Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun

To’g’ri ichak kasalliklari

To’g’ri ichakni barmoq bilan tekshirish eng oddiy va muhim tekshiruv usuli hisoblanadi, uni bemor yonboshi bilan yotganda, tizzatirsagiga tiralib turgan xolatida yoki cho’kkalab turgan xolatida bajargan ma’qul: to’g’ri ichakdagi o’sma, yot jism, shilliq osti paraproktiti, gemorroy, to’g’ri ichak oqmalari, Duglas bo’shlig’i chandiqlarini paypaslab ko’rish mumkin. Anoskop yordamida bu patologik hodisalarni vizual ko’zdan kechirsa bo’ladi, rektoromanoskopiyada esa yo’g’on ichakning yuqorida joylashgan bo’limlarini va hatto sigmasimon ichakdagi patologiyani ham ko’rish mumkin.

Gemorroy kelib chiqishini tushuntirib beruvchi bir necha nazariyalar mavjud – infektsion agentlar tasiri (kriptogen infektsiya, gemorroidal flebitlar, kolit va boshqalar), neyrogen va endokrin buzilishlar (jinsiy bezlar va gipofiz patologiyalarida venoz sistema sustligi, xomiladorlik davrida gormonal disbalans, kavernoz chigallar devorida nerv trofikasini buzilishi). Boshqa olimlarning fikricha kasallik rivojlanishida ekzo- va endogen intoksikatsiya (o’tkir va achchiq taomlar, alkogol iste’mol qilish) hamda allergik jarayonlar muhim o’rin tutadi. Hozirgi vaqtda mexanik va gemodinamik nazariya keng tarqalgan. Mexanik nazariyaga binoan, g’orsimon tanachalar to’g’ri ichakda najasni ushlab turuvchi normal anatomik tuzilma bo’lib, najasning ampulada ko’p vaqt turib qolishi, qabziyat, defekatsiya aktida qattiq kuchanish oqibatida qattiq najas bilan ularni joyidan distal yo’nalishda siljishi, g’orsimon tanachalarni (yumaloqlar) tutib turuvchi biriktiruvchi to’qimali tolalarining uzilishi natijasida kelib chiqadi. Natijada gemorroidal tugunlar yuzaga keladi.

Klinik manzarasi. Gemorroy bemorga sezilmasdan boshlanadi. Kasallikning boshida orqa chiqaruv yo’lida vaqti-vaqti bilan yoqimsiz sezgilar paydo bo’ladi, to’g’ri ichakda yot jism borga o’xshab tuyuladi. Birmuncha vaqt o’tgandan keyin defekatsiyada (xojatga borganda) qon ketish paydo bo’ladi, qon bir necha tomchidan to unitaz devorlarigacha sachrab ketadigan oqim ko’rinishigacha ketadi. Qon rangi qirmizi-qizil tusda bo’lib, qon yo’qotish bemorning umumiy xolatiga ta’sir qilmaydi. Gemorroyda bo’ladigan qichishish va achishish anal yoriqning noto’liq bekilishi va shu sababli shilimshiq ajralib turishidan sodir bo’ladi. Keyin ichki gemorroidal tugunlarning tushishi rivojlanadi.

Differentsial diagnostika. Gemorroyni to’g’ri ichak polipi, saratoni bilan, orqa teshik yorilishi bilan, to’g’ri ichak shilliq qavatining tushishi bilan farqlash lozim. Yo’g’on ichak saratoni bilan farqlash uchun irrigoskopiya va retoromanoskopiya o’tkaziladi.

Davolash – konservativ davo, kam jarohat etkazib davolash (maloinvaziv), jarrohlik yo’li bilan davolashlarga bo’linadi.

Konservativ davo to’g’ri ichak sohasida yallig’lanishni bartaraf qilishga, qon aylanishini yaxshilashga, ich kelishini muntazamlashtirishga qaratiladi. Bunga ko’rsatma bo’lib, surunkali gemorroyning erta davri, og’riq sindromli o’tkir kechishi hisoblanadi. Umumiy va mahalliy davo choralari olib boriladi. Umumiy davo asosida parhezdan tashqari, qabziyatni oldini olish, flebotrop va og’riq qoldiruvchi vositalar yotadi. Maxalliy davo og’riqni, trombozni, yallig’lanishni va qon ketishini oldini olishga qaratilgan. Bunda og’riq qoldiruvchi, burishtiruvchi, yaraga qarshi vositalar, mikrohuqnalar va o’tiruvchi vannachalar qo’llaniladi.

