Jigar jarohatlanishlari odatda yo’l-transport hodisalari oqibatida, balandliklardan yiqilish, o’tkir predmet yoki o’q otar qurol, turli-tuman qattiq buyumlar ta’siridan kelib chiqib, teshib kirgan yaralanishlarga bog’liq bo’lishi mumkin. Ular yatrogen tabiatga ega bo’lishi mumkin. Jigar jarohatlari aksariyat hollarda ko’krak, qorin bo’shlig’idagi boshqa a’zolarning, shuningdek bosh va sklet suyaklarining jarohatlanishi bilan birga o’tadi.
Jigar jarohatlari ochiq yoki yopiq turlarga bo’linadi. Jigar jarohatlarining tabiatiga va darajasiga ko’ra ularning klinik belgilari juda kam yoki shok, ichga qon ketishi, peritonit belgilari ko’rinishida yaqqol namoyon bo’lishi mumkin. Qorinning oldingi devorida qontalash sohalarning borligi, jarohat kanalining joylashuvi va yo’nalishi operatsiyaga qadar jigarning jarohatlanganligiga Shubha uyg’otishi mumkin. Tashxis qo’yishda laparoskopiya, qorin bo’shlig’I suyuqligini diagnostik aspiratsiya qilish, ultratovush yordamida tekshirish, kompyuter tomografiyasi katta yordam berishi mumkin. Bunda qorin bo’shlig’ida qon yoki o’t suyuqligining borligi, jigar yorilganligi yoki uning kapsulasi ostida suyuqlik yig’ilganligini aniqlash mumkin. Ayrim hollarda jigar parenximasida gaz to’planganligi aniqlanadi. KT da pasaygan singish koeffitsenti sohasi fonidagi gaz, gematomaning yiringlagani haqida axborat beradi. Qorinning yopiq jarohatida diagnozni aniqlash uchun, ba’zan laparotomiya o’tkazish zarurati tug’iladi.