Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun
O‘tkir appendisit
Chuvalchangsimon o’simtaning o’tkir yallig’lanishi – o’tkir appenditsit jarrohlik amaliyotida keng tarqalgan kasalliklardan biri hisoblanadi.
O’tkir appenditsit asosan yoshlarda (14-20) va 30-40 yoshda ko’proq uchraydi – bunda ayollar erkaklarga nisbatan 2 marta ko’p kasallanadilar.
Anatomik-fiziologik ma’lumotlar
Chuvalchangsimon o’simta ko’richakning orqa-medial devoridan uzunasiga ketgan uchta mushaklar uchrashgan joydan chiqadi. U turli holatni egallab, uzunligi 6-16 sm, diametri esa 5-9 mm bo’lgan yopiq tsilindr shakliga ega bo’ladi.
Chuvalchangsimon o’simta odatda o’ng yonbosh sohasida joylashib, qorin bo’shlig’ida pastga va medial tomonga yo’naladi, ba’zan esa kichik chanoq sohasigacha tushishi mumkin. O’simta ko’richakdan medial va lateral yo’nalishda yuqoriga ham ko’tarilishi mumkin, ba’zan esa o’t pufagigacha etadi. Aksariyat hollarda, chuvalchangsimon o’simta ko’richak orqasida va hatto retroperitoneal joylashgan bo’ladi. Ba’zida, o’simtani yuqorida – jigar ostida, yoki pastda – kichik chanoq bo’shlig’ida – joylashishi kuzatilishi mumkin.
Chuvalchangsimon o’simtaning retrotsekal joylashishi, 9-25 % holatlarda kuzatiladi. Retrotsekal o’simta joylashishining 3 turi farqlanadi:
qorin parda ichida joylashishi;
qorin devori ichida joylashishi;
qorin orti bo’shlig’ida joylashishi.
Chuvalchangsimon o’simtaning qon bilan ta’minlanishi appendikulyar arteriya (a. appendicularis) orqali amalga oshiriladi, u o’z navbatida yonbosh-chambar arteriyadan boshlanadi. Qon yonbosh-chambar venaga quyiladigan appendikulyar vena bo’ylab oqib ketadi.
Chuvalchangsimon o’simta innervatsiyasi simpatik va parasimpatik nerv chigallari tomonidan amalga oshiriladi. Chuvalchangsimon o’simtaning o’zida limfoid to’qima tutgan ko’p sonli solitar follikulalar bo’lib, bu to’qima to’siq faoliyatini bajaradi.
Etiologiya va patogenezi
O’tkir appenditsit kelib chiqishida turli-tuman nazariyalar mavjud: dimlanish, askaridalar invaziyasi, angionevrotik, infektsion, kortiko-vistseral, allergik, neyrogen va qon tomir nazariyalari. Qator hollarda organizmda boshqa lokalizatsiyali yallig’lanish o’choqlari mavjud holda, chuvalchangsimon o’simtaning o’tkir yallig’lanishi paydo bo’ladi, bu hol uning limfoid to’qimaga
boyligi bilan bog’liq bo’ladi.
Ko’pchilik olimlarning fikricha, yosh ulg’ayganda va keksalarda o’tkir appenditsitga ko’proq a. appendicularis trombozi sabab bo’ladi. Go’daklik yoshida esa, o’tkir appenditsit gijja invaziyasi (ostritsalar) sababli vujudga kelishi ehtimoli bor.
Zamonaviy tushunchalarga ko’ra, chuvalchangsimon o’simta sohasidagi patologik jarayon silliq mushaklar va qon tomirlar spazmi hodisalaridan boshlanib, shilliq parda oziqlanishining lokal buzilishiga va yallig’lanishga olib keladi. Ayni vaqtda, chuvalchangsimon o’simtadagi dimlanish, undagi mikroflora virulentligining ortishiga olib keladi, bu esa mikroflorani chuvalchangsimon o’simta bo’shlig’iga osonlikcha kirishini ta’minlaydi. Shu vaqtdan boshlab yiringlash jarayoni boshlanadi.
