Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun
O‘t tosh kasalligi, o‘tkir xolesistit va uning asoratlari
O’t pufagining o’tkir yallig’lanishi kalkulyoz xoletsistitning eng ko’p uchraydigan asoratlaridan biridir. O’t pufagi devorida o’tkir yallig’lanish jarayoni paydo bo’lishining asosiy sabablari: pufak bo’shlig’ida mikroflora bo’lishi va o’t suyuqligi oqib ketishining buzilishi hisoblanadi. O’tkir xoletsistitning klinik turlari: kataral, flegmonoz va gangrenoz (o’t pufagi teshilgan va teshilmagan).
Tana harorati subfebril raqamlargacha ko’tariladi. Minutiga 100 martagacha taxikardiya, qorin nafas olish aktida qatnashadi, qorin devori o’ng yarmining nafas olish aktida bir oz orqada qolishi qayd qilinadi, qorinni paypaslab ko’rilganda o’ng qovurg’alar ostida, ayniqsa o’t pufagi proektsiyasi sohasida keskin og’riq paydo bo’ladi, qorin devori mushaklari taranglashgan yoki bu unchalik yuzaga chiqmagan, Ortner-Grekov, Myussi-Georgievskiy simptomlari musbat. Ba’zan kattalashgan, o’rta darajada og’rib turadigan o’t pufagini paypaslab ko’rsa bo’ladi. Tahlillarda leykotsitoz o’rtacha: 10000- 12000.
O’t-tosh kasalligi ko’pincha 40 yoshdan oshgan odamlarda uchraydigan tarqalgan kasallik. 70 yoshdan oshgan kishilarda kasallanish 30-40% ni tashkil qiladi. Aksariyat ayollar kasallanadilar.
O’t toshlari asosan o’t pufagida xosil bo’ladi, toshlar o’t yo’llarida kamdan-kam paydo bo’ladi. O’t toshlari paydo bo’lishining asosiy sababi 3 ta: moddalar almashinuvi buzilishi, o’t pufagi epiteliysidagi yallig’lanish o’zgarishlari va o’t dimlanishidir.
Klinik jihatdan o’t-tosh kasalligi ko’pincha jigar (o’t pufagi) sanchig’i ko’rinishida namoyon bo’ladi. Og’riq aksariyat parhez buzilganda, jismoniy zo’riqishda paydo bo’ladi. Og’riq xuruji paydo bo’lishiga o’t po’fagi bo’ynida pufak yo’lida tosh qisilib qolishi sabab bo’ladi. Og’riq o’ng qovurg’alar ostida va epigastral sohada joylashgan bo’lsa, bel sohasiga, o’ng kurakka beriladi. Ko’pincha jigar sanchig’i xuruji ko’ngil aynishi va safro aralash bir necha marta qayt qilish bilan o’tadi, biroq bunda bemor engil tortmaydi.
Jigar sanchig’i xuruji to’xtagandan keyin bemorlar hech nimadan shikoyatlar qilmay, o’zlarini sog’lom xis qilishlari mumkin. Biroq ularda o’ng qovurg’alar ostida og’irlik va simillagan og’riq bo’lib, u ovqatdan keyin kuchayadi, qorin dam bo’ladi, ich ketadi, og’iz bemaza bo’ladi. Birlamchi surunkali xoletsistit jigar sanchig’i xurujlarisiz ko’rsatib o’tilgan simptomlar bilan kechadi.
Xoledoxolitiaz, xoledox terminal bo’limida chandiqli striktura, ichki oqmalar paydo bo’lishi, xolangit, xoletsistopankreatit, o’t pufagi istisqosi, o’t pufagi empiemasi.
Xoledoxolitiaz – o’t-tosh kasalligi va kalkulyoz xoletsistitning eng ko’p uchraydigan asoratlaridan sanaladi (20% bemorlarda uchraydi). Yoshi o’tgan va keksa yoshdagi odamlarda xoledoxolitiaz 2-3 marta ko’proq kuzatiladi. Ko’pchilik bemorlarda umumiy o’t yo’liga toshlar o’t pufagidan tushadi. Bunga pufak yo’lining kalta serbarligi, pufak bo’yni yoki gartman cho’ntagi sohasida yara bo’lib, o’t pufagi bilan umumiy o’t yo’li o’rtasida keng oqma paydo bo’lishi sababchidir.
Xolangit – jigar ichi va jigardan tashqari o’t yo’llarining o’tkir va surunkali yallig’lanishidir. Xolangit xolestaz va o’t suyuqligiga tushgan infektsiya hisobiga paydo bo’ladi. O’t yo’llari devorlaridagi morfologik o’zgarishlar xarakteri bo’yicha kataral va yiringli xolangit farq qilinadi. Xolangitning klinik belgilari: tana haroratining subfebril raqamlargacha to’satdan ko’tarilishi, qattiq, et junjikishi, o’ng qovurg’alar osti sohasida og’irlik va simillagan og’riq, ko’ngil aynishi va qusishdan iborat. Yiringli xolangitda og’riq kuchli bo’ladi, sariqlik erta paydo bo’ladi.