Bakalavriat. 4 kurs talabalar uchun
O‘tkir appendisit va asoratlari
Chuvalchangsimon o’simtaning o’tkir yallig’lanishi – o’tkir appenditsit jarrohlik amaliyotida keng tarqalgan kasalliklardan biri hisoblanadi. MDHda yil mobaynida o’tkir appenditsit tufayli 1 mln dan ortiq operatsiyalar qilinadi. Yurtimizda 1 yil mobaynida 500 mingdan dan ortiq bemor bu kasallik bo’yicha shifoxonalarga yotqizilgan va ulardan 89% bemor appendektomiya operatsiyasini boshidan o’tkazgan.
O’tkir appenditsit asosan yoshlarda (14-20) va 30-40 yoshda ko’proq uchraydi – bunda ayollar erkaklarga nisbatan 2 marta ko’p kasallanadilar.
O’tkir appenditsit – chuvalchangsimon o’simtaning nospetsifik yallig’lanishi bo’lib, inson organizmi va bakteriyalar orasidagi bo’lgan biologik muloqotni buzilishi natijasida kelib chiqadi. O’tkir appenditsitda infektsiya ko’zg’atuvchisi bo’lib odatda stafilokokklar, ichak tayoqchasi, aralash va anaerob flora hisoblanadi.
O’tkir appenditsit kelib chiqishida turli-tuman nazariyalar mavjud: dimlanish, askaridalar invaziyasi, angionevrotik, infektsion, kortiko-vistseral, allergik, neyrogen va qon tomir nazariyalari.
Murakkab va turlicha klinik va patologoanatomik ko’rinishga ega bo’lgan kasallikni ma’lum bir tizimga solish anchagina mushkul hisoblanadi. Shuning uchun turli xil klassifikatsiyalar taklif etilgan bo’lib, hozirgi kunda qo’llaniladigan klassifikatsiyalar ichida V.I. Kolesov taklif etgan klassifikatsiya birmuncha qulay hisoblanadi.
Quyida shu turlashni keltiramiz:
- Appendikulyar sanchiq (kolika).
- Oddiy (kataral) appenditsit.
- Destruktiv appenditsit:
– flegmonoz;368
– gangrenoz;
– gangrenoz-perforativ;
- Asoratlangan appenditsit:
– appendikulyar infiltrat;
– appendikulyar abstsess;
– tarqalgan yiringli peritonit;
– pileflebit (ichak tutqich venalari septik tromboflebiti);
– sepsis.
O’tkir appenditsitning klinik manzarasi turli-tumanligi bilan ajralib turadi, bu hol kasallikning turigagina emas, balki chuvalchangsi-mon o’simtaning joylanish xususiyatlariga ham bog’liq bo’ladi.
Odatdagi hollarda, kasallik o’ng yonbosh sohasidagi o’rtacha og’riq bilan boshlanadi, bu og’riq sekin-asta kuchaya boradi. Og’riqlar butun qorin bo’ylab yoki kindik atrofida boshlanib, keyin o’ng yonbosh sohasiga o’tishi mumkin. Taxminan 30-35% bemorlarda og’riq epigastral sohasida boshlanib, 4-6 soat o’tgach, o’ng yonbosh sohasiga o’tadi (Koxer-Volkovich simptomi). O’tkir appenditsitda odatda og’riq doimiy, ba’zan esa tutib-tutib og’riydi, og’riq unchalik qattiq bo’lmaydi. Og’riqlar intensivligi yallig’lanish jarayonining tarqalganligiga bog’liq bo’lmaydi. Og’riq, birdaniga o’ng yonbosh sohasida boshlanib, so’ng qorinning turli sohalariga tarqalishi mumkin. Bu holat ko’pincha, chuvalchangsimon o’simtaning qaerga joylashganligiga bog’liq bo’ladi. Chuvalchangsimon o’simtaning retrotsekal joylashishida og’riqlar bel, tashqi jinsiy a’zolar sohasiga uzatilib, buyrak sanchig’i klinikasini beradi. Chuvalchangsimon o’simta yuqori joylashishida, xoletsistit yoki pankreatit belgilarining ba’zilari kuzatiladi.
O’tkir appenditsit kasalligining differentsial diagnostikasida barcha kasalliklarni 5 guruhga bo’linadi:
- Qorin bo’shlig’i a’zolarining o’tkir kasalliklari bilan: me’da va o’n ikki barmoqli ichak yara kasalligi xuruji yoki asoratlari; o’tkir xoletsistitning ba’zi turlari, o’tkir pankreatit, o’tkir enterit, terminal ileit (Kron kasalligi), kolit, gastrit, o’tkir ichak tutilishi, o’tkir toksikoinfektsiyalar, tifoparatifoz infektsiya, Mekkel divertikulining yallig’lanishi, gemorragik kapillyarotoksikoz (ShenleynGenox kasalligi) va boshqalar.