Klassifikatsiyasi
O'tkir appendisit videolar
Murakkab va turlicha klinik va patologoanatomik ko’rinishga ega bo’lgan kasallikni ma’lum bir tizimga solish anchagina mushkul hisoblanadi. Shuning uchun turli xil klassifikatsiyalar taklif etilgan bo’lib, hozirgi kunda qo’llaniladigan klassifikatsiyalar ichida V.I. Kolesov taklif etgan klassifikatsiya birmuncha qulay hisoblanadi. Quyida shu turlashni keltiramiz:
- Appendikulyar sanchiq (kolika).
- Oddiy (kataral) appenditsit.
- Destruktiv appenditsit:
– flegmonoz;
– gangrenoz;
– gangrenoz-perforativ; - Asoratlangan appenditsit:
– appendikulyar infiltrat;
– appendikulyar abstsess;
– tarqalgan yiringli peritonit;
– pileflebit (ichak tutqich venalari septik tromboflebiti);
– sepsis.
Odatdagi hollarda, kasallik o’ng yonbosh sohasidagi o’rtacha og’riq bilan boshlanadi, bu og’riq sekin-asta kuchaya boradi. Og’riqlar butun qorin bo’ylab yoki kindik atrofida boshlanib, keyin o’ng yonbosh sohasiga o’tishi mumkin. Taxminan 30-35% bemorlarda og’riq epigastral sohasida boshlanib, 4-6 soat o’tgach, o’ng yonbosh sohasiga o’tadi (Koxer-Volkovich simptomi). O’tkir
appenditsitda odatda og’riq doimiy, ba’zan esa tutib-tutib og’riydi, og’riq unchalik qattiq bo’lmaydi.
Ko’pchilik bemorlarda, og’riq o’ng yonbosh sohasidan o’ng oyoqqa uzatiladi. Og’riq ko’ngil aynishi yoki 1-2 marta qayt qilish, tana haroratining 38-39°C gacha ko’tarilishi bilan o’tadi. Bemor qayt qilganida, ba’zi xirurgik kasalliklaridagi kabi qusgandan so’ng engillik sezmaydi va bu belgi o’tkir appenditsitga xos bo’lgan belgilardan hisoblanadi.
Qorinni paypaslab ko’rilganda, o’ng yonbosh sohasida mushaklarning taranglashishi yoki rigidligi va og’riq belgisi aniqlanadi. Paypaslashni sog’ taraf – chap yonbosh sohasidan boshlab, asta-sekin o’ng yonboshga o’tish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Bugungi kunda, o’tkir appenditsitda uchrashi mumkin bo’lgan 100 dan ortiq belgilarga ta’rif berilgan. Biroq, ularning quyidagi ettitasini aniqlash, ko’pincha to’liq tashxis qo’yish uchun etarli hisoblanadi:
- Shyotkin-Blyumberg belgisi;
- Voskresenskiy (“ko’ylak sirpanishi”) belgisi;
- Obraztsov belgisi;
- Sitkovskiy belgisi;
- Bartome-Mixelson belgisi;
- Rovzing belgisi.
O’tkir appenditsitning destruktiv turlarida mushaklar taranglashuvidan tashqari qorin pardasining ta’sirlanish simptomi, Shyotkin-Blyumberg simptomini aniqlash mumkin: o’ng qo’l barmoqlari bilan qorin devori bosib turib, birdan keskin ravishda qo’l tortib olinganda og’riq kuchayadi. Og’riq yallig’langan qorin pardalarning bir-biriga tegishi yoki silkinishi natijasida paydo bo’ladi.
