Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun
O’tkir ichak tutilishi
O’tkir ichak tutilishi (ichakning o’tkir tutilishi, ileus, o’tkir ileus) – ichak yo’lidagi tarkibiy qism passajining buzilishi bilan rivojlanuvchi holat.
Qorin bo’shlig’i a’zolarining o’tkir xirurgik kasalliklari orasida o’tkir ichak tutilishi 3,5-9% ni tashkil etadi. Ko’pincha ichak tutilishi 40-60 yoshda uchraydi. Ichak tutilishi ayollarga qaraganda erkaklarda ko’proq uchraydi. Yoz va kuz oylarida (iyul-oktyabr) o’tkir ichak tutilishi bilan kasallanganlar soni ko’proq uchraydi, chunki bu davrda o’simlik ozuqalari tarkibidagi kletchatka tushishi hisobiga ichaklar ko’proq zo’riqadi.
O’tkir ichak tutilishi klassifikatsiyasi:
- Kelib chiqishi bo’yicha – tug’ma va orttirilagan.
Tug’ma ichak tutilishiga rivojlanish nuqsonlari, ingichka va yo’g’on ichaklar atreziyalari sabab bo’ladi.
- Kelib chiqish mexanizmi bo’yicha – mexanik va dinamik.
2.1. Mexanik ichak tutilishi obturatsion (tutqich tomirlarini siqib qo’ymasdan) va strangulyatsion (tutqich tomirlarini siqib) va aralash (strangulyatsion va obturatsion kombinatsiyasi) turlarga bo’linadi.
2.2 Dinamik ichak tutilishi spastik va paralitik turlarga bo’linadi.
- Tutilish joyiga qarab – yuqori (ingichka ichak) va pastki (yo’g’on ichak).
- Klinik kechishi bo’yicha – to’liq va qisman, o’tkir va surunkali.
O’tkir ichak tutlishini etiologik omillari Ichida moyillik va olib keltiruvchi sabablarni ajratish mumkin.
Moyillik xolatlar o’tkir ichak tutilishi paydo bo’lishiga asos bo’lib qoladi. Ular tug’ma va orttirilgan bo’lishlari mumkin.
Tug’ma moyillik xolatlarga ichak tuzilishini anatomik anomaliyalari: ichakning ayrim qismlarini uzun yoki keng bo’lishi (megakolon – kengaygan ichak, dolixosigma – uzun ichak), ichak burilishini noto’liq bo’lishi, tug’ma stenozlar, okklyuziyalar hamda ichakning nerv-mushak apparatining tug’ma nuqsonlari (Girshprung kasalligi) kiradi.
Orttirilagan xolatlarga qorin bo’shlig’ida bajarilgan jarohlik amaliyotdan keyin va yallig’lanishlardan keyingi paydo bo’lgan chandiqlar, orttirilgan churralar, o’smalar, o’t toshlari, fitobezoarlar, gijjalar, najas toshlari kiradi.
Moyillik xolatlariga balanssiz, noto’g’ri ovqatlanishlar kirishi tasdiqlangan.
Bir necha moyillik xolatlar bo’lishiga qaramay o’tkir ichak tutilishi faqat olib keluvchi sabablar bo’lganida rivojlanadi. Ular ichiga qorin bo’shlig’ida birdan bosim oshib ketishi, og’ir jismoniy zo’riqish, ko’p miqdorda ovqatlanish kiradi.
O’tkir ichak tutilib qolishi bilan kasallangan bemorlarni davolash natijalari kasallikni o’z vaqtida aniqlashga bog’liq.
O’tkir ichak tutilishini diagnostika qilish kasallik anamnezi va bemor shikoyatlarini to’g’ri tahlil qilish, umumiy xolatga va patologik jarayonning lokal ko’rinishlariga, shuningdek turli hil qo’shimcha yoki maxsus tekshirish usullari natijalariga baho berishga asoslanishi kerak.
Ichak mexanik tutilib qolishining eng xarakterli simptomi – qorinning tutibtutib og’rishidir.
