Bakalavriat. 5 kurs talabalar uchun

Mexanik sariqlik

Teri va shilliq pardalar, skleralarning to’qimalarida ortiqcha bilirubin yig’ilishi natijasida ularni sarg’imtir bo’yalishi sariqlik deyiladi. Bunda qonda bilirubin miqdori oshgan bo’ladi. Sariqlik ichki a’zolarning qator kasalliklariga xos klinik sindrom hisoblanadi. Bilirubin darajasining oshish sababiga ko’ra sariqlikning uchta asosiy turi farq qilinadi

Gemolitik (jigar usti) sariqlik – eritrotsitlar parchalanishi va bilvosita bilirubin ortiqcha ishlab chiqarilishi natijasida paydo bo’ladi. Bu hodisalar retikuloendotelial sistema xujayralarining funktsiyasi oshib ketganda birlamchi va ikkilamchi gipersplenizmda vujudga keladi.

Parenximatoz (jigarga oid) sariqlik gepatotsitlar shikastga uchrab, ularning qondagi ozod bilirubinni bog’lash va uni bilirubin glyukuronidga (bevosita bilirubin) o’zgartirish kobiliyati pasayganda ro’y beradi. Virusli gepatit, leptospiroz, jigar tsirrozi, ayrim zaharlanishlar parenximatoz sariqlikning eng ko’p uchraydigan sabablaridan hisoblanadi.

Mexanik (obturatsion) sariqlik o’t chiqaruvchi yo’llar qisman yoki to’liq tutilib qolib, o’t suyuqligining ichakka oqishi buzilishi natijasida rivojlanadi. Mexanik sariqlik aksariyat hollarda, xoledoxolitiaz, katta duodenal surg’ich strikturasi, me’da osti bezi boshchasi va o’t chiquvchi yo’llardagi o’smalarga bog’liq bo’ladi.

Mexanik sariqlikda teri qoplami sarg’imtir-yashil bo’ladi, o’t yo’llarini bekitib qo’yadigan o’smalarda esa ersimon rangda bo’ladi. O’t-tosh kasalligiga bog’liq obturatsion sariqlikda kasallik boshlanayotganda jigar sanchig’iga o’xshash o’ziga xos xurujsimon og’riqlar paydo bo’ladi, ba’zan sariqlik o’tkir xoletsistit zaminida vujudga keladi. Pankreatoduodenal soha o’smalarida sariqlik og’riq sezgilarisiz paydo bo’ladi. Teri qichimasi, ayniqsa bilirubin darajasi baland bo’lganda kuchli bo’ladi. Pankreatoduodenal sohasida o’smalari bo’lgan bemorlarning yarmida Kurvuaze simptomining musbatligi aniqlanadi. Axlat oqchil rangli, o’t yo’llari butunlay yopilsa axolik bo’ladi. Siydik to’qrangli. Bevosita va bilvosita bilirubin kontsentratsiyasi, ayniqsapankreatoduodenal sohaning obturatsion o’smalarida keskin oshgan bo’ladi.

Sariqlikning biror turining klinik kechish xususiyatlari qo’zg’atgan kasallik xarakteriga bog’liq. Bu hol sariqlik turlarini differentsial diagnostika qilishda qo’shimcha  qiyinchiliklar tug’diradi. Sariqlikni diagnostika qilishning yuqorida ko’rsatib o’tilgan klinik va laboratoriya usullaridan tashqari, sariqlikning har xil turlarini differentsial diagnostikasi uchun zarur va qimmatli axborot olishga imkon beradigan rentgenologik, endoskopik, radiologik, ultratovush bilan tekshirish usullariga katta o’rin beriladi.

 Mexanik sariqlik butun gepatobiliar sistemadagi o’zgarishlar va organizmning bir qator umumiy og’ir buzilishlari bilan o’tadi, bemorlar holatining og’irligi sariqlik darajasi va  davomiyligiga proportsional ravishda ortadi, bu qator yangi patologik holatlar paydo bo’lishiga olib keladi, shu sababli davolash natijasi yomonlashadi va o’lim darajasi ko’payadi. Jigar funktsional holatining dekompensatsiyasi nisbatan tez o’tkir jigar etishmovchiligi avj olishiga olib keladi. I.M. Matyashin ma’lumotlariga binoan o’t yo’llari obturatsiyasidan 10-14 kun o’tgach jigar funktsiyasi shu qadar buziladiki, xirurgik operatsiya qilish g’oyat xatarli bo’lib qoladi va yuqori o’lim darajasi bilan o’tadi.