Ko’ylak sirpanishi belgisi faqat o’tkir appenditsit uchun xos bo’lgan belgi hisoblanadi. Bu belgi 1940 yil, V.M. Voskresenskiy tomonidan taklif etilgan. Bemor ko’ylagi bilan qorin devori yopiladi, so’ng o’ng qo’l barmoqlari uchi bilan o’ng yonbosh sohasidan chapga yuzaki va keskin o’tkazilsa, og’riq kuchayadi (Voskresenskiy simptomi, “ko’ylak sirpanishi”).
Obraztsov belgisi – bemor yuqoriga qarab yotgan holatda, o’ng yonbosh sohasida eng og’riqli nuqta topiladi. Shu sohada qo’l barmoqlari ushlab turgan holatda, bemorni o’ng oyog’ini, bukmagan holatda 90º ga ko’tarish iltimos qilinadi. Bunda, og’riqning kuchayishi kuzatiladi. Oyoq tushirilganda og’riq kamayadi. Ayniqsa, chuvalchangsimon o’simta retrotsekal joylashganida Obraztsov belgisi xos belgi hisoblanadi.
Bemor chalqancha (yuqoriga qarab) yotgan holatdan chap yonbosh sohasiga o’tganda, o’ng yonbosh sohasida og’riqlarning paydo bo’lishi yoki kuchayishi kuzatiladi, bunday holat Sitkovskiy belgisiga xos. Quyidagi belgi, qo’richak va chuvalchangsimon o’simta tutqichini cho’zilishi natijasida og’riq paydo bo’lishi yoki kuchayishiga asoslangan.
Bartome-Mixelson belgisi. Ko’pchilik bemorlarda, chap yonbosh sohasida yotgan holatda, o’ng yonbosh sohasini palpatsiya qilganda og’riqlarning kuchayishi kuzatiladi.
Rovzing belgisi – chap yonbosh sohasini bir qo’l bilan bosib turib, ikkinchi qo’l bilan engil yuqoriga qarab to’lqinsimon harakat qilinganda, o’ng yonbosh sohasida og’riq (yo’g’on ichak ichidagi gaz harakati natijasida) paydo bo’lishi, bu belgining musbatligidan darak beradi.
Differentsial diagnostika
O’tkir appenditsit kasalligining differentsial diagnostikasida barcha kasalliklarni 5 guruhga bo’linadi:
1. Qorin bo’shlig’i a’zolarining o’tkir kasalliklari bilan: me’da va o’n ikki barmoqli ichak yara kasalligi xuruji yoki asoratlari; o’tkir xoletsistitning ba’zi turlari, o’tkir pankreatit, o’tkir enterit, terminal ileit (Kron kasalligi), kolit, gastrit, o’tkir ichak tutilishi, o’tkir toksikoinfektsiyalar, tifoparatifoz infektsiya, Mekkel divertikulining yallig’lanishi, gemorragik kapillyarotoksikoz (Shenleyn- Genox kasalligi) va boshqalar.
2. Kichik chanoq bo’shlig’i a’zolari kasalliklari bilan: ayollar jinsiy a’zolarining o’tkir, xuruj qilgan surunkali yallig’lanishlari va asoratlari, bachadondan tashqari homiladorlik, ayollar jinsiy a’zolarining xavfsiz va xavfli o’smalari va boshqalar.
3. Qorin orti qismida joylashgan a’zolar kasalliklari bilan: buyrak sanchig’i, o’tkir va surunkali pielonefrit, siydik-tosh kasalligi, tsistit, o’tkir, surunkali glomerulonefrit va boshqalar.
4. Plevra bo’shlig’i a’zolari kasalliklari bilan: o’ng tomonlama eksudativ plevrit va pnevmoniyaning ba’zi turlari, o’pka tuberkulezi va boshqalar.
