi odamda uning uzunligi 24-29 sm ni tashkil etadi. Qizilo’ngach devorining qalinligi o’rta hisobda 3-4 mm atrofida bo’lib, uzuksimon tog’ayning pastki cheti, VI bo’yin umurtqasi sohasidan boshlanadi va uning pastki qismi (2-4 sm) qorin bo’shlig’ida joylashgan bo’ladi.

Quyidagi ma’lumotlar amaliy ahamiyatga ega: qizilo’ngachda uchta torayma bo’lib, yuqorigisi qizilo’ngachning kirish qismida yuqori qoziq tishlar oldingi chetidan taxminan 14-15 sm masofada, o’rta torayma aorta ravog’i va chap bosh bronx sohasida va pastkisi diafragma bilan kesishgan joyida bo’ladi.

Qizilo’ngach anatomik jihatdan uch qismga bo’linadi: bo’yin qismi (pars cervicalis – boshlanishdan orqa ko’ks oralig’iga kirish qismigacha – 5-6 sm), ko’krak qismi (pars thoracalis – ko’krak qafasidan diafragmagacha – taxminan 17 sm) va qorin qismi (pars abdominalis – diafragmadan chiqishdan me’daning kardial qismi bilan tutashguncha – 2-4 sm).

Qizilo’ngach o’z yo’lida qator a’zolar bilan duch keladi yoki ularga anatomik jihatdan yaqin, qizilo’ngachning oldingi tomonida yuqorida traxeya turadi. Traxeya bifurkatsiyasi sathida qizilo’ngachni chap bronx kesib o’tadi. Pastroqda esa, perikard bilan ajratilgan o’ng bo’lmaning orqa yuzasi joylashadi. Diafragmal teshik orqali o’tishning oxirida, endi qorin pardasi bilan qoplangan qizilo’gach jigarning chap bo’lagiga tegib turadi.

Qizilo’ngach orqasida umurtqa pog’onasining bo’yin qismi va birinchi ko’krak umurtqalari joylashadi. Th10 yordamida u ko’krak yo’lini (ductus thoracicus) kesib o’tadi va umurtqa pog’onasidan uzoqlashadi, qizilo’ngach orqasida ichkarida o’ng tomonda toq vena (v. azygos), chap tomonda ko’krak aortasi, ular orasida esa ko’krak yo’li joylashadi. Shu yo’lda qizilo’ngach o’ng bronxial arteriyani, bir necha qovurg’alararo arteriyalar va venalarni, hamda undan plevra bilan ajratilgan v. hemiazygosni kesib o’tadi. Qizilo’ngach o’ng tomonda yuqorida traxeya bilan bekilgan. Xuddi shu erda o’ng qaytuvchi nervning tarmog’i o’tadi. Eng yuqori bo’limida u qalqonsimon bezning o’ng bo’lagiga tegib turadi.

Chapda qizilo’ngach qalqonsimon bezning chap bo’lagi, shu bezning venalari bilan chegaralanib turadi. Unga traxeo-ezofageal burchakdan qizilo’ngachning oldingi sathiga o’tadigan chap qaytuvchi nerv yaqinlashadi. Uning yaqinida, chap o’mrov osti sohasida ko’krak yo’li joylashadi. Keyinroq qizilo’ngach aorta ravog’ining gorizontal qismiga yaqinlashadi, mediastinal plevra, kardiya sohasi, me’da tubiga tegib turadi.

O’ng adashgan nerv qizilo’ngachga o’ng bronx bilan kesishgan sathida yaqinlashadi, bu IV-V ko’krak umurtqasi sathiga muvofiq keladi va qizilo’ngachning orqa yuzasida joylashib, qorin bo’shlig’iga kiradi. Chap adashgan nerv qizilo’ngachning oldingi devoriga yaqinlashadi. Shunday qilib, qizilo’ngach o’zining butun yo’lida traxeya, pastga tushadigan aorta, ko’krak yo’li, simpatik chegaradosh ustunning ko’krak qismi, o’pka va plevra, diafragma, yuqori kovak vena, perikard va yurakning orqa yuzasi bilan anatomik jihatdan yaqin yoki tegib turadi.