Orqa chiqaruv yo’li yorilishi (anal yoriq) – orqa chiqaruv yo’lidagi nuqson. Ko’pincha ayollarda uchraydi. 90% xollarda anal yoriq anal sfinkterning orqa devorida joylashadi. Orqa chiqaruv yo’lining o’tkir, xronik va qaytalanuvchi yorilishi farq qilinadi.

Anal yoriqlarning etiologiyasi, patogenezi turli-tuman. Qattiq najas massalari anal kanali orqali o’tayotganda devori shikastlanib qoladi. Kriptalarga infektsiya tushib, anal bezlarni yallig’lantiradi va yoriqlar paydo bo’ladi. Anal halka atrofidagi mayda arteriyalarning tomir spazmi ham yorilishga sabab bo’ladi. Anal kanal devoridagi nerv tolalarining nevriti ham yoriqlar paydo qiladi.

Klinikasi. O’tkir anal yoriqning asosiy simptomi og’riq hisoblanadi. Og’riq juda qattiq, bemorni kuchli iztirobga soladi, odatda xojatdan keyin boshlanadi va bir necha soatga cho’ziladi. Og’riqdan tashqari, anal sfinkterning kuchli reflektor spazmi sababli qabziyatlar paydo bo’lib, natijada har gal xojatga borishdan keyin yoriq battar shikastlanib turadi. Aksariyat anal yoriqda xojatdan keyin qon tomchilari ajralib chiqishi kuzatiladi. Barmoq bilan tekshirish, rektoskopiya va rektoromanoskopiyadan oldin yoriq ostiga 10-20 ml 1% li novokain yuboriladi. Shundan keyin bu tekshiruvlar yordamida ko’pchilik xollarda orqa devorda joylashadigan uzunasiga ketgan yoriqni ko’rish mumkin.

Davolash. O’tkir boshlangan anal yoriqlarda konservativ davolash, issiqlik vannalari, grelkalar, yuqori chastotali ultratovush, diatermiya tavsiya etiladi. Spirt-novokainli blokada, sfinkterni Rekome bo’yicha cho’zishdan foydalanish mumkin. Xronik va qaytalanadigan anal teshik yoriqlarini xirurgik usulda davolash – ponasimon kesib olib tashlashdan iborat.

To’g’ri ichak oldi kletchatkasining o’tkir yallig’lanishi. Aksariyat erkaklarda uchraydi.

Etiologiyasi va patogenezi. Paraproktit pararektal kletchatkaga infektsiya tushishi natijasida vujudga keladi. Pararektal kletchatkaga mikroblar anal kriptalarga ochiladigan anal bezlardan tushadi. Anal bezdagi yallig’lanish jarayoni natijasida uning yo’li bekiladi va sekret oqib chiqishi buziladi. O’tkir paraproktit paydo bo’lishiga moyillik tug’diradigan sabablar orasida to’g’ri ichak distal bo’limi va anal kanal shilliq pardasidagi mayda shikastlar birinchi o’rinda turadi.

Klassifikatsiyasi bo’yicha quyidagilar farq qilinadi:

  1. Etiologik printsipi bo’yicha: oddiy, anaerob, spetsifik, travmatik.
  2. Yiringlikning joylashuvi bo’yicha: shilliq parda ostidagi, teri ostidagi, ishiorektal, pelviorektal, retrorektal.
  3. Kechishi bo’yicha: o’tkir, xronik, qaytalanadigan.

O’tkir paraproktitni boshdan kechirish oqibatida rivojlanadi va to’g’ri ichakda oqma yara borligi bilan namoyon bo’ladi. Oqma yaralarning paydo bo’lishiga ko’pincha bemorlarning yiringlik o’zicha yorilgandan keyii tibbiy yordam olishga kechikib murojaat qilishlari sabab bo’ladi.