5. Yurak va qon tomir kasalliklari bilan: yurak miokardi infarktining abdominal turi va boshqalar.
Appenditsit patogenezi (Husanov Bekzod)
Davolash
Jarrohlik amaliyotiga (operatsiya) o’tkir appenditsit diagnozini qo’yish ko’rsatma bo’lib hisoblanadi, appendektomiya operatsiyasi shoshilinch tartibda o’tkaziladi. O’tkir appenditsitning asorati – appendikulyar infiltrat birdan-bir monelik qiladigan hol hisoblanadi, ya’ni operatsiya qilinmay, muolaja qilinadi.
O’tkir appenditsitda yallig’langan chuvalchangsimon o’simtani olib tashlash operatsiyasi uchun qulay kesma, ko’pchilik jarrohlar tomonidan tan olingan Mak-Burney yoki Dyakonov-Volkovich kesmasi hisoblanadi. Bu kesma, o’ng yonbosh sohasida kindik va yonbosh suyagining tashqi yuza o’simtasi orasidagi o’tkazilgan chiziq 3 qismga bo’linib, uning pastki 1/3 qismiga perpendikulyar, ikki tomoni baravar kesma qilinadi.
Yallig’langan chuvalchangsimon o’simtanining charvisi (tarkibidagi o’simta arteriyasi bilan) qirqiladi va chok qo’yib bog’lanadi. Chuvalchangsimon o’simta asosidan bog’lanib, qirqiladi. Uning cho’ltog’iga esa kiset va Z-simon choklar qo’yish orqali tubiga cho’ktiriladi.
Hozirgi kun jarrohlik amaliyotiga, yangi texnologiyalar: tejamkor va kam invaziv usul, hamda uslublar shiddat bilan kirib kelmoqda, ularga alohida ahamiyat berilmoqda. Jarrohlik amaliyotida ularni qo’llash, nafaqat operatsiyalar jarayonida yuzaga keladigan jarohat darajasini kamaytirishga, bu bilan birga uning samaradorligini oshirishga va asoratlar sonini keskin kamaytirishga olib keladi. Shuning uchun, ushbu kasallikda, bugungi kunda tobora keng qo’llanilayotgan usul – laparoskopik appendektomiyaga to’xtalib o’tamiz.
Laparoskopik appendektomiyani bajarish uchun, kindik va uning atrofini punktsiya qilib, qorin bo’shlig’iga CO2 gazi yuborin orqali pnevmoperitoneum
vujudga keltiriladi. Maxsus troakarlar orqali qorin bo’shlig’iga mujazgina videokamera va endoxirurgik asboblar kiritilib, chuvalchangsimon o’simta olib
tashlash jarrohlik amaliyoti bajariladi.
O’tkir appenditsit asoratlari
Appendikulyar infiltrat (chegaralangan peritonit) – ingichka ichak qovuzloqlari, katta charvi, yo’g’on ichakning bir-biri va parietal qorin pardasi bilan qo’shilib ketgan birgalikdagi yallig’lanishi bo’lib, uning markazini yallig’langan chuvalchangsimon o’simta va atrofida yig’ilgan ekssudat tashkil etadi. Uning vujudga kelishi negizida, inson organizmining qorin bo’shlig’ida joylashgan biror-bir a’zosida yallig’lanish jarayoni paydo bo’lsa uni chegaralash yoki cheklash maqsadida, unga boshqa a’zolarning kelib yopishishi yotadi. Odatda bu jarayon, kasallik boshlanishining 3-4 sutkasidan boshlab, yallig’langan chuvalchangsimon o’simtaga yaqin joylashgan barcha a’zolar uni o’rab oladi va appendikulyar infiltrat shakllanadi. Kuchli og’riqlar bu jarayon boshlanishi bilan bosilib, simillaydigan holga o’tadi. Qorin paypaslab ko’rilganda, o’ng yonbosh sohasida zich-elastik konsistentsiyali o’smasimon tuzilma aniqlanadi. Odatda u harakatsiz, chanoq kletchatkasi bilan qo’shilib ketgan bo’ladi. Appendikulyar infiltrat operatsiyaga birdan-bir monelik qiladigan hol hisoblanadi va muolaja yo’li bilan davolanadi. Uning kechuvida asosan 2 yo’nalish mavjud bo’lib, so’rilib ketishi yoki yiringlashi mumkin bo’ladi.