- Kichik chanoq bo’shlig’i a’zolari kasalliklari bilan: ayollar jinsiy a’zolarining o’tkir, xuruj qilgan surunkali yallig’lanishlari va asoratlari, bachadondan tashqari homiladorlik, ayollar jinsiy a’zolarining xavfsiz va xavfli o’smalari va boshqalar.
- Qorin orti qismida joylashgan a’zolar kasalliklari bilan: buyrak sanchig’i, o’tkir va surunkali pielonefrit, siydik-tosh kasalligi, tsistit, o’tkir, surunkali glomerulonefrit va boshqalar.
- Plevra bo’shlig’i a’zolari kasalliklari bilan: o’ng tomonlama eksudativ plevrit va pnevmoniyaning ba’zi turlari, o’pka tuberkulezi va boshqalar.
- Yurak va qon tomir kasalliklari bilan: yurak miokardi infarktining abdominal turi va boshqalar.
Jarrohlik amaliyotiga (operatsiya) o’tkir appenditsit diagnozini qo’yish ko’rsatma bo’lib hisoblanadi, appendektomiya operatsiyasi shoshilinch tartibda o’tkaziladi. O’tkir appenditsitning asorati – appendikulyar infiltrat birdan-bir monelik qiladigan hol hisoblanadi, ya’ni operatsiya qilinmay, muolaja qilinadi. O’tkir appenditsitning asoratlanmagan turlarini operatsiya qilishda odatda mahalliy og’riqsizlantirishdan (A.V. Vishnevskiy usuli bo’yicha infiltratsion anesteziya), asoratlangan turlarida esa miorelaksantlar yordamida umumiy endoraxeal narkoz yoki og’riqsizlantirishning vena orqali yoki boshqa turlaridan foydalaniladi.
Appendikulyar infiltrat (chegaralangan peritonit) – ingichka ichak qovuzloqlari, katta charvi, yo’g’on ichakning bir-biri va parietal qorin pardasi bilan qo’shilib ketgan birgalikdagi yallig’lanishi bo’lib, uning markazini yallig’langan chuvalchangsimon o’simta va atrofida yig’ilgan ekssudat tashkil etadi. Uning vujudga kelishi negizida, inson organizmining qorin bo’shlig’ida joylashgan biror-bir a’zosida yallig’lanish jarayoni paydo bo’lsa uni chegaralash yoki cheklash maqsadida, unga boshqa a’zolarning kelib yopishishi yotadi.
Appendikulyar abstsess – appendikulyar infiltratda yallig’lanish jarayonining yiringlashga o’tishi bilan izohlanadi. Bunda, appendikulyar infiltratni konservativ davolashga qaramay, bemor ahvol yomonlashadi, tana harorati, ayniqsa kechqurunlari yuqori bo’ladi. Infiltrat sohasidagi og’riq kuchayadi, paypaslaganda u yumshoqroq holga o’tadi, uning chegaralarida noaniqlik paydo bo’ladi. Qon tahlilida leykotsitoz ortishi qayd etiladi. Bunda yiringlikni (abstsess), iloji boricha qorin bo’shlig’iga tarqatmasdan, tashqariga ochish va uni drenajlash zarur bo’ladi.
O’tkir appenditsitning eng xavfli asorati tarqalgan yiringli peritonit hisoblanadi, u gangrenoz-perforativ appenditsitda yoki appendikulyar abstsessning qorin bo’shlig’iga yorilganida kelib chiqishi mumkin. Bu holatda, qorindagi og’riq tarqalgan xususiyatga ega bo’lib, qorin nafas olish jarayonida faol ishtirok etmay qo’yadi.
Pileflebit – qopqa venasi tarmoqlarining yiringli tromboflebiti bo’lib, jigar abstsesslari, sepsis rivojlanishiga olib keladi. Bemorlarning ahvoli bu asorat yuzaga kelganda g’oyat darajada og’ir, intoksikatsiya kuchaygan bo’ladi. Tana harorati juda yuqori va gektik xususiyatga ega bo’ladi. Jigar gepatotsitlarining zararlanishi oqibatida jigarning kattalashishi, ba’zi hollarda sariqlikning paydo bo’lishi yuzaga keladi. Bemor ahvoli jigar etishmovchiligining rivojlanishi hisobiga og’irlashadi. Bu asoratlar qo’shilganda o’lim darajasi yuqori bo’ladi va bemorlar asosan jigar-buyrak etishmovchiligidan nobud bo’ladilar.