Klassifikatsiyasi. To’liq va noto’liq turi farq qilinadi. To’liq oqmada ikkita va undan ortiq teshiklar: ichki – to’g’ri ichak devorida va tashqi – anal teshik atrofi terisida bo’ladi. Noto’liq oqmada bitta teshik bo’ladi va u ichki va tashqiga bo’linadi. Ichki oqmaning to’g’ri ichak devorida teshigi bor, u pararektal kletchatkada tugaydi. Tashqi oqmaning anal teshik atrofida teshigi bo’ladi va u pararectal kletchatkada tugallanadi. To’g’ri ichak oqmasi sfinkterga nisbatan joylashuviga ko’ra intrasfinkter, transsfinkter va ekstrasfinkter bo’lishi mumkin.

Intrasfinkter oqma – oqma kanali to’liq to’g’ri ichak sfinkteri Ichida bo’ladi.

Transsfinkter oqma – oqma kanali qisman sfinkter orqali o’tadi, qisman kletchatkada joylashgan.

Ekstrasfinkter oqma – oqma kanali chanoqning kletchatka bo’shliqlaridan o’tadi va sfinkterni chetlab o’tib, chot terisiga ochiladi.

To’g’ri ichakning tushishi deganda ichakning tashqariga, orqa chiqaruv yo’li atrofiga chiqishi tushuniladi. Qorin ichida bosimning oshishi (qabziyat, ich ketar, tug’ruk, yo’tal) ichak tushishiga sababchi hisoblanadi. Dumba sohasi va bel-dumg’aza sohasining o’q otar qurollardan yaralanishi, maishiy shikastlar ham ichak tushishiga olib kelishi mumkin.

Klassifikatsiyasi. To’g’ri ichak tushishining uchta bosqichi farq qilinadi:

  • I bosqichi – to’g’ri ichak xojat paytida tushadi, so’ngra o’z-o’zidan joyiga kiradi.
  • II bosqichida – ichak jismoniy zo’riqishda tushadi, o’z-o’zidan joyiga kirmaydi, bemorlar qo’llari bilan ichakni joyiga kiritadilar.
  • III bosqichida ichak arzimagan jismoniy harakatda ham tushadi va joyiga kiritilgandan keyin tez orada yana tushadi.

Patologoanatomik jihatdan kasallikning 4 formasi tafovut qilinadi:

  1. Orqa chiqaruv yo’li shilliq pardasi tushishi.
  2. Ichak anal bo’limi devorining hamma qatlamlari tushishi.
  3. To’g’ri ichakning orqa chiqaruv yo’li tushmasdan tushishi.
  4. Orqa chiqaruv yo’li va to’g’ri ichakning tushishi.

Klinikasi. Asta-sekin rivojlanadi, kasallik boshlanayotganda xojatga borilganda faqat shilliq parda tushadi. Kasallik rivojlangan sayin to’g’ri ichakning tushishi tez-tez ro’y berib turadi, ichakni qo’l bilan joyiga kiritilgandan keyin, hatto vertikal xolatda ham uning tushishi qayd qilinadi. Bemorlar mehnatga layoqatsiz bo’ladilar.

Ichak tushganda quyidagi asoratlarni kuzatish mumkin: to’g’ri ichak shilliq pardasida yaralar, nekroz va teshilish (perforatsiya), keyinchalik peritonit paydo bo’ladi.

Davolash. Bolalikda qabziyat, ich ketar, yo’talni bartaraf etishga karatilgan konservativ davolashning o’zi kifoya qiladi. To’g’ri ichak tushishining engil turida Tirsh operatsiyasi bajariladi – orqa chiqaruv yo’li atrofidagi teri ostiga kumush simning teri osti implantatsiyasi bajariladi. Kyummel-Zereni bo’yicha rektopeksiya operatsiyasi juda yaxshi natija beradi. Bu operatsiyaning mohiyati to’g’ri ichak devorini umurtka pog’onasining bo’ylama boylamiga dumg’aza umurtqalari sohasiga fiksatsiya qilishdan iborat. To’g’ri ichakning tushishi anal sfinkterning etishmovchiligi bilan birga uchraganda yuqorida zikr kilingan operatsiyani chanoq tubi muskullarini mustahkamlash bilan to’ldiriladi.

Gemorroy turlari

Gemorroy bosqichlari

To'g'ri ichak qon bilan ta'minlanishi

Paraproktit haqida ma'lumot

Paraproktit klassifikatsiyasi

Paraproktit turlari