Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun

Postgastrorezektsion sindromlar

Demping-sindrom paydo bo’lishida psixonevrologik o’zgarishlarga,vegetativ nerv sistemasi buzilishlariga katta ahamiyat beriladi.

Klinik jihatdan demping-sindrom bo’shashish, issiqlab ketish, sovuq ter chiqishi, bosh aylanishi, yurak urishi, taxikardiya, ko’krakda og’riq va qisilish sezgisi, hatto xushdan ketish holati bilan yuzaga chiqadi. Kasallik klinikasi va simptomlarining nechog’lik yuzaga chiqqanligi demping-sindromning og’irengilligiga va ovqat, xususan shirin, sutli ovqatlar eyish bilan bog’liq.

Jarayon diagnostikasi anamnestik, klinik jihatdan qiyinchilik tug’dirmaydi. Rentgenologik tekshirishda konstrastning tezlashgan evakuatsiyasi qayd qilinadi.

Demping-sindromni davolash parhezga rioya qilish, ratsiondan dempingga sabab bo’ladigan taomlarni chiqarishdan iborat, tez-tez muntazam ovqatlanish va imkon boricha dag’al ovqat: go’sht, baliq, sabzavot, tuzlangan karam kabilarni iste’mol qilish kerak. Konservativ davo yordam bermaganda va demping-sindromning og’ir hollarida operatsiya qilinadi. Bu duodenal passajni tiklashga qaratilgan asosan rekonstruktiv operatsiyalar hisoblanadi (Bilrot II va Bilrot I).

Keltiruvchi qovuzloq sindromi – operatsiya texnikasidagi kamchilik, bitishma jarayoni yoki duodenal o’tkazuvchanlik buzilishlari rivojlanishi natijasi hisoblanadi. Patologiya aksariyat operatsiyadan keyin birinchi yiliyoq paydo bo’ladi.

Klinik jihatdan kasallik ko’prok o’ng qovurg’a osti sohasida og’irlik va og’riq bilan o’tadi, vaqti-vaqtida o’t aralash yoki ovqat bilan o’t aralash qayt qilinadi, shundan so’ng bemor sezilarli engillik his qiladi.

Ovqatni qaytarish, kekirish, jig’ildon qaynashi, to’sh orqasida og’riqlar bo’lishi ehtimol.

Keltiruvchi qovuzloq sindromi patogenezi murakkab va ko’p qirrali:

  1. keltiruvchi qovuzloqning gastroenteroanastomoz orqasida qisilishi;
  2. keltiruvchi qovuzloq rotatsiyasi yoki buralib qolishi;
  3. keltiruvchi qovuzloqning ichaklar orasidagi tutashgan joy invaginatsiyasi (kirib qolishi);
  4. keltiruvchi qovuzloq shilliq pardasining me’da-ichak anastomoziga tushishi;
  5. uning bitishmalardan bosilishi;
  6. o’smadan bosilishi, chandiqli torayishi;
  7. texnik xatoliklar va boshqalar.

Anastomozning peptik yarasi asosan saqlanib qolgan me’da sekretsiyasida hosil bo’ladi. Kislotalilik juda oshgan bo’lsa, ular tez-tez uchrab turadi, past bo’lsa, kam uchraydi, axiliyada sira uchramaydi. Bu rezektsiyadan keyin yuz beradigan eng og’ir asorat va operatsiya qilingan bemorlarning 0,5-2,5 foizida odatda dastlabki 3 yil ichida va asosan erkaklarda uchraydi. Biroq, ayollarda, yoshi ulg’aygan va keksa yoshdagi kishilarda ham bo’lishi mumkin. Peptik yara joylashuvi har xil – keltiruvchi qovuzloqda ham, anastomoz sohasida ham bo’ladi, ko’pincha ichak tutqich, ko’ndalang chambar ichak, me’da osti bezi, ichakka penetratsiyalaydi.

Peptik yaraning bosh simptomi qattik va azob beradigan og’riq hisoblanadi. U operatsiyadan oldingi og’riqdan kuchli. Og’riqsiz damlar tobora kamayib boradi, og’riq doimiy, orqaga, ko’krak qafasiga beriladi (irradiatsiya), jig’ildon qaynashi, qusish xarakterli. Bemor ozib ketadi, doimo grelka qo’llanilishi sababli epigastriy sohasida pigmentatsiya paydo bo’ladi.

Operatsiyadan keyingi peptik yara bir qancha asoratlar – qon ketishi, perforatsiya, penetratsiya berishi, og’irlashgan hollarda hatto oqma yara rivojlanishi mumkin (tashqi yoki me’dachambar oqma yara).

Anastomoz peptik yaralarini va asoratlarini davolashning asosiy usuli operatsiya hisoblanadi.