Shuni aniqlash maqsadida, har kuni bemorga ultratovush yordamida tekshiruvlar o’tkazib turish lozim bo’ladi. Maqsadga muvofiq o’tkaziladigan antibakterial muolaja (antibiotiklar va sulfanilamid preparatlari) tayinlangandan keyin, tana harorati asta-sekin pasayadi, infiltrat o’lchami kichrayadi, leykotsitlar miqdori normaga keladi. Boshdan kechirilgan appendikulyar infiltratdan keyin bemorlarni 3 oydan keyin surunkali appenditsit bor bemorlar sifatida operatsiya kilinadi.
Appendikulyar abstsess – appendikulyar infiltratda yallig’lanish jarayonining yiringlashga o’tishi bilan izohlanadi. Bunda, appendikulyar infiltratni konservativ davolashga qaramay, bemor ahvol yomonlashadi, tana harorati, ayniqsa kechqurunlari yuqori bo’ladi. Infiltrat sohasidagi og’riq kuchayadi, paypaslaganda u yumshoqroq holga o’tadi, uning chegaralarida noaniqlik paydo bo’ladi. Qon tahlilida leykotsitoz ortishi qayd etiladi. Bunda yiringlikni (abstsess), iloji boricha qorin bo’shlig’iga tarqatmasdan, tashqariga ochish va uni drenajlash zarur bo’ladi.
O’tkir appenditsitning eng xavfli asorati tarqalgan yiringli peritonit hisoblanadi, u gangrenoz-perforativ appenditsitda yoki appendikulyar abstsessning qorin bo’shlig’iga yorilganida kelib chiqishi mumkin.
Peritonitning boshlang’ich davrida mushaklar butun qorin bo’ylab taranglashadi, qorin pardasining ta’sirlanishi (Shyotkin-Blyumberg simptomi) keskin ifodalangan bo’ladi. Bemorning tili va og’iz bo’shlig’ining shilliq qavatlari quriydi, tili oqish rangda qoplangan bo’ladi. Perkussiyada qorinning yon kanallari sohasida to’mtoq tovush aniqlanadi (ekssudat hisobiga). Ultratovush yordamida tekshiruv o’tkazilganda, qorin bo’shlig’ida suyuqlik borligi tasdiqlanadi. Auskultatsiyada ichak peristaltikasi ko’pincha aniqlanmaydi. Qon tahlilida yuqori leykotsitoz, uning formulasini chapga surilganligi, EChT keskin ortishi aniqlanadi. Appendikulyar etiologiyali tarqalgan peritonitning klinik belgilari, boshqa sababdan kelib chiqqan peritonitlar belgilaridan deyarli farq qilmaydi (spetsifik peritonitlar bundan mustasno).
Pileflebit – qopqa venasi tarmoqlarining yiringli tromboflebiti bo’lib, jigar abstsesslari, sepsis rivojlanishiga olib keladi. Bemorlarning ahvoli bu asorat yuzaga kelganda g’oyat darajada og’ir, intoksikatsiya kuchaygan bo’ladi. Tana harorati juda yuqori va gektik xususiyatga ega bo’ladi. Jigar gepatotsitlarining zararlanishi oqibatida jigarning kattalashishi, ba’zi hollarda sariqlikning paydo bo’lishi yuzaga keladi. Bemor ahvoli jigar etishmovchiligining rivojlanishi hisobiga og’irlashadi. Bu asoratlar qo’shilganda o’lim darajasi yuqori bo’ladi va bemorlar asosan jigar-buyrak etishmovchiligidan nobud bo’ladilar.