Mexanik sariqlikni davolashda dekompressiv aralashuvning muddatlari va turlari, profilaktika qilish yo’llari va operatsiyadan keyin jigar etishmovchiligini davolash muhim masala hisoblanadi. Operatsiya o’t pufagi gipertenziyasini davolashning eng effektli chorasi hisoblanadi Biroq narkoz, operatsion jarohat jigar etishmovchiligi rivojlanishi va klinik ifodalangan formaga o’tishi sababli bemorlarning ahvolini qiyinlashtiradi. Ko’rsatib o’tilgan jihatlar xirurglarni mexanik sariqlik bilan og’rigan bemorlarda radikal  operatsiyalarni 2 bosqichda o’tqazish kerak degan fikrga olib keladi: birinchi bosqichda jigar funktsional holatini va bemorlarning umumiy ahvolini yaxshilaydigan operatsiya, ikkinchisida radikal operatsiya qilish taklif etiladi. Hozirgi vaqtda laparoskopik xoletsistostomiya, o’t yo’llarini nazobiliar drenajlash, endoskopik transduodenal papillotomiya kabi ehtiyot qiladigan usullar qo’llaniladi. Teri orqali jigar orqali xolangiostomiya sariqlik, xolangit hodisalarini kamaytirish yoki tugatish, antibiotiklarni tanlash va maxalliy antibakterial davolash uchun o’tni ekish, xavfli o’smalarni ximiyaviy preparatlar bilan davolash imkonini beradi. Undan operatsiyani ko’tara olmaydigan bemorlarda o’t chiqaruvchi yo’llarni tashqi yoki ichki drenajlashning doimiy usuli sifatida foydalanilishi mumkin.

Teri orqali jigar orqali endobiliar operatsiyalar

Bunday operatsiyalarga ko’rsatmalar klinik, laboratoriya va instrumental tekshirish usullari bilan belgilanadi. Agar mexanik sariqlik xavfli kasalliklarga bog’liq bo’lsa, hatto bilirubin miqdori nisbatan yuqori bo’lmaganda teri orqali jigar orqali xolangiografiya va
o’t yo’llarini teri orqali jigar orqali drenaj qilishdan foydalaniladi.

Mexanik sariqlikka xavfsiz kasalliklar sabab bo’lib, yuqori xoliemiya va davolashning endoskopik metodlari naf bermaganda yoki yaxshi natijalarga olib kelmaganda, xirurgik operatsiyalar esa jiddiy xavf ostida bo’lganda o’t yo’llarini teri orqali jigar orqali drenaj qilishga kirishiladi. O’t yo’llarini teri orqali jigar orqali drenaj qilishga monelik qiladigan xollarga jigarning ko’p sonli metastatik
zararlanishi, jigar-buyrak etishmovchiligi korrektsiya qilinmaydigan bemorlar ahvolining nihoyatda og’irligi, qon ketish xavfi bo’lgan o’zaro gipokoagulyatsiyani kiritish mumkin.

O’sma yoki tiqilgan tosh sababli to’liq okklyuziyada tashqi drenajlash bajariladi: kateter obstruktsiya sohasi ustida o’rnatiladi. Gepatikoxoledoxning stenotik zararlanishlarida, xoledoxolitiazda tashqi-ichki drenajlash bajariladi, gepatikoxolangiostomaning distal qismini o’t yo’li segmenti bo’shlig’iga yoki o’n ikki barmoqli ichakka o’rnatilib, birmuncha fiziologik drenajlash hosil qilinadi. Biliar bosim normaga tushgandan keyin 2-3 hafta o’tgach, xolangit hodisasi bartaraf etilganda yoki birmuncha kamayganda tashqi-ichki kateterning tashqi uchi berkitiladi va drenajlash butunlay ichki drenajlashga o’tkaziladi. Har kuni o’tni bakteriologik tahlili qilinadi: ekspress-bakterioskopiya va o’t suyuqligini ekish yo’li bilan. Klinik-biokimyoviy ko’rsatkichlarning musbat dinamikasi va jigar funktsiyasining tiklanishi davolashning ikkinchi bosqichini o’tkazishga mezon bo’lib xizmat qiladi.

O’t yo’lining o’sma bilan stenozlangan bo’limiga rigid kateter – kateterga ulangan uzunligi 5-12 sm endoprotez transparietal kiritiladi. 2 sutka o’tgach bu kateter chiqarib olinadi, endoprotez esa biliar yo’lni umr bo’yi palliativ drenajlashni ta’minlaydi.

Postxoletsistektomik sindrom

# Materiallar KO'CHIRISH KO'CHIRISH
1
Prezentatsiya 4-5 kurs talabalar uchun – Mexanik sariqlik va postxoletsistik sindrom
2
Ma’ruza 4-5 kurs talabalar uchun – Mexanik sariqlik va postxoletsistik sindrom

Portal gipertenziya turlari