Ichakdagi suyuqlikning so’rilishiga to’siq paydo bo’lganligiga organism muhofaza reaktsiyasi bilan javob beradi, bu to’lg’oqsimon og’riq ko’rinishida yuzaga chiqadigan kuchli peristaltika bilan ifodalanadi.
To’siq hajmi og’riq xurujlarining kuchi, tezligi va davomliligi o’zgarib turishi mumkin.
Obturatsion tutilib qolish uchun, masalan u yo’g’on ichakda bo’lsa, og’riq unchalik qattiq bo’lmaydi. Bemordan so’rab-surishtirganda og’riq uni bir necha sutkadan buyon bezovta qilayotganini aniqlasa bo’ladi. Aksincha tutilib qolishning strangulyatsiya shakllari (buralib qolish va ayniksa tugun hosil qilish) deyarli to’satdan keskin og’riq paydo bo’lishi bilan kechadi, bunda nisbatan qisqa fursatlar ichida birin-ketin og’riq xurujlari bo’lib turadi.
Og’riq asta-sekin orta boradi, parez rivojlangandan keyin to’siqdan yuqorida u doimiy bo’lib qoladi va bu xolat peristaltikaning susayib ketishi bilan bog’liq. Buralgan joy qanchalik yuqori joylashgan bo’lsa, og’riq xuruji davomliligi shunchalik kam va xurujning o’zi og’irroq bo’ladi.
O’tkir ichak tutlishi bilan bemorlarga tashxis qo’yishda rentgenologik tekshirish katta axamiyatga ega. Rentgenologik tekshirish ichak tutilib qolishining xarakterini va darajasini aniqlashga imkon beradi.
Ichak tutilishida rentgenologik tekshiruv asosini (kontrast moddalar qo’llamasdan) ichak qovuzloqlarida el va suyuqlik satxlarini (Kloyber kosachalari) aniqlash mumkin. Rentgenologik tekshiruvida normada qorin bo’shlig’i gomogen qorong’ilashgan, faqat chap diafragma ostida me’daning gaz pufagi va undagi suyuqlik sathini ko’rish mumkin; chambar ichakning chap yarmi ham odatda ozrok miqdorda gaz tutadi. Ingichka ichak qovuzloqlarida gaz bo’lmaydi.
Kloyber kosachalarini aniqlash uchun bemorni vertikal holatda turganda tekshirish kerak. Biroq bemor ahvolining og’irligidan hamma vaqt bunga imkon bo’lavermaydi. Bunday hollarda tekshirishni lateropozitsiyada o’tkazish, ya’ni bemorni o’ng yoki chap yonboshi bilan yotgan holatida tekshirish maqsadga muvofiq, bunda rentgen nurlari orqa tomondan yunaltirilishi lozim.
O’tkir ichak tutilishi bo’lganda, shuningdek shu kasallikka tahmin qilingan hamma bemorlar shoshilinch jarroxlik bo’limiga yotqizilish kerak.
Ularga og’riq, giperperistaltikaga qarshi kurash, intoksikatsiyani bartaraf qilish va gomeostaz buzilishlarini (tsirkulyatsiyadagi qon miqdorini to’ldirish, suv-elektrolit va oqsil almashinuvini tiklash) izga solishga qaratilgan konservativ davolashni buyurish zarur. Infuzion davolash xajmi bemor ahvolining og’ir-engilligi va kasallikning qancha muddatdan buyon borligi bilan belgilanadi.
Diagnoz noaniq bo’lganda promedol va narkotik analgetiklar qo’llanishdan saqlanib turish kerak.
Konservativ davolash bemorni tekshirish bilan parallel holda maksimal hajmda o’tkaziladi. Ichak tutilishi og’ir kechayotgan bemorlarda konservativ davolash operatsiyadan oldingi tayyorgarlik sifatida, ko’pi bilan 30-40 minut ichida o’tkaziladi.
O’tkir ichak tutilishi diagnozi tasdiqlangan bemorlarda konservativ davolash ko’pi bilan 2 soat o’tkaziladi.