Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun

Yo’g’on ichak kasalliklari

Girshprung kasalligi – chambar ichak megakoloni yoki gigantizmi, uning evakuator funktsiyasi buzilishi bilan kechuvchi tug’ma kasallik hisoblanib, qabziyat va qorinning keskin dam bo’lishi bilan namoyon bo’ladi. Tug’iladigan har 5000 ta chaqaloqdan bittasida uchrashi mumkin. Asosan yosh bolalarda va o’smirlarda uchrab, kattalarda esa juda kam xollarda kuzatiladi.

Etiologiya. Kasallik vegetativ nerv sistemasi rivojlanishining buzilishi, yo’g’on ichak mushaklararo (Auerbax) va shilliqosti (Meysner) nerv chigallari ganglionar hujayralarining o’sib etilmaganligi (gipoganglioz) yoki mutlaqo bo’lmasligi (aganglioz) oqibatida kelib chiqadi.

Klinikasi. Girshprung kasalligi belgilari ichak mahsuloti passajining buzilishi bilan xarakterlanadi. Asosiy simptomlari – qorinning dam bo’lishi, bir necha kundan bir necha oygacha ich kelmasligi, qabziyat, ich kelishga aslo mayl yo’qligi bilan ifodalanadi. Qorin keskin dam, assimetrik bo’ladi, bunda chayqalish shovqinini payqash mumkin. Ba’zan qabziyat ich surishi bilan almashinadi (paradoksal ich surishi). Qorinning tobora taranglashib dam bo’lishi diafragma ekskursiyasini cheklab qo’yadi, bu xolat o’z navbatida nafas qisishiga, yurak urib ketishiga olib keladi. Qabziyat yuzaga kelishi bilan intoksikatsiya alomatlari: bosh og’rig’i, bexollik, ko’ngil behuzur bo’lishi, ishtaha yo’qligi paydo bo’ladi.

Diagnostikasi. Bemorning shikoyatlari, anamnezidagi uzoq davom etib kelayotgan qabziyat bilan bir qatorda ob’ektiv ko’ruvda qabziyat, doimiy meteorizm natijasida qorinning keskin dam bo’lishi, ba’zan najas toshlarini paypaslanishi kuzatiladi. Rektal tekshiruvda sfinkter tonusining kuchayganligi, ampulaning bo’sh bo’lishini ko’rish mumkin. Rektoromanoskopiyada to’g’ri ichak spazmi sababli rektoskopning qiyinchilik bilan o’tishi, kengaygan joyga etganda ”tushib ketish“ hissining paydo bo’lishi va shu sohada najas toshlarining yig’ilib qolganligi aniqlanadi.

Davolash. Girshprung kasalligida konservativ davolash operatsiyaga tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi, u ichakning bo’shatilishiga qaratilgan choratadbirlardan iborat. Parhezga rioya qilish, ichak motorikasini yaxshilashga imkon beradigan yangi sabzavotlar va mevalardan iborat mahsulotlarni iste’mol qilish, ichak peristaltikasini fizioterapevtik usullar bilan yo’lga solish, turli xil xuqnalar qo’yish shular qatoriga kiradi.

Xirurgik davolash aganglionar zonani va yo’g’on ichakning dekompensatsiyalangan kengaygan bo’limlarini olib tashlab, ichak o’tkazuvchanligini tiklashdan iborat.

Etiologiyasi etarli o’rganilmagan. Kasallikni chaqiruvchi mikrob yoki virusni aniqlash ustida olib borilgan ishlar natijasiz yakunlangan. Shu sababli kasallik kelib chiqishida infektsion nazariya o’z ahamiyatini birmuncha yo’qotgan. Buning aksi allergik jarayon esa, kasallik rivojlanishida muhim o’rin tutadi. Ovqatlanish ratsionidan sut, tuxumga o’xshash allergenlarni olib tashlash kasallik klinik kechishini ijobiy tomonga o’zgartirganligi ma’lum. Bundan tashqari, immun jarayonlarning ahamiyati ham kasallik rivojlanishida ma’lum bir ma’noga ega. Bemor qon zardobida yo’g’on ichak shilliq qavatiga qarshi mahsus antitelolarning bo’lishi buning yaqqol dalilidir. Nospetsifik yarali kolit kelib chiqishida oilaviy moyillik ham muhim ahmiyat kasb etadi.