Qizilo’ngach bo’yin qismi va ko’krak bo’limi boshlanishda aorta ravog’igacha o’rta chiziqdan birmuncha chapda yotadi. Ko’krak bo’limining o’rta qismida qizilo’ngach o’rta chiziqdan birmuncha o’ngga og’adi va diafragma ustida aortadan oldinda yotadi. Shunday qilib, qizilo’ngach bo’yin bo’limida chapdan kesishga qulay. Ko’krak bo’limining pastki uchdan bir qismida qizilo’ngach pastga tushadigan aorta va yurak xaltasi orasida yotadi va unga chap tomonlama transplevral yo’l bilan yaqinlashish oson.

Umuman olganda, qizilo’ngachning tuzilishi butun me’da-ichak yo’liga muvofiq keladi. Devori 4 qavatdan tashkil topadi – shiliq qavat (mucosa), shiliq osti qavati (submucosa), mushak qavati (muscularis) va tashqi biriktiruvchi to’qima pardasi (tunica adventicia). Qizilo’ngachning shiliq pardasi ko’p qavatli yassi epiteliy burmalaridan hosil bo’lgan. Qizilo’ngach ko’p qavatli yassi epiteliysining me’daning tsilindrsimon epiteliysiga o’tishi keskin, tishsimon chiziq ko’rinishda yuz beradi (linea zerrata). Ko’pchilik kishilarda u anatomik kardiyadan birmuncha yuqorida joylashgan.

Qizilo’ngachning oxirgi qismida odatda taxminan 75% hollarda qizilo’ngachning yuza yoki kardial bezlarini saqlagan me’da shilliq pardasining sohalari bo’ladi. Bu bezlar me’daning kardial beziga o’xshash va xlorid kislota ishlab chiqaradigan parietal xujayralar saqlashi mumkin. Me’da tsilindrsimon epiteliysining ektopik joylashgan orolchalari va yuzaki joylashgan bezlar qizilo’ngachning birmuncha proksimal sohalarida ham uchrab turadi. Qizilo’ngach yaralari rivojlanishida ularga muayyan ahamiyat beriladi.

Shilliq osti pardasi (qavati) biriktiruvchi to’kima va elastik tolalardan hosil bo’lgan: u g’ovak va harakatchan. Qizilo’ngachning shilliq osti pardasida, ayniqsa uning proksimal bo’limida uning chuqur yoki «xaqiqiy» bezlari joylashgan. Ularning umumiy miqdori 200 dan oshmaydi deb hisoblaydilar. Bez shilliq parda yuzasiga burchak ostida yo’nalgan yo’llarga ochiladi. Bezning umumiy uzunligi 1 mm dan oshmaydi. Qizilo’ngach devori bezlari sekretsiyasini vagus nazorat qilib turadi. Uning sekretor tolalari ta’sirlantirilganda bezlar quyuq shilliq chiqara boshlaydi, u tobora suyuqlanib boradi. Bu sekret hazm qilish kuchiga ega emas.

Qizilo’ngachning mushak devori ichki doira mushaklar va tashqi bo’ylama tolalardan iborat. Ular o’rtasida g’ovak biriktiruvchi to’qima qatlami bo’ladi, unda yirik tomirlar va nervlar joylashgan. Bo’ylama mushak qavati odatda tsirkulyar qavatdan ikki baravar yupqa, qizilo’ngachning yuqori uchdan bir qismida mushaklar ko’ndalang-targ’il, mushak pardasining uchdan bir pastki qismi silliq mushaklardan tashkil topgan. Sfinkter ahamiyati bo’lgan mushak qavatining qalin qismi qizilo’ngachga kirish qismida va diafragmal torayma sathida bo’ladi. F.F. Saks (1964) fikricha, katta odamda qizilo’ngach mushak qavati tsirkulyar qatlamining qalinligi kardiya sohasida 2,2 mm, bu uning birmuncha proksimal qismlaridagi qalinligidan 1,5-2 marta ortiqdir. 

Qizilo’ngach tashqi tomondan g’ovak biriktiruvchi to’qima bilan o’ralgan, undan limfatik va qon tomirlar, biriktiruvchi to’qimadan iborat tortmalar o’tadi. Chunonchi, qizilo’ngachning oldingi chap devorini chap bronx asosi bilan bog’lab turadigan chap qizilo’ngach – bronxial boylami, qizilo’ngachning orqa- chap devorini aorta ravog’ining botiq yuzasiga taqab turadigan qizilo’ngach- aortal boylami va qizilo’ngachning distal bo’limini diafragmaga taqab turadigan Morozov-Savvin boylami kabilar farq qilinadi. Qizilo’ngachning abdominal kesigi seroz parda bilan qoplangan bo’ladi.

