Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun
Portal gipertenziya va uning asoratlari
Negizida darvoza venasida qon bosimining oshishi bo’lgan (normada 200 mm suv ustunigacha) portal gipertenziya sindromining rivojlanishi, arterial qonni qorin bo’shlig’i toq a’zolariga oqib kelishi va darvoza vena si (v. portae) o’zaniga oqib ketishi orasidagi nisbatning buzilishiga bog’liq. Qonning adekvat oqib ketishi qarshilik qiluvchi to’siqlar (bloklar) 3 turli bo’lib, bularga jigardan tashqaridagi, jigarning ichidagi va aralash to’siqlar kiradi. O’z navbatida jigardan tashqari to’siqlar 2 turli bo’ladi: jigargacha (jigar osti) va jigardan o’tgach (jigar usti) bloklar.
Shunday qilib, qorin bo’shlig’ining toq a’zolaridan darvoza venasi sistemasiga qonning oqib kelib toki pastki kovak venaga quyilishigacha bo’lgan joyda to’siq paydo bo’lishi – portal gipertenziyaga, bu holat esa o’z navbatida tabiiy portokoval anastomozlarning yuqori darajada rivojlanib ketishiga (varikoz kengayishiga), ular orqali esa qonni kaval vena sistemasiga tushishiga olib keladi. Portal sistemada gipertenziyaning yanada ko’tarilishi, tabiiy portokaval anastomozlarda bosimning yanada ortishiga, ularning yorilishi oqibatida qizilo’ngachning pastki 1/3 va me’daning kardial qismidan, gemorraidal venalardan, ba’zida esa qorin devorining pastki qismidagi venalardan katta miqdorda qon ketishiga sabab bo’ladi.
Shu sababdan, portal gipertenziyaning asosiy belgilaridan: splenomegaliya, qizilo’ngach pastki 1/3 va me’daning kardial qismi venalari, gemoroidal venalar hamda qorin devorining pastki qismidagi venalarning varikoz kengayishi va astsit suyuqligining borligi alohida ahamiyatga ega bo’ladi. Bemorlar – holsizlik, epigastral sohadagi og’riqlar, ishtahaning yo’qligi, ko’ngil aynishi, qorinning dam bo’lishi, qabziyatdan noliydilar.
Bemor ko’zdan kechirilganda: teri qoplamalari rangpar, quruq, tana mushaklari atrofiyaga uchrash holatida, vazni kamaygan, qorni kattalashgan, baqanikiga o’xshash yonlari astsit hisobiga bo’rtib chiqqan, qorinning pastki yon tomonlarida kengaygan varikoz venlar (caput medusae) ko’rinadi. Jigar xastaligining belgilaridan: “tomir yulduzchalari”, petexiyalar hamda bemor kaftlarda xos o’zgarishlarni aniqlash mumkin. Taloqning kattalashuvi (splenomegaliya) va gipersplenizm bilan o’tadi, bu trombotsitopeniya, leykopeniya, anemiya holatlari bilan yuzaga chiqadi. Jigar faoliyatining buzilganligi – qon ivish omillarining ishlanishi, tombotsitlar miqdorining kamayishiga hamda gipokoagulyatsiyaga olib keladi. Buning ta’sirida milklar qonashga moyil bo’ladi, burundan qon oqishi yuzaga keladi. Jigar ichi gipertenziyasida kasallikning kechishi tsirroz kasalligining tabiatiga (postnekrotik, alkogoldan keyin va b.), jarayonning aktivligiga, jigardagi funktsional buzilishlar darajasiga bog’liq bo’ladi.
Portal gipertenziyani diagnostikasining asbob-uskuna yordamida tekshirish usullari qizilo’ngach va me’daning varikoz venalari borligini, ularning o’lchamlari va tarqalganligini aniqlash (ezofagogastroduodenofibroskopiya), bemorga kontrast modda (BaSO4) ichirib rentgenologik tekshirish, jigarda qon ta’minoti buzilishlari tabiatini, darvoza venasidan qon oqimi bo’ylab to’siqning sababi va darajasini aniqlash uchun (dopplerografiya, tseliakografiya, kavagrafiya, splenoportografiya, teri orqali jigar orqali portografiya) tekshiruvlarini o’tkazish zarur bo’ladi.
Portal gipertenziyani davolash, blokning turiga, kasallik bosqichiga va kompensatsiya darajasiga uzviy bog’liq bo’lib, muolajaning asosiy yo’nalishi blok sabablarini bartaraf etish, jigar faoliyatini tiklash va kelib chiqishi mumkin bo’lgan asoratlar profilaktikasiga yo’naltirilgan.