Patogenezi. Kasallik organizmning sensebilizatsiyasi va autoimmune reaktsiya rivojlanishi bilan kechadi. Ichak shilliq qavati antigen ishlab chiqaradi va unga qarshi antitelolar paydo bo’ladi. Antigen-antitelo reaktsiyasi yuzaga keladi, keyin esa kolit, yaralar kelib chiqadi. Keyinchalik ikkilamchi infektsiya qo’shiladi, ichak nerv apparati shikastlanadi, alimentar etishmovchilik yuzaga keladi.

Diagnostikasi bemorning shikoyati, anamnezi, rektoromanoskopiya, irrigografiya, kolonoskopiya natijalariga asoslanib bajariladi. Kasallik differentsial diagnozi dizenteriya, proktit, Kron kasalligi bilan o’tkaziladi.

Davolash. Konservativ davo oqsilga boy, uglevodlar va sutni cheklovchi parhezdan, desensibilizatsiyalovchi va antigistamin dori vositalari (dimedrol, pipolfen, suprastin, tavegil), vitaminlar (A, E, C, K, B guruh), bakteriostatik preparatlardan (etazol, ftalazol, sulgin, enteroseptol) tashkil topadi. Bundan tashqari, salazopiridazin antimikrob va desensibilizatsiyalovchi ta’sir ko’rsatib, juda yaxshi natija beradi. Davo natijasiz bo’lgan xolatlarda davoga steroid gormonlarni (prednizolon, deksametazon) qo’shish maqsadga muvofiqdir. Xirurgik davo kasallik asoratlari yuzaga kelganda, ya’ni, profuz qon ketganda, ichak perforatsiyasi va toksik dilyatatsiyasida qo’llaniladi. Bundan tashqari, operativ davo kasallikning uzluksiz va retsidivlovchi shakllarida, konservativ davo natija bermaganda, rak rivojlanganda ham qo’llaniladi. Ichak toksik dilyatatsiyasida ileo- yoki kolostomiya amaliyoti bajariladi. Qolgan xolatlarda zararlangan ichak qismi rezektsiyasi, kolektomiya yoki ileostomiya bilan yakunlanuvchi koloproktektomiya amalga oshiriladi.

Poliplar ichak endoteliysidan chiqadigan xavfsiz o’smalar katoriga kirib, malignizatsiyaga moyilligi bo’ladi. Aksariyat hollarda, poliplar chambar ichakning chap yarmida joylashgan (75% to’g’ri va sigmasimon chambar ichakda uchraydi) bo’ladi. Poliplar yakka va ko’p sonli, o’lchamlari 0,5 dan 2,0 sm gacha bo’ladi va ular ichak bo’shlig’iga osilib turadi.

Chambar ichakning yuvenal, giperplastik, bezsimon, bezsimon-tukli, tukli diffuz polipozi uchraydi. Poliplar paydo bo’lishini aksariyat yallig’lanish, kolit, dizenteriya, yarali proktosigmoidit bilan bog’laydilar.

Klinik manzarasi qorinda joylashishi aniq bo’lmagan og’riqlar, ich ketishi, qon, shilimshik aralash najas, qabziyat, ichakda g’alati sezgi (diskomfort) bilan xarakterlanadi.

Diagnostikasi: klinik simptomlari va anamnez ma’lumotlari bilan birga rekto- va kolonoskopiya, irrigoskopiyaning muhim ahamiyati bor. Poliplarni davolash usulini har kim o’ziga xos tanlashi kerak. Yakka poliplar elektrokoagulyatsiya yo’li bilan rekto- yoki kolonoskop orqali olib tashlanadi.

Operatsiya usulida olib tashlashning iloji bo’lmasa, ichak devorini polip zonasida ponasimon qilib kesiladi. Polip malignizatsiyasida esa radikal operatsiya: o’ng tomonlama yoki chap tomonlama gemikolektomiya qilinadi. Chambar ichak diffuz polipida subtotal kolektomiya qilinib, ileorektal yoki ileosigmasimon anastomoz qo’yiladi.

A.mesenterica superior - qon bilan ta'minlanishi

A.mesenterica superior shoxlari MRI mnemonikasi (Rixsiboyeva Gavharoy)

A.mesenterica inferior - qon bilan ta'minlanishi

A.mesenterica inferior. Mnemotexnika

Chambar ichak divertikuli va kletchatkani iste'mol qilish haqida ma'lumot

Chambar ichak divertikul haqida ma'lumot

Nospetsifik yarali kolit va kolonoskopiya

Yo'g'on ichak tuzilishi va divertikulyozi. Toshpulatova Shaxnoza

Yo'g'on ichak anatomiyasi. Ubaydullayev Javohir

Prezentatsiyalar presentations

Yo’g’on ichak tuzilishi va divertikulyozi (Toshpulatova Shaxnoza)