Qizilo’ngachning qon bilan ta’minlanishi

Qizilo’ngach arterial qon bilan o’mrov osti arteriyasi tarmoqlarining yuqori qismida, yuqori qovurg’alararo va qalqonsimon bez arteriyasidan, ko’krak qismida pastki diafragmal va chap me’da arteriyalari tarmoqlaridan ta’minlanadi. Qizilo’ngach arteriyalari o’zaro keng anastomoz hosil qiladi. Bu hol shu a’zoda operatsiya o’tkazishda juda qo’l keladi.

Venoz oqim pastki qalqonsimon, perikardial, orqa ko’ks oralig’i va diafragmal venalar orqali amalga oshiriladi. Qon vv. azygos va hemiazygosga quyiladi. Qizilo’ngach venalari asosan uzunasiga joylashgan bo’lib, uning pastki uchdan bir qismida shilliq parda osti va mushak pardalarida me’daning kardial qismi shilliq pardasi ostidagi chigalning davomi hisoblangan murakkab venoz chigal bo’ladi. Qon venoz chigaldan qizilo’ngach venalari bo’ylab, vv. azygos va hemiazygos ga va yuqori kovak venaga yo’naladi, bu venalarning klapanlari bo’lmaydi. Qizilo’ngachning qorin qismi venalari me’da venalari va qopqa vena bilan bevosita bog’langan. Qizilo’ngach venalari orqali qopqa va kovak venalar sistemasi o’rtasida anastomoz amalga oshirilishini qayd qilib o’tish muhim. 

Qizilo’ngachning limfatik tomirlari me’daning chuqur limfatik tugunlariga quyiladi. Limfa qizilo’ngachning yuqori qismidan traxeal va traxeobronxial limfatik tugunlarga, pastki qismidan kardiya tugunlariga tushadi. Qizilo’ngach limfatik tugunlarining bir qismi bevosita ko’krak yo’liga ochiladi (D.A. Jdanov, 1952), buning qizilo’ngach rakining keyinchalik metastazlar berishida ahamiyati kattadir.

Qizilo’ngachni parasimpatik n. vagi tarmoqlari va simpatik nerv sistemasi (gangl. stellatumning tolalari, arterial va kekirdak-xiqildoq chigali) orqali innervatsiya qiladi. Ikkala sistemaning nerv tolalari qizilo’ngach yuzasida chigallar: o’ng adashgan nerv tarmoqlari bilan chap-orqa qizilo’ngach chigalini, chap adashgan nerv tarmoqlari bilan o’ng oldingi qizilo’ngach chigalini hosil qiladi. Ulardan qizilo’ngach bag’rida intramural nerv chigalini (mushaklararo, auerbax) va shilliq parda osti (Meysner) chigalini hosil qiladigan tolalar chiqadi. Bular qizilo’ngach devorini innervatsiya qiladi.

Qizilo’ngachning bo’yin qismi qaytuvchi nervlar, ko’krak qismi o’zaro anastomozlanadigan adashgan nervlar tarmoqlari va simpatik nerv tolalaridan innervatsiya qilinadi. Qizilo’ngachning quyi qorin nervidan (n. splanchicus) tarmoqlar oladi. O’z-o’zini reflektor boshqarish intramural va ekstramural nerv tolalari va chigallari tomonidan amalga oshiriladi.

Qizilo’ngach faoliyati

Qizilo’ngachning fiziologik ahamiyati ovqatni halqum bo’shlig’idan me’daga o’tkazish bo’lib, ayrim hollarda esa buning teskarisini bajarishga (qayt qilish, kekirish) to’g’ri keladi. Yutish, qayt qilish va fiziologik regurgitatsiyadan tashqari vaqtlarda unga xalqumdan havo va me’da- ichaklardan suyuqlik tushishining oldini olish uchun qizilo’ngach bo’shlig’i ikkala tomondan chegaralangan bo’lishi kerak. Yuzaki qaraganda qizilo’ngach funktsiyasi juda oddiyga o’xshab ko’rinadi, haqiqatda esa u «juda murakkab va qarama-qarshiliklarga to’la» deb hisoblanadi. 

Yutishdan tashqari vaqtda sog’lom odam qizilo’ngachida qisqarishlar bo’lmaydi. Uning bo’shlig’idagi bosim kuchsiz manfiy va ko’krak qafasidagi bosimga va nafas fazasiga bog’liq, bo’ladi. Halqum qizilo’ngach va uning me’daga o’tadigan sohasida birmuncha yuqori bosim – yuqori va pastki «oshgan bosim sohalari» qayd qilinadi. Ular sfinkter vazifasini bajaradigan qizilo’ngach bo’limlari mushagining tonik qisqarishi natijasida hosil bo’ladi, deb hisoblaydilar. Qizilo’ngachning asosiy vazifasi yutishni ta’minlab berishdan iborat. 

Yutish jarayoni odatda 3 fazaga bo’linadi. 1-fazasida chaynalgan va yumshab qolgan ovqat til ustiga suriladi va uning mushaklari tomonidan til asosiga yumalatiladi. Mushaklar qisqarishi natijasida og’izning orqa qismida, halqumda va og’izning yuqori qismida bosim manfiy bo’ladi. Ovqat luqmasi Vasilev refleks sohasini (til asosi, orqa yoychalar, devorlari) ta’sirlantirib, halqum mushaklarini qiskartiradi (yutishning ikkinchi fazasi). Yutishning sof reflektor 2-fazasida ovqat halqumdan o’tadi. Yutishning 3-fazasi boshlanishida halqum bo’shlig’iga burun-halqum, og’iz bo’shlig’iga va hiqildoqdan holi bo’ladi va ovqat luqmasi surilishi uchun faqat bir yo’nalish qizilo’ngach qoladi. Halqumni qisadigan mushaklar qattiq qisqarib ovqat luqmasi qizilo’ngachga yo’naladi.

Ovqatning qizilo’ngach bo’ylab surilishi 3 omilga bog’liq:

  1. Ovqat qizilo’ngachga katta bosim ostida tushadi.
  2. Ovqatning og’irlik kuchi.
  3. Qizilo’ngach peristaltikasi.

Suyuqlik yoki qattiq ovqat yutilishida, shuningdek odam vaziyatiga bog’liq holda ovqat luqmasining surilishida uchchala omil qatnashadi. Suv peristaltik to’lqindan ilgarilab o’tib, qizilo’ngach orqali tez suriladi va yutishdan 1-3 sekund o’tishi bilan me’daga etib boradi. Shuning uchun qizilo’ngach kimyoviy moddalardan kuyganda, masalan, o’yuvchi ishqor yutib yuborilganda, shilliq parda bir xil zararlanmaydi. Qattiqroq ovqat luqmasi yutilayotganda u asosan qizilo’ngach devorlarining peristaltik harakatlari tufayli harakat qiladi. Bunda qizilo’ngachning luqmadan yuqori qismi qisqaradi, pastki qismi esa bo’shashadi. Ovqatning qizilo’ngach orqali o’tishiga 6-8 (15 gacha) sekund kerak. Peristaltik to’lqin beradigan bosim suv ustuni hisobida 20-140 sm (o’rta hisobda suv ustuni hisobida 40-80 sm) va ovqat luqmasining katta-kichikligiga bog’liq emas.

Yutish jarayoni murakkab reflektor jarayon hisoblanadi. Yutish avvaliga ixtiyoriy bosh miya po’stlog’i ta’siri ostida sodir bo’ladi. Ovqat tanglay yoychalari orqasiga tushganda (yutishning II va III fazalari) yutish beixtiyor, reflektor bo’lib qoladi, hatto uyqu va hushsiz holatda ham sodir bo’ladi. Yutish refleksining effektiv nervlari bo’lib, til mushaklari uchun n. hypoglosus tarmoqlari, n. trigemenining 3 tarmog’i m. mylohioideus uchun, n. glossopharyngeusning halqum tarmog’i, halqum hamda qizilo’ngach mushaklari uchun n. vagusning halqum va qizilo’ngach tarmoqlari hisoblanadi. Yutish markazi ko’prikda va uzunchoq miyada joylashgan. Birmuncha chegaralangan manzili n. vagus yadrosiga yaqin joyda bo’ladi.

Me’da suyuqligining qizilo’ngachga tushishiga to’sqinlik qiladigan fiziologik mexanizmlar (regurgitatsiya va reflyuks) so’nggi vaqtlargacha o’rganib chiqilmagan. Ko’p sonli tajribalar qizilo’ngach-me’da birikadigan sohaning “bir tomonlama o’tkazuvchanligi” borligini ko’rsatdi. Kardiyaning yopqich mexanizmini o’rganishga katta ahamiyat beriladi. Uning fiziologik funktsiyasining buzilishi ko’p kasalliklarda (kardiya axalaziyasi, peptik ezofagit, diafragma-qizilo’ngach teshigi churrasi) kuzatiladi va qizilo’ngach patologiyasining kattagina qismini tashkil qiladi.

Umumiy simptomatologiyasi

Yutish faoliyati buzilishi, yoqimsiz sezgilar, ovqat yutish vaqtida paydo bo’ladigan og’riqlar qizilo’ngach zararlanganidan dalolat beradigan eng muhim shikoyatlardan hisoblanadi.

Disfagiya (yutishning buzilishi) – yutinish harakatini bajara olmaslik, halqumda va qizilo’ngach bo’ylab ovqat luqmasi harakatining buzilishi, shuningdek bu a’zolarda ovqat tutilib qolishi bilan bog’liq yoqimsiz sezgilar. Disfagiya og’riq bilan o’tishi mumkin – disphagia dolorosa yutishda og’riq odatda zararlangan sathda seziladi, u orqaga, bo’yinturuq venaga ham o’tishi ehtimol.

Ko’pchilik bemorlar ovqat luqmasi qaerda tutilib qolayotganini aniq aytib bera oladilar. Biroq bu sezgi qator hollarda odatda xaqiqiy tutilib qoladigan joydan birmuncha yuqorida bosilish, qisilish sezgisi sifatida o’tadi. Yutish boshlanishidan tutilish sezgisi paydo bo’lguncha o’tgan sekundlar bilan hisoblanadigan vaqt qizilo’ngachning xaqiqiy zararlangan joyini aniqlashga yordam beradi. Yutilgandan keyin 1-1,5 sekund o’tgach ovqat luqmasi qizilo’ngachning bo’yin bo’limida bo’ladi, keyingi 5-6 sekundda qizilo’ngachdan o’tadi va yutish boshlangandan 6-8 sekund keyin me’daga tushadi.

Disfagiyada qizilo’ngachning organik zararlanishi (rak, stenozlar va b.) natijasida birinchi navbatda qattiq ovqat (non, olma, go’sht bo’lagi va b.) tutilib qoladi. Ustidan suv ichib yuborish ko’pincha engillik beradi. Funktsional disfagiyada (ezofagospazm oqibatida) suyuqlik, ayniqsa juda issiq yoki sovuq suyuqlik ichilganda aksariyat qiyinchiliklar paydo bo’ladi. Juda quruq ovqat yoki katta bo’laklarni yutish soppa-sog’ odamlarda disfagiya keltirib chiqarishi mumkin. Disfagiya doimiy yoki o’zgarib turadigan bo’ladi. Doimiy disfagiya qizilo’ngach bo’shlig’ini yanada torayishga olib keladigan organik kasalliklarda kuzatiladi. O’zgarib turadigan disfagiya ezofagospazmga bog’liq.

Qator hollarda disfagiya sababini aniqlab bo’lmaydi. Disfagiya sabablarini izohlab beradigan quyidagi ma’lumotlarni keltirish diqqatga sazovor. A.A. Shtuss va D.D. Ashurbekov ma’lumotlariga ko’ra rentgenologik tekshirishga yuborilgan, disfagiyasi bo’lgan 534 nafar bemor orasidan 290 nafarida qizilo’ngach raki, 59 nafarida funktsional buzilishlar, 20 nafarida qizilo’ngachning surilishi va ezilishi, 1 nafarida diafragma – qizilo’ngach teshigi churrasi, 34 nafarida esa boshqa kasalliklar topilgan. 120 nafar odamda hech qanday o’zgarishlar aniqlanmagan.

To’sh orqasida bosim, to’lib ketish sezgisi ovqat eyish vaqtida paydo bo’ladi va aksariyat kardiya axalaziyasida kuzatiladi. Bosim yoki to’lib ketish sezgisi ovqat eyish boshlangan vaqtda paydo bo’lgan hollarda vrach bu simptomga ayniqsa diqqat-ehtiborini qaratishi zarur. Odatda bu jiddiy kasallik belgisi (qizilo’ngach raki, me’daning skirri, kardiya axalaziyasi va b.) hisoblanadi. Uni ishtaha pasayib ketgandagi tez to’yib qolish belgisi deb o’ylamaslik kerak.

Og’riq (dolor)

Qizilo’ngach kasalligiga uchragan ko’pgina bemorlar og’riqdan shikoyat qiladilar. Odatda u to’sh orqasida o’rta chiziq bo’ylab zararlanish sohasiga taxminan mos keladigan joyda bo’ladi, biroq u o’ng tomondan orqaga va to’shdan chap tomonga berilishi ham mumkin. Og’riqlar ovqat eyish bilan bog’liq bo’lishi va yutinishning buzilishi bilan o’tishi mumkin (rak, stenoz, diskineziyada). Ko’pincha bunday hollarda atayin qayt qilish bemor ahvolini engillashtiradi. 

Kardiya raki va axalaziyasi bo’lgan bemorlarda spontan (o’z-o’zidan bo’ladigan) og’riqlar bo’ladi. Ular og’riq krizlari xarakterini olishi mumkin. Odatda «og’riq krizlari» kasallikning birmuncha ilk davrida, aksariyat tunda boshlanadi. Og’riqlar juda qattiq bo’ladi, orqaga, qizilo’ngach bo’ylab yuqoriga, bo’yinga, jag’ga o’tadi, bir necha minutdan bir necha soatgacha davom qiladi. Krizlar oyiga 1-3 marta, kamdan-kam hollarda bundan ko’proq paydo bo’ladi. 

Kekirish (eructatio)

Havo va ovqat bilan kekirish farq qilinadi. Kekirish paydo bo’lishida me’da mushagi qisqarishi bilan bir qatorda kardial sfinkter tonusining pasayib ketishi asosiy ahamiyatga ega. Ko’p ovqat eyish yoki gaz qo’shilgan ichimliklar ichishdan so’ng soppa-sog’ odamlarda havo bilan kekirish fiziologik hodisa hisoblanadi. Bunday sabablarsiz paydo bo’ladigan va bemorlarni bezovta qiladigan tez-tez va qattiq kekirish ko’p kasalliklarda kuzatiladi. Ovqat qizilo’ngachda yoki divertikulda turib qolganda, rak stenozida, megaezofagusda kekirganda qo’lansa hid keladi.

Qizilo’ngachdan qusish (regurgitatio)

Qizilo’ngachdan qusish ovqat bilan kekirishga yaqin. Bunday qusishdan oldin ko’ngil aynishi kuzatilmaydi, unda odatda qorin bo’shlig’i va me’da mushagi qisqarmaydi, ovqat kengayib va to’lib ketgan qizilo’ngachdan uning devorlari spastik qisqarishi natijasida og’izga otilib chiqadi.

Qizilo’ngachdan qayt qilish:

  1. qizilo’ngachda ovqat tutilib va yig’ilib qolishi bilan o’tadigan kasalliklarda – stenoz, qizilo’ngach raki, kardiya axalaziyasida;
  2. qizilo’ngach diskineziyasining ayrim turlarida kuzatiladi.

Qattiq hiqichoq tutishi qizilo’ngach rakida, kamroq hollarda qizilo’ngach teshigi churralarida kuzatilishi mumkin.

Qizilo’ngach kasalliklari (rak, kamroq divertikullar, axalaziya) bo’lgan talaygina bemorlar og’izdagi yoqimsiz ta’m va ishtaha yo’qligidan noliydilar.

Qizilo’ngachdan qip-qizil rangli qon oqishi mumkin, bu hodisa qizilo’ngach rakida, venalari varikoz kengayganda kuzatiladi.

Ovqatlanishning buzilishi oqibatida holdan toyish qizilo’ngach anchagina torayganda (rak, stenozlar, kardiya axalaziyasi va b.) uchraydi. qizilo’ngach rakida holdan toyib oriqlab ketishga rak intoksikatsiyasi va bemorlarda ishtaha pasayib ketishi sabab bo’ladi.

Qizilo’ngachni rentgenologik tekshirish usullari

U har xil holatlarda rentgenoskopiya va rentgenografiya qilishdan, qator hollarda esa qo’shimcha tekshirish usullari: rentgenokimografiya, tomografiya, qizilo’ngachni kontrastlash bilan pnevmomediastinografiya qilishdan iborat.

Kontrast aralashma bilan to’ldirilgan qizilo’ngachni bemorni qiya vaziyatlarda tekshirishdan boshlanadi, chunki to’g’ri vaziyatda rentgen nurlari sagittal yo’nalganda qizilo’ngach umurtqa pog’onasi, to’sh suyagi va yurak- tomirlar dastasi soyasi orqasida yashiringan bo’ladi

Qizilo’ngach shilliq pardasi pnevmorelefi manzarasini olish uchun bemor bariy aralashmasini kichik-kichik qultumlar bilan to’xtamasdan ichishi kerak. Bariy aralashmasi bilan u ko’p miqdorda havo yutadi va shilliq pardaning qo’shaloq kontrastli manzarasi vujudga keladi.

Ezofagoskopiya qizilo’ngach devorini ko’zdan kechirishga imkon beradigan juda qimmatli usul hisoblanadi, u ko’rsatmalar bo’lganda esa gistologik tekshirish uchun to’qima bo’lakchasini olish (biopsiya) va ayrim zarur xirurgik operatsiyalarni bajarishga sharoit hozirlaydi.

Zamonaviy ezofagoskop yoki bronxoezofagoskop qizilo’ngach va nafas yo’llarini ko’zdan kechirish uchun chiqariladigan asboblar (bir-biriga o’xshashligidan odatda bronxoezofagoskop nomi ostida birlashgan komplekslar chiqariladi). Metalldan yasalgan ko’rish nayi, yoritgich moslamasi va operatsion asboblar yig’indisi (yot jismlarni olib tashlash va biopsiya uchun har xil omburlar, zondlar, operatsion qovuzloqlar, elektr koagulyatorlar, metall yot jismlarni chiqarish uchun maxsus elektr magnitlar va boshqalar) dan tashkil topgan.

So’nggi yillarda egiluvchan ezofagoskop – fibroskoplarning yangi modellari ishlab chiqilmoqda. Fibroskoplar diagnostik ezofagoskopiya o’tkazishni engillashtiradi va qizilo’ngachga egilmaydigan uzun metall naycha kiritish bilan borliq xavf-xatarni ma’lum darajada bartaraf etishga imkon beradi.

Biopsiya

Biopsiya – gistologik tekshirish uchun to’qima bo’lakchalarini kesib olish – odatda ezofagoskopiya vaqtida qizilo’ngach rakiga gumon qilingan hollarda o’tkaziladi. Qizilo’ngach rakini aniqlashda qizilo’ngach yuvindisi yoki qirmasi va shubhali qismini tsitologik tekshirish katta yordam ko’rsatadi. Bu usul etarli darajada aniq ma’lumotlar beradi. Turli mualliflarning fikricha, tekshirishning ijobiy natijalari qizilo’ngach raki bilan kasallangan bemorlarning 70-95 foizida qayd qilinadi. Tsitologik tekshirish uchun material olish texnikasi oddiy va bemor uchun hech qanday xavf-xatar tug’dirmaydi.

Ezofagotonokimografik tekshirish

Qizilo’ngach qisqarishlarini, uning ichki bosimini va devori tonusini yozib olish – ezofagotonokimografiya deyiladi, bunda olinadigan egri chiziqlar esa ezofagotonokimogramma deb ataladi.

Ko’pincha ezofagotonokimografiyani uchiga mo’’jazgina ballonchalar mahkamlab qo’yilgan ko’p kanalli zond yordamida o’tkaziladi. Zondni qizilo’ngachga yuboriladi, uning erkin uchini qayd qiladigan apparaturaga ulanadi.

Qizilo’ngach funktsional holatining eng muhim ko’rsatkichlaridan biri qizilo’ngach ichidagi «tinchlik bosimi», ya’ni unda aktiv qisqarishlar yo’qligi hisoblanadi. Normada halqumdagi bosim taxminan atmosfera bosimiga teng, halqum bilan qizilo’ngach chegarasida (halqum-qizilo’ngach sfinkteriga mos keladi) turli-tuman ma’lumotlarga ko’pa atmosfera bosimidan simob ustuni hisobida 30-80 mm oshadi (bu qizilo’ngachdagi oshgan bosimning yuqori sohasi nomini olgan), qizilo’ngachning o’zida, ayniqsa, uning ko’krak bo’limida sust manfiy (simob ustuni hisobida 2 dan 10 mm gacha), qizilo’ngach – me’da (kardial) fiziologik sfinkteri sohasida esa u yana oshgan va simob ustuni hisobida 8-35 mm ga etadi – bu oshgan bosimning quyi sohasi deyiladi. 

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Qiziloʼngach kasalliklari
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalar uchun – Qiziloʼngach